Uyali aloqa virtual operatorlari hamda tele- va radiokanallarga davlat bojini to‘lashda imtiyozlar beriladi

11:41 02 Iyun 2023 Siyosat
882 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan uyali aloqa virtual operatorlari (provayderlar) faoliyatini kengaytirish maqsadida ular tomonidan radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatishi natijasida undiriladigan davlat boji miqdorlari kamaytirilmoqda.

Ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 000 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, agar uyali aloqa virtual operatori tomonidan navbatdagi yillik davlat bojini to‘lash davridan oldingi moliya yilida ko‘rsatilgan ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari xizmatlarining qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 million baravaridan oshgan taqdirda, ushbu uyali aloqa virtual operatori daromadining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha davlat boji to‘lanishi belgilanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda respublikamizda o‘z telekommunikatsiya tarmog‘iga ega 5 ta mobil aloqa bazaviy operatori xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Radiochastota resursiga ega bo‘lmagan 1 ta virtual mobil aloqa operatori  mavjud.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Qonunning qabul qilinishi natijasida uyali aloqa virtual operatorlari faoliyatini kengaytirishga va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun adolatli raqobat muhiti yaratishga erishiladi.

Tahlillarga ko‘ra, hududlardagi xususiy telekanal va radiokanallar o‘z teleradio dasturlarini efirga uzatish hamda  moddiy-texnik bazalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashda ayrim moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqdalar.

Shu bois Qonun bilan teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirganlik, qurganlik, ulardan foydalanganlik va ularning xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlari 50 foizga kamaytirilmoqda.

Bunda tele- va radiokanallarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilashga, ya’ni 4,1 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘larini xususiy teleradioeshittirish subyektlari faoliyatini rivojlantirishga erishiladi.

Qonun bilan davlat bojini undirishda yana bir qo‘shimcha imtiyoz berilib, unga ko‘ra, yillik undiriladigan davlat bojining miqdori teng ravishda yilning har choragida bo‘lingan holda to‘lash mexanizmi yaratilmoqda.

Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga yengillik berish bilan birga, xususiy teleradiokanallar tashkil etilishiga va teledasturlarni sifatli kontentlar bilan to‘ldirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Qizg‘in muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?