“UzAuto Motors” AJ tomonidan 582,6 mlrd soʻmlik yigʻim byudjetga toʻlanmaganligi qonunga zidmi?

Hisob palatasining 2021-yil Byudjet prognozlari boʻyicha tayyorlagan xulosasida qayd etilishicha, “Oʻzavtosanoat” AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020-yil davomida avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim toʻlanmasdan kelinmoqda. Xususan, “UzAuto Motors” AJ tomonidan 2020-yilning yanvar-sentyabr oylarida 582,6 mlrd soʻm yigʻim toʻlanmagan.
Holbuki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 460-moddasida avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim mamlakatning oʻzida ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari sotib olinganda, yigʻim qonun hujjatlarida belgilangan tartibda avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan toʻlanishi belgilangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4397-son qarorining 3-bandiga asosan, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab yurtimizda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanishi qayd etilgan.
Bu esa, koʻpchilik tomonidan “UzAuto Motors” AJ qonunga zid tarzda 3%lik yigʻimni toʻlamay kelgan degan xulosaga kelinishiga yoki shu tarzda talqin qilinishiga sabab boʻlmoqda.
Biroq, Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Byudjeti Toʻgʻrisida”gi qonunning 15-ilovasida yangi avtotransport vositalari boʻyicha undiriladigan yigʻimdan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan avtomobillar mustasno etib belgilangan. Yaʼni “Oʻzavtosanoat” AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari, jumladan “UzAuto Motors” AJga ham 3 foizlik yigʻimni toʻlashdan qonuniy tartibda, Parlament tomonidan qabul qilingan qonun bilan, imtiyoz berilgan. Qizigʻi, ayni imtiyoz Moliya vazirligi tomonidan Oliy Majlisga kiritilgan “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihada ham aks etgan.
Koʻrinib turibdiki, Byudjet prognozlarini tasdiqlashda Parlament vakillari, xususan, deputatlar yelkasida katta masʼuliyat bor. Biz deputatlardan avvalo byudjet prognozlari bilan yaxshilab tanishish, imkon qadar byudjetnomada qayd etilgan raqamlarni “elakdan oʻtkazish” talab etiladi. Aks holda, monopol korxonalar uchun belgilangan bu kabi imtiyozlar “osongina” qonun bilan tasdiqlanishida, biz deputatlar, jamoatchilik vakillari esa nega monopol korxonalarga imtiyoz berildi deb eʼtiroz bildirishda davom etaveramiz.
P.S.: Meni qiziktirgan savol shuki, “UzAuto Motors” AJ chetdan import qilgan Malibu, Tracker, Trailblazer kabi avtomobillarga ham bu imtiyozni tatbiq qilganmikin yoki yoʻq? Chunki bu imtiyoz faqat Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarga nisbatan nazarda tutilgan. Agar “UzAuto Motors” AJ tomonidan bu imtiyoz chetdan ipmort qilinib, ichki bozorda sotilayotgan modellarga ham tatbiq qilingan boʻlsa, shunday holatdagina kompaniya qonunga zid ravishda belgilangan yigʻimlarni byudjetga toʻlamagan boʻladi.
Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Viloyat hokimi chekka qishloqdagi aholi xonadonida tunamoqda (foto)
- 23 yoshli yigit oʻqishga kira olmaganini yashirish uchun oilasining barcha aʼzolarini oʻldirdi
- “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi belgilangan vaqtda yuborilmaganligi sabab “Oskar”da qatnashmaydi
- Surxondaryo viloyat hokimligi binosida AKT xodimi kaltaklangani haqidagi xabarga munosabat bildirildi
- Prezidentga sheʼr oʻqib bergan talaba Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi
- Ibn Sino haqmidi? Olimlar Italiyaning Jilyo oroli aholisida orasida birorta koronavirus qayd etilmaganiga izoh berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring