Uzumchilik yoʻnalishida butun salohiyatimizni toʻliq ishga solishimiz zarur

17:02 08 Iyul 2021 Iqtisodiyot
283 0

Keyingi yillarda agrar sohaning boshqa yoʻnalishlari kabi yurtimizda uzumchilik ham yaxshi rivojlandi. Yangi tokzorlar barpo qilindi, daraxtlarga ishlov berish, sugʻorishda yangi texnologiyalar joriy qilindi. Mazkur tarmoqqa masʼul yangi idoralar, muassasalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 900 ming yurtdoshimiz uzumchilikda doimiy va mavsumiy ish bilan bandligi ham bu yoʻnalish koʻlamidan darak bermoqda. Shunga yarasha salmoqli muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilyapti, hosildorlik tobora ortib boryapti. Biroq yutuqlarga mahliyo boʻlib qolish, xotirjamlikka berilish yaramaydi. Ayniqsa, uzumchilikda bor imkoniyatlardan toʻla foydalanilyapti, deb boʻlmaydi.

Kecha Prezidentimiz raisligida uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Qayd etilganidek, oʻtkazilgan tahlillar bu sohaga katta eʼtibor qaratish, koʻplab masalalarni hal etish zarurligini koʻrsatmoqda. Chunonchi, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni soʻnggi toʻrt yilda 7 ming gektarga kamaygan. Tarmoqda seleksiya ishlari deyarli yoʻq, haligacha 40-50 yil avval yaratilgan uzum navlari ekilyapti. Koʻchat yetishtirish ilmiga va texnologiyasiga amal qilinmaydi, koʻchat kasalliklari bilan olimlar ham, ishlab chiqaruvchilar ham shugʻullanmaydi. Shu bois hosildorlik ham pasayib, kasallik esa kun sayin koʻpayib bormoqda.

Yigʻilishda uzumchilikni jadal rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan asosiy muammolar birma-bir tilga olindi va ularni hal qilishga qaratilgan vazifalar belgilandi.

Jumladan, togʻoldi tumanlarida yirik uzumchilik plantatsiyalarini tashkil etiladi. Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari barpo qilinadi. Ilmiy muassasalar tasarrufidagi yerlarda sertifikatlangan uzum koʻchatlari yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning toʻliq siklini yaratish uchun vinochilik klasterlari bunyod etiladi.

Majlisda, shuningdek, mazkur tarmoqni rivojlantirish bilan bogʻliq ishlarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish boʻyicha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi.

Muxtasar aytganda, uzumchilik tarmogʻiga jiddiy eʼtibor qaratilib, tizimli isloh qilinayotgani yurtimiz aholisining ushbu mahsulotga boʻlgan ehtiyojini qondirish bilan birga, qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishda oʻziga xos omil boʻladi.

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?