Uzbekistan Airports mamlakat aeroportlarini avtomatlashtirmoqda

17:38 14 Avgust 2022 Jamiyat
696 0

Jadal oʻsib borayotgan yoʻlovchilar oqimi aeroport faoliyatining asosiy jarayonlarini raqamlashtirishni talab qiladi. Biroq, IT infratuzilma yaratmasdan turib ixtisoslashtirilgan tizimlarni joriy etishning iloji yoʻq edi. 

Shu sababli, respublika aeroportlari uchun 500 ta yangi kompyuter, roʻyxatga olish ustunlari uchun 98 ta printer, 160 ta kommutator va kirish shlyuzlari, 2170 ta IP telefonlar, tarmoq uskunalari bilan jihozlangan 4 ta yuqori darajadagi serverlar, litsenziyalangan virusga qarshi va server dasturlari xarid qilindi. Internetga yuqori tezlikda kirish uchun 16 ming km optik tolali simlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, yil davomida aeroportlarda Enterprise toifali korporativ pochta xizmati, IP telefoniya tizimi, fayllarni saqlash va almashish xizmati, uskunalar monitoringi va chop etishni boshqarish tizimi, markazlashtirilgan antivirus tizimi va serverlarda ikki faktorli avtorizatsiya tizimi joriy etildi, aeroportlar oʻrtasida tarmoq infratuzilmasi qurildi va yangi umumiy foydalanish platformasi CUPPS (Common Use Passenger Processing System), aeroportda yoʻlovchilarni roʻyxatga olish va havo kemalarini markazlashtirish boʻyicha yangi tizimlar joriy etildi.

Infratuzilma tayyor boʻlgach “Uzbekistan Airports” mutaxassislari mamlakat xalqaro aeroportlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim IT va dasturiy taʼminot tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishdilar. Ayni paytda aeroportda operatsion maʼlumotlar bazasi AODB (Airport Operational Database) tizimi, aviakompaniyalar bilan slotlarni muvofiqlashtirish va jadvalni yaratish uchun Slot (Slot Management System) tizimi va yoʻlovchilarga maʼlumotlarni vizual yetkazuvchi FIDS (Flight Information Display Systems) tizimi joriy etildi.

AODB tizimi koʻp sonli tashuvlarni, shu jumladan transferlarni xavfsiz va samarali boshqarish imkonini beradi. Har kuni oʻnlab aeroport xizmatlari tizimni maʼlumotlar bilan toʻldirib, barcha aeroportlar uchun yagona maʼlumotlar bazasini shakllantiradi. Unda har kuni havo kemalarining barcha uchish va qoʻnishlari, roʻyxatdan oʻtish va bortga chiqish vaqti, yoʻlovchilar va bagajlar soni, xizmat koʻrsatishda qatnashgan texnikalar toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplanib boradi. 

Ilgari shu kabi maʼlumotlar qogʻoz shaklida — son-sanoqsiz rejalar, jurnallar, papkalar - toʻplangan, inson faktorini hisobga olganda, bir muncha hatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. AODB asosida SLOT va FIDS quyi tizimlari oʻrnatilgan. SLOT-koordinatsiya tizimi avtomatik ravishda parvozlar jadvalini — kelish va joʻnash vaqtlarini yaratadi. FIDS tizimi AODB va SLOT bilan integratsiyalashgan holda yoʻlovchilar uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni aeroport terminallaridagi tablolarda aks ettiradi.

«Oʻzbekiston aeroportlari axborot texnologiyalarisiz raqobatbardosh boʻla olmaydi. Bugungi kunda IT infratuzilmasini yaratmasdan, uning doimiy oʻsishi va rivojlanishisiz yirik yoʻlovchi oqimlarini boshqarishning iloji yoʻq. Bu global aviakompaniyalar uchun ham muhim mezondir. Ular parvoz jadvali qogʻozda yoziladigan aeroportlarga uchmaydi, ular qulay tariflardan tashqari, zamonaviy texnologiyalar taklif eta oladigan aeroportni tanlaydi. 

Ushbu tizim va dasturiy taʼminotlarining joriy etilishi ishlab chiqarish va moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha barcha maʼlumotlarni onlayn tarzda olish imkonini beradi, aeroport daromadlarining shaffofligini oshiradi, xodimlarning ishini sezilarli darajada osonlashtiradi, aeroportlarning koʻplab xizmatlari oʻrtasidagi muvofiqlashtirishni maksimal darajada yaxshilaydi va, albatta, , yoʻlovchilar uchun qulaylik yaratadi, — dedi “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Raʼno Joʻrayeva.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?