Uzoq umr koʻrishning eng kamchiqim yoʻli

17:13 30 Noyabr 2020 Sport
546 0

— Ishonasizmi, mahallamizdagi savdo doʻkoniga ham piyoda borishga erinib, mashinada borib kelaman, — deydi ortiqcha vazn tufayli bir necha kasalliklar orttirgan hamkasblardan biri qiynalib nafas olganicha. — Agar imkoni boʻlsa, uyimizdagi hojatxonaga ham mashinada borsam deyman...

— Uyda yoki choyxonada yonboshlab yotib ovqatlanish jonu dilim, — deydi unga boshqa bir hamkasb. — Oʻtirib ovqatlansam xuddi rohatlanish toʻliq boʻlmayotgandek boʻlaveradi...

Bugungi dorilamon kunlar jismoniy faollik, sogʻlom turmush tarziga qatʼiy amal qilish borasida hamyurtlarimizni ancha ayyor va kamharakat qilib qoʻygani ayni haqiqat.

Bunday kasalliklarga qarshi immunitetni mustahkamlovchi eng muhim omil – sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faol va serharakat boʻlishda ekanligi barchamizga yaxshi maʼlum.

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda Fargʻona viloyatida sport bilan ommaviy ravishda shugʻullanayotganlar 436 ming nafarni tashkil etib, bu umumiy aholining atigi 7,1 foiziga teng, xolos. Hozirda viloyat aholisining 233 ming nafari yurak-qon tomir, 55 ming nafari nafas yoʻllari yalligʻlanishi, 4 mingdan ortigʻi ortiqcha vazn kasalliklaridan qiynalmoqda. Viloyat aholisining 41 foizida qondagi xolesterin miqdori ortgan.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilarining maʼlum qilishicha, oʻrganishlar natijasida 171 ta davlat idoralari, 48 ta korxona-tashkilotlarda sport bilan shugʻullanish uchun umuman sharoit yaratilmagani aniqlandi. Viloyatning 12 ta markaziy koʻchalari, 500 ta mahalla, 93 ta qishloq, 2 ta madaniyat va istirohat bogʻida piyoda, velosipedda yurish uchun maxsus yoʻlaklar, ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari bilan shugʻullanishga sport maydonchalari yoʻq.

Ayni paytda Fargʻona viloyatining tuman markazlari va shaharlarda piyoda, velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari” hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga “Toʻsiqsiz muhit” yaratish muhim vazifa sifatida belgilangan. Shuningdek, 125 ta sport zallari, 9 ta sport inshooti va 268 ta sport maydonchalarini qurish va taʼmirlash ishlarini 2021-yildan boshlab bosqichma-bosqich rivojlantirish dasturiga kiritish rejalashtirilmoqda.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?