Uzbekistan Airways masʼullari buxorolik tadbirkorlar bilan uchrashdi

14:34 08 Avgust 2022 Jamiyat
262 0

Illustrativ foto

Xizmat koʻrsatish sohasini avtomobil, temir yoʻllar qatorida havo yoʻllarisiz tasavvur etish mushkul. Tizim rivoji esa koʻp jihatdan shu soha xizmatidan foydalanib kelayotgan yoki foydalanish niyatida boʻlgan oddiy insonlar, tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, takliflarini oʻrganishga bogʻliq. Ana shuni inobatga olgan Uzbekistan Airways masʼul xodimlari tomonidan Buxoro shahrida tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, pandemiyadan soʻng xalqaro va ichki parvozlar geografiyasini kengaytirish, aviapark imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ayni damda Toshkent-Buxoro-Toshkent yoʻnalishida haftasiga 8 ta reys amalga oshirilmoqda. Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida chipta narxlari 30 foizga pasaygan. Buxorodan Moskva, Sankt-Peterburg va Istanbul shaharlariga reyslar qoʻyildi.

Oʻz navbatida buxorolik tadbirkorlar mahsulotni havo yoʻllari orqali eksport qilish borasida qanday imtiyozlar borligi, yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, chipta narxlarini arzonlashtirish, kassirlar malakasini oshirish kabi masalalar yuzasidan masʼullarga murojaat qildi.

— Turkiyaning Istanbul shahriga Buxorodan toʻgʻridan-toʻgʻri reys qoʻyilgani ayni muddao boʻldi, — deydi yoʻlovchilarga chipta sotishga ixtisoslashgan “Dilgir servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati xodimi Shohida Temirova. — Shu bilan birga bizga Buxoro-Vladivostok yoʻnalishida ham xalqaro reys qoʻyish borasida aholi, ayniqsa, tadbirkorlardan koʻplab murojaatlar kelib tushyapti.

Bu bejiz emas. Mazkur yoʻnalishda toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarning yoʻqligi yoʻlovchilarga noqulayliklar tugʻdiryapti, ularni ortiqcha sarf- xarajatga qoʻymoqda. Yana bir gap. Ichki turizm, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirish borasida Buxoro joʻgʻrofiy jihatdan qulay manzil sanaladi. Buxoroga havo yoʻllari orqali kelgan mehmon uchun nafaqat bu yerdagi qadamjolarni ziyorat etish, balki Xiva yoki Samarqandni tomosha qilish oʻngʻay hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan Fargʻona vodiysidan Buxoroga toʻgʻridan- toʻgʻri reys qoʻyish foydadan holi emas.

Sayyor uchrashuvda Uzbekistan Airways vakillari mazkur takliflar atroflicha oʻrganib chiqilishini va bunday muloqotlar marketing ishlarini olib borish, xizmat sifatini oshirish va qamrovini kengaytirishda qoʻl kelishini qayd etdilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер