Uzumchilik uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi

17:48 15 Iyun 2022 Iqtisodiyot
760 0

Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish, uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Manbalarga koʻra, bugungi kunda 90 ming gektardan ortiq maydonda uzum yetishtirilib, sohada 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligi taʼminlangan. Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlari uzumchilikda maydon jihatidan yetakchi hududlar hisoblanadi.

Jahon bozorida xoʻraki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi oʻrinda boʻlib, har yili unga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda.

Xususan, mazkur sohani yanada rivojlantirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi 327-son qarori bilan tasdiqlangan Uzum koʻchatlarini shpalerga (yogʻoch va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) koʻtarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilindi.

Mazkur Nizom bilan Uzumchilik sohasi uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi.

Nizomga asosan, subsidiya:

– xoʻraki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Bogʻdorchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan;

– sanoatbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi.

Subsidiya barpo qilingan tokzorlarda uzum koʻchatlarini koʻtarish maqsadida shpalerni oʻrnatish (qurish) ishlari yakunlangandan soʻng faqat bir marotaba, bir dona shpaler uchun 15 ming soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorini qoplash uchun ajratiladi.

Talabgor subsidiya olish uchun shpalerni oʻrnatish (qurish) ishlari yakunlangandan soʻng xulosa olish uchun tuman ishchi guruhiga arizani yozma yoki elektron shaklda yuboradi.

Oʻrganish natijasi yuzasidan 1 kunda ijobiy yoki salbiy xulosa beriladi.

Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan subsidiya predmetidan maqsadli foydalanilmayotgan yoki yaroqsiz holdaligi aniqlansa, bunday holatlar videotexnika vositalari orqali yozib olinib, 2 kun muddatda tuman ishchi guruhiga taqdim qilinishi mumkin.

Xabar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda tegishli Agentlik tomonidan ragʻbatlantiriladi. Ragʻbatlantirish talabgordan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi (har bir vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining
20 foizi, biroq 300 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori) qoplab beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?