“Uzbekistan GTL” zavodida Oʻzbekiston tarixida birinchi sintetik neft ishlab chiqarilishi boshlandi

20:18 19 Iyun 2022 Iqtisodiyot
607 0

Joriy yilning 15-iyun kuni soat 9:14da Uzbekistan GTL zavodida Oʻzbekiston tarixida birinchi sintetik neft ishlab chiqarilishi boshlandi. Mazkur voqea respublikaning zamonaviy neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoatini rivojida yangi texnologik bosqichi hisoblanadi hamda ushbu kun Oʻzbekistonda ilk bor sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishi yoʻlga qoʻyilganligiga ramziy manoda tarixiy kuni hisoblanadi.

2022-yil 14-iyun kuni GTL zavodida sintez-gaz ishlab chiqarilishi toʻlaqonli yoʻlga qoʻyildi. 14-iyundan 15-iyunga oʻtar kechasi ishlab chiqarilgan sintez-gaz birinchi marotaba zavodning yuragi hisoblanmish Fisher-Tropsh reaktorlariga - sintetik suyuqlik ishlab chiqarish qurilmasiga yuborildi. 15-iyun soat 9:14da reaktordagi texnologik jarayonidagi fizik va kimyoviy reaksiyalari natijasida sintetik neft hosil boʻlgani qayd etildi va laboratoriya sinovlari orqali tasdiqlandi. Hozirda sintetik neft oraliq mahsulotni saqlash rezervuariga yuborilmoqda.

Zavodning asosiy ishga tushirish ishlari, shu jumladan 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ishlashini taʼminlash, shuningdek, ularni toʻliq nazorat qilish va boshqarish “Uzbekistan GTL” zavodining muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda, xorijiy mutaxassislarning toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirokisiz, amalga oshirilmoqda.

“Uzbekistan GTL” zavodi Yangi Oʻzbekistonning neft-kimyo sanoati tarixida sintetik neftning birinchi partiyasini ishlab chiqardi.

Hosil boʻlgan sintetik neft GTL zavodida sintetik dizel, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gazni ishlab chiqarish uchun asosiy xom ashyo hisoblanadi.

Hozirda ishlab chiqarilayotgan sintetik neft zavodning oraliq mahsulotni saqlash rezervuarlarida toʻplanmoqda va tez kunlarda qayta ishlash orqali yuqori sifatli boʻlgan, ekologik toza sintetik suyuq yoqilgʻi mahsulotlari shu jumladan GTL dizel, kerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi boshlanadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar birinchi navbatda ichki bozor ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasining savdo platformalari orqali sotilishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?