“Uzbekistan Airways” aviachiptalari narxi 36 foizdan 148 foizgacha qimmat qilib belgilangan — senator

11:52 12 Iyun 2021 Jamiyat
545 0

Bu haqda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbitdin Burxanov toʻxtalib oʻtdi.

"Joriy yilning 16-aprel sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati rasmiy saytida “Aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisiga senator soʻrovi yuborildi” sarlavhasi bilan xabar keng ommaga eʼlon qilingan edi.

Mazkur xabarda yurtimizda aviachiptalar narxlari haddan ziyod qimmatligi va unga nisbatan aholi tomonidan bildirilgan salbiy munosabatlar boʻyicha soʻz borgan. Bu holatni keng tahlil etish, aviachiptalar narxlarining qimmatlashiga sabab boʻlgan asosiy omillarni oʻrganish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga Senator soʻrovi yuborilgani aytib oʻtilgan.

Senator soʻroviga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining aviachiptalar va aviatashish xizmatlari holati oʻrganildi va bu borada quyidagilar maʼlum qilinadi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, aviakassalarda “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda mavjud barcha tariflar haqidagi maʼlumotlar isteʼmolchilarga toʻliq yetkazilmagan.

Shuningdek, “Uzbekistan airways” AJ tomonidan Toshkent-Moskva bir tomonlama yoʻnalishda chiptalar “bagajsiz ekonom” sinfida 131 yevrodan 211 yevrogacha, “ekonom” sinfida 145 yevrodan 335 yevrogacha, “biznes” sinfida 642 yevrodan 862 yevrogacha etib belgilangan boʻlsada, aviakompaniya tomonidan arzon narxlardagi aviachiptalar sotuvga chiqarilmagan.

Bundan tashqari, oʻrganishlar davomida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan mahalliy yoʻnalishlar uchun belgilangan narxlar boshqa davlatlardagi narxlardan qimmatligi, xususan, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan belgilangan narxlar xorijiy aviakompaniyalarning narxlaridan oʻrtacha 36 foizdan 148 foizgacha yuqori ekanligi maʼlum boʻldi.

Shu oʻrinda aniq misollarga toʻxtaladigan boʻlsak, Toshkent-Urganch (uchish vaqti 1 soat 15 minut) yoʻnalish boʻyicha “bagajsiz ekonom” sinfidagi chipta narxi oʻrtacha 41 yevro etib belgilangan. Huddi shu xizmat Rossiya Federatsiyasida (Sankt-Peterburg-Moskva – yoʻnalishi 1 soat 30 minut) oʻrtacha 27 yevroni tashkil etadi. Bundan koʻrish mumkinki, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan parvoz uchun belgilangan narx 56 foizga qimmat. “Uzbekistan Airways” AJning ushbu yoʻnalish boʻyicha “Ekonom” sinfidagi aviachipta narxi Qozogʻiston Respublikasidagi aviakompaniyadagi narxlardan 40 foizga, Turkiyadagi aviakompaniya narxlaridan esa 146 foiz qimmat ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, Turkiya davlatidagi ichki yoʻnalishlari boʻyicha “ekonom” sinfidagi tariflar Oʻzbekistonda qoʻllanilayotgan ichki “bagajsiz ekonom” tariflaridan oʻrtacha 42 foizga arzon ekanligi aniqlandi.

Bu kabi aviatashish xizmatlari bozorida qimmat narxlarni ushlab turish sabablaridan biri raqobat muhiti rivojlanmaganligi deyish mumkin. Chunki, aviakompaniyalar soni qanchalik kam boʻlsa isteʼmolchilarga bildiriladigan takliflar koʻlami kamayib, isteʼmolchilarda aviachiptalarga boʻlgan talab (ehtiyoj) ortadi. Tabiiyki buning natijasida erkin raqobat muhiti buzilishiga olib keladi. Bu esa bozor iqtisodiyotidagi talab va taklif qonuniyatini buzadi.

Misol sifatida ,Toshkent – Olmaota yoʻnalishi boʻyicha haftasiga 7-marta muntazam reyslar mavjudligiga qaramay faqat 2 ta aviatashuvchi (“Uzbekistan Airways” va “Air Astana”), Toshkent – Moskva yoʻnalishida ham 2 ta aviakompaniya (“Uzbekistan Airways” va “Aeroflot”) toʻgʻridan – toʻgʻir parvozlarni amalga oshirishini aytib oʻtishimiz mumkin.

Shuningdek, mazkur yoʻnalishlarda raqobatning rivojlanmaganligi, aviatashuvchi kompaniyalar oʻrtasida kelishib qilinadigan harakatlarni sodir etishga zamin yaratadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va kelgusida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga bir qator takliflar yubordi. Bildirilgan takliflarning ijro etilishi Senatning Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi tomonidan nazoratga olindi", deb yozadi senator.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?