“Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports”ni transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi

21:39 19 Aprel 2021 Jamiyat
1570 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-aprel kuni “Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-noyabrdagi farmoniga muvofiq, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi negizida ikkita – “Uzbekistan airways” hamda “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlari tuzilgan edi. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlar qatorida mazkur kompaniyalar ham transformatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq iqtisodiy qiyin vaziyat aviatsiya tarmogʻini takomillashtirishni talab etmoqda.

Yurtimiz aviakompaniyalarini transformatsiya qilishda asosiy eʼtibor iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Masalan, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati xarajatlarini 46,5 million dollarga qisqartirish hisob-kitob qilingan. Buning uchun kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlarda ish oʻrinlarini optimallashtirish, foydalanilmayotgan 12 ta samolyotni tasarrufdan chiqarish, aviachiptalarni xorijda sotish boʻyicha agentlar komissiyasi foizini tushirish moʻljallanmoqda.

Shuningdek, daromadlarni yiliga 40 million dollarga koʻpaytirish maqsad qilingan. Buning uchun talab yuqori boʻlgan shaharlarga charter parvozlarni va yangi yoʻnalishlar boʻyicha kargo tashuvlarini amalga oshirish, barcha mahalliy reyslarga onlayn roʻyxatdan oʻtish va joylarni tanlash imkoniyatini joriy etish koʻzda tutilmoqda.

Yangi biznes strategiyasiga koʻra, qatnovlar gibrid usulga oʻtkazilib, toʻliq xizmatlar va byudjet xizmatlar modeli boʻyicha amalga oshiriladi. Talab kam boʻlgan yoʻnalishlarda biznes klass bekor qilinib, oʻrindiqlar soni koʻpaytiriladi.

Shu yil uchinchi chorakdan boshlab 4 ta A-320 samolyotida loukoster, yaʼni arzon qatnovlar tashkil etish moʻljallangan. Uzoq masofali yoʻnalishlarni rivojlantirish uchun 3 ta A321 NEO LR “havo kemasi”ni lizingga olish, mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 17 tadan 49 tagacha oshirish rejalashtirilgan.

Yoʻlovchilar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida sohani raqamlashtirish, jumladan, “Aerolabs” onlayn xizmatlar koʻrsatish tizimini hamda mijozlar bilan ishlashni boshqarish uchun CRM kompleksini tatbiq etish koʻzda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmatlar qulayligi va sifatini oshirish orqali aholini aviaqatnovlarga koʻproq jalb etish zarurligini taʼkidladi.

“Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyati samaradorligini oshirish boʻyicha ham qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Bugungi kunda ushbu jamiyat tarkibida 11 ta aeroport bor va ularning har biri mustaqil faoliyat yuritmoqda.

Taqdimotga koʻra, mazkur aeroportlarni yagona boshqaruv organi tasarrufida birlashtirish taklif qilinmoqda. Moliyaviy barqarorlikni oshirish maqsadida, xalqaro tajriba asosida, xarajatlarni 32 foizdan 15 foizga tushirish, xaridlarni optimallashtrish, aeroport xizmatlari uchun yigʻimlarni 27 foizga, jumladan, ziyorat turizmi doirasida 50 foizgacha kamaytirish moʻljallanmoqda.

Daromadlarni koʻpaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, Toshkent xalqaro aeroportida yuk terminalini barpo etib, Yevropa va Sharqiy Osiyo oʻrtasida tranzit hajmini oshirish, aerovokzal maydonlarini kengaytirish orqali savdo va xizmatlar tushumini koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻlovchi va yuk tashish hajmini har yili oshirib borish, hududlardagi aeroportlarda ketring va boshqa xizmatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?