Uzumchilik uchun subsidiya berishning yana bir turi belgilandi

18:08 13 Iyun 2022 Iqtisodiyot
480 0

Foto: Illustrativ foto

Hukumat qarori (327-son, 10.06.2022-y.) bilan Uzum koʻchatlarini shpalerga (yogʻoch va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) koʻtarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga asosan, subsidiya:

— xoʻraki va kishmishbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Bogʻdorchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan;

— sanoatbop tokzorlarni barpo etgan talabgorga – Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi.

Subsidiya barpo qilingan tokzorlarda uzum koʻchatlarini koʻtarish maqsadida shpalerni oʻrnatish (qurish) ishlari yakunlangandan soʻng faqat bir marotaba, bir dona shpaler uchun 15 ming soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorini qoplash uchun ajratiladi.

Talabgor subsidiya olish uchun shpalerni oʻrnatish (qurish) ishlari yakunlangandan soʻng xulosa olish uchun tuman ishchi guruhiga arizani yozma yoki elektron shaklda yuboradi.

Oʻrganish natijasi yuzasidan 1 kunda ijobiy yoki salbiy xulosa beriladi.

Tegishli Agentliklar tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimlari bilan birgalikda 5 yil mobaynida shartnomada koʻrsatilgan parametrlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi.

Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan subsidiya predmetidan maqsadli foydalanilmayotgan yoki yaroqsiz holdaligi aniqlansa, bunday holatlar videotexnika vositalari orqali yozib olinib, 2 kun muddatda tuman ishchi guruhiga taqdim qilinishi mumkin.

Xabar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda tegishli Agentlik tomonidan ragʻbatlantiriladi. Ragʻbatlantirish talabgordan undirilgan subsidiyaning 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra, vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismi (har bir vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, biroq 300 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori) qoplab beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?