Uzoq kutilgan tinchlik yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish — muhim vazifa

12:22 14 Noyabr 2020 Siyosat
276 0

Oʻzbekiston rahbarining tashabbuslari SHHTning afgʻon siyosatida yangi sahifa ochmoqda

Maʼlumki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “SHHT-Afgʻoniston” muloqoti guruhi doirasida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish toʻgʻrisida taklif bildirdi. Bu Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining Afgʻonistonda uzoq kutilgan tinchlikka erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini yana-da jipslashtirishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshni davlatda uzoq muddatli va barqaror tinchlik erishilishiga sodiq ekanligini yana bir bor tasdiqlashi barobarida Afgʻonistonga nisbatan qatʼiy doʻstlik siyosatining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Oʻzbekiston hamisha Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishda Shanxay hamkorlik tashkiloti muhim rol oʻynashi tarafdori boʻlib kelgan. Zero, SHHT keng makonidagi xavfsizlik va iqtisodiy yuksalish ushbu jafokash afgʻon zamini tinchligi va barqarorligi bilan bevosita bogʻliq ekanligiga davlatimizning ishonchi komil.

Binobarin, 2004-yildayoq Oʻzbekiston SHHT mamlakatlariga rais sifatida Afgʻonistonning sobiq prezidenti H.Karzayni Toshkentdagi sammitga taklif etgandi. Oʻshandan buyon SHHTning birorta sammiti 2012-yilda kuzatuvchi davlat maqomini olgan Afgʻoniston Islom Respublikasi rahbarlari ishtirokisiz oʻtmayapti.

2005-yil noyabr oyida Pekinda rasmiylashtirilgan “SHHT-Afgʻoniston” muloqoti guruhini tuzish toʻgʻrisidagi tashabbus 2004-yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan SHHT davlatlari rahbarlari sammitida ilgari surilgani ham ramziy maʼnoga ega.

“SHHT-Afgʻoniston” muloqoti guruhining tashkil etilishi Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan qoʻshni davlatdagi mavjud harbiy-siyosiy vaziyat, uning mintaqaviy xavfsizlikka taʼsiri, SHHT mamlakatlarining Afgʻonistonda tinchlik, xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiy tiklanishga koʻmaklashishi, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari boʻyicha aniq konsultativ(maslahat) muloqotni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi.

Oʻzaro aloqalarning bunday formati sharofati bilan aʼzo davlatlar Afgʻonistondan kelib chiqayotgan xatar va tahdidlarni toʻxtatish, ularning tashkilot makonida tarqalishining oldini olish boʻyicha hamkorlikni samarali muvofiqlashtirib kelyapti.

Muloqot guruhi doirasidagi muntazam dialog(muloqot) SHHT maydonida Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishning asosiy tamoyillari boʻyicha mintaqaviy murosaga kelishga turtki berdi. Bu oʻz navbatida Afgʻoniston Islom Respublikasida tinchlikni tiklashga nisbatan xalqaro hamjamiyatda umumiy yondashuvlarni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

SHHT doirasidagi mazkur murosa(konsensus) 2019-yil iyun oyida Bishkekda qabul qilingan “SHHT-Afgʻoniston” muloqoti guruhi “yoʻl xaritasi”da ham mustahkamlab qoʻyildi. Zero, shu asosda aʼzo davlatlar Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishga oid asosiy tamoyillarga sodiq ekanliklarini maʼlum qilishdi. Unda mojaroni siyosiy muloqot yoʻli bilan hal etishning muqobili yoʻqligi va afgʻonlarning oʻzlari boshchiligida inklyuziv tinchlik jarayonini amalga oshirishlari, shuningdek, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, butun mintaqa xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun Afgʻonistonda iqtisodiyotni tiklash muhimligi eʼtirof etildi.

“Yoʻl xaritasi” SHHTga aʼzo davlatlarning Afgʻoniston hukumati va xalqining mamlakatda tinchlik, xavfsizlik, madaniy-gumanitar rivojlanish va iqtisodiy tiklanishni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklari mustahkamlangan siyosiy hujjatga aylandi.

Aynan shuning uchun ham Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash boʻyicha qabul qilingan Reja SHHTning afgʻon siyosatida, shubhasiz, yangi sahifa ochadi va muloqot guruhi “yoʻl xaritasi” bajarilishini amaliy bosqichga olib chiqadi.

Birinchidan, SHHT doirasida ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirish yoʻli bilan Afgʻonistonga osoyishta iqtisodiyotni tiklash boʻyicha yordam berish borasidagi saʼy-harakatlar birlashtiriladi. Bu esa mazkur mamlakatda uzoq muddatli va barqaror tinchlikka erishish, afgʻon mojarosini tinch yoʻl bilan hal etish jarayonining ijtimoiy-iqtisodiy poydevorini yaratishga xizmat qiladi. Oʻz navbatida aholi uchun muqobil daromad manbalari, Afgʻoniston fuqarolarining bunyodkorlik va tinch hayotga oʻtishlari uchun zarur ragʻbatlar yaratiladi.

