“Uzbekistan Airports” ogohlantirish bilan chiqdi

00:50 15 Yanvar 2021 Jamiyat
627 0

“Uzbekistan Airports” AJ Axborot xizmati karantin qoidalari yuzasidan ogohlantirish bilan chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Maxsus komissiyasi bayoniga muvofiq, 2020-yil 25-dekabrdan eʼtiboran yurtimizga koronavirus va yangi shtammi kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish maqsadida koronavirus infeksiyasi antigenini aniqlash uchun xorijdan mamlakatimizga kelayotgan shaxslardan ekspress test olish majburiy tartibda amalga oshirilmoqda.

Yurtdoshlarimizga maxsus komissiya koʻrsatmasi boʻyicha aeroportdan uchib ketish vaqtida PZR testi, Oʻzbekistonga uchib kelganda esa antigen ekspress testini olish tartibi oʻrnatilganini maʼlum qilamiz.

Yoʻlovchilarda PZR testining manfiy natijasi toʻgʻrisidagi tahlil natijalari mavjudligidan qatʼiy nazar, ular oʻz hisobidan xalqaro aeroportlarimizning chegara punkti hududida ekspress test topshirishlari zarur.

Toshkent xalqaro aeroportida ham ekspress test olish jarayonlari “Tibbiyot dunyosi” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ekspress test narxlari mazkur tashkilot oʻrnatgan taʼriflarga binoan 2020-yil 25-28-dekabrga qadar 150 ming soʻm, 28-dekabrdan boshlab 95 ming soʻm, talabalar uchun 50 ming soʻm miqdorida toʻlov belgilangan.

Ekspress testning tahlil natijalari 15 daqiqa mobaynida pasportlarga shtrix kodlarini qoʻyish orqali maʼlum qilinadi.

2020-yil 25-dekabrdan 2021-yil 13-yanvarga qadar Toshkent aeroportida 26 mingdan ziyod yoʻlovchidan antigen ekspress testi olingan. Shu kungacha koronavirus aniqlangan 43 yoʻlovchi shifoxonalarga joylashtirildi.

Koʻp oʻrinli samolyotlarni kutib olishda tirbandlikning oldini olish uchun yoʻlovchilar oqimini terminalning 5 ta joyidagi test olish tibbiyot qismlariga yoʻnaltirish tashkil qilingan.

Fuqarolar parvozdan bir necha kun avval PZR testini topshirish boʻyicha buyurtma berishlari ham mumkin.

Aeroportning birgina uchib kelish zalida 4 ta bankomat va 2 ta valyuta ayirboshlash shaxobchalari mavjud.

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida har 15-20 daqiqada ijtimoiy masofani saqlash va pandemiya qoidalariga amal qilish boʻyicha davomiy ovozli eslatmalar 3 tilda eʼlon qilib boriladi.

Aeroport xodimlari tomonidan fuqarolarning tirbandlikni hosil qilmasliklariga eʼtibor qaratilib, zarur tavsiyalar berib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?