Ikkinchidan, Afgʻonistonni iqtisodiy rivojlanishini birlashgan holda mintaqaviy qoʻllab-quvvatlash mamlakat hukumatining aholi oldidagi oʻz ijtimoiy majburiyatlarini bajarish boʻyicha layoqatliligini saqlab qolish, fuqarolarning barqarorlik va xavfsizlikka boʻlgan eng zarur ehtiyojlarini qondirish, mojarodan keyingi davrda ham tinch yoʻl bilan taraqqiy topishni taʼminlashning muhim shartiga aylanadi. Yuksalib boradigan afgʻon iqtisodiyotini yaratish qonun ustuvorligi, inson huquqlarini taʼminlash, demokratik institutlar, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish sohasida 19 yil oldin boshlangan islohotlarni davom ettirish kafolatiga aylanadi.

Uchinchidan, SHHT doirasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish ham Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, ham ushbu mamlakatning Yevroosiyo hududidagi oʻzaro aloqalarni taʼminlashning asosiy boʻgʻini sifatidagi rolini tiklashga xizmat qiladi. Bu oʻz navbatida SHHT makonida Afgʻonistonda tez orada tinchlikka erishish boʻyicha murosani yana-da mustahkamlashga turtki beradi. Bundan tashqari, rejaning samarali amalga oshirilishi AIRni hamkorlik va imkoniyatlar maydoniga aylantirgan holda koʻp tomonlama hamkorlikning namunali modeliga aylanishi mumkin.

Boz ustiga, Oʻzbekiston yetakchisining tashabbusi SHHTning afgʻon masalasini amaliy hal etishdagi muhim rolini mustahkamlash uchun imkoniyat yaratadi. Bugungi kunda Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish va iqtisodiyotni tiklash boʻyicha koʻplab turli maydonlar va formatlar mavjud. Biroq ularning salohiyati obyektiv va subyektiv sabablar tufayli toʻliq hajmda ishga solinmayapti.

Shundan kelib chiqilsa, SHHT afgʻon muammosi hal etilishidan manfaatdor boʻlgan deyarli barcha mamlakatlar uyushgan noyob tuzilma hisoblanadi. Bular Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston(toʻla huquqli aʼzolar), Eron(kuzatuvchi), Turkiya(muloqot boʻyicha sherik)dir.

SHHT salohiyati Afgʻonistonda tinch iqtisodiyotni tiklash, mamlakatda uzoq muddatli va barqaror tinchlikka erishishga salmoqli hissa qoʻshish uchun yetarlidir. Bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlarning umumiy YAIM dunyo yalpi ichki mahsuloti tarkibida 22,5 foiz(18,4 trillion dollar)ni tashkil etmoqda. 2030-yilga kelib mazkur koʻrsatkich 40 foizga yetishi kutilyapti. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyalari darajasi boʻyicha birinchi yigirmatalikdan Xitoy(ikkinchi oʻrin — 203,4 milliard dollar) va Hindiston(15-oʻrin —41,2 milliard dollar) kabi aʼzo mamlakatlar joy olgan.

Bunga uygʻun tarzda SHHT davlatlari afgʻon xalqining tinchlik va yuksalishga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. Xususan, ular Afgʻonistonning asosiy savdo hamkorlari qatoridan joy olgan. Savdo hajmi 2019-yilda AIRning xorij davlatlari bilan umumiy savdo aylanmasida 54 foiz(olti milliard dollar)ni tashkil etgani ham buning tasdigʻidir. Agar Afgʻonistonning SHHTning boshqa ishtirokchilari — kuzatuvchi Eron(2,5 milliard dollar) va muloqot boʻyicha sherik Turkiya(150 million dollar) bilan savdosi inobatga olinsa, u holda koʻrsatkich 82,7 foizga yetadi. Qolaversa, SHHT maydoni afgʻon mahsulotlari sotiladigan asosiy bozor hisoblanadi. 2019-yilda tashkilot ishtirokchilarining afgʻon tovarlari eksporti hajmidagi ulushi 94,5 foiz(688 million dollar)ni tashkil qildi.

SHHT mamlakatlari AIRda elektrga boʻlgan 80 foiz va isteʼmol bugʻdoyi hamda unga boʻlgan 20 foizdan ortiq ehtiyojini qondirgan holda energetika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda katta yordam koʻrsatayotganliklari alohida eʼtiborga loyiq.

Umuman olganda, Oʻzbekistonning AIR ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi boʻyicha Rejani qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi uning asosiy vazifalariga toʻla mos keladi. Zero, unda oʻzaro hamkorlikda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash va qoʻllab-quvvatlash, ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, ularning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy sohalardagi samarali hamkorlikka koʻmaklashishi nazarda tutilgan. Shanxay hamkorlik tashkilotining Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda faol qatnashishi SHHTning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshayotgan masʼuliyatli koʻp qirrali tuzilma sifatidagi salohiyatini mustahkamlaydi hamda maqomini oshiradi.

Akramjon NEʼMATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?