Ustamonlik qachongacha? Boqimandalikni “kasb”ga aylantirib olganlar toifasi qanday shakllanyapti?

21:21 22 Dekabr 2021 Jamiyat
446 0

Barno Mamatisaqova Qoʻqon shahrida ijara uyda yashaydi. Asli Dangʻara tumanidan boʻlgan bu ayol 2020-yilning iyun oyida hozirgi manziliga koʻchib kelgan. Uy egasi I.Yuldashev oilaga yengillik, yordam boʻlsin, deya ijara toʻlovini oyiga 200 ming soʻm qilgan. Barno Mamatisaqova ijara toʻlovi masalasida yordam soʻrab murojaat etgach, davlat tomonidan ikki oylik ijara puli uchun 400 ming soʻm toʻlab berilgan. Uy egasining aytishicha, u shuncha vaqtdan buyon uch oylik ijara toʻlovini olgan, xolos. Hamma narsa ham pul bilan oʻlchanavermasligi, mehr-oqibat, yaxshilik degan tushunchalar hali bor ekanligiga ishora oʻlaroq, bu oilaga uyini shundoq yashab turishga topshirgan, hech qanday toʻlov soʻramagan.

Bir yarim yildan buyon bu oilaga Qoʻqon shahar hokimligi masʼullari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va pul mablagʻlari berib kelinadi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandi uchun jami bir million besh yuz ming soʻm miqdorida yordam puli berildi, joriy yilning fevralidan boshlab esa uchala farzandiga ham bolalar nafaqasi tayinlandi.

Barno Mamatisaqova boshpanasi yoʻqligi, ijarada yashab kelayotganligi sababli 2021-yilning 5-avgust kuni “Obod” mahalla fuqarolar yigʻini Movaraunnahr koʻchasi, 57a-uy 17-xonadonda joylashgan oilaviy yotoqxonadagi 2 xonali turar joy bilan taʼminlangan.

Bu hali hammasi emas. Qahramonimizga “Agrobank” ATB Qoʻqon shahar filiali tomonidan 17 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi, tikuv mashinasi olib berildi. Ammo ayol oradan hech qancha vaqt oʻtmay, tikuv mashinasini ehtiyojlari uchun sotib yuborgan. Shundan keyin u “Tadbirkor ayol” oʻquv markazida kasbga oʻqitilib, Qoʻqon shahar hokimi tomonidan yana ikkita tikuv mashinasi berilgan. Ulardan ham maqsadli foydalanmay, osongina sotib yubora qoladi. Aylanma mablagʻ, aniqrogʻi, mato sotib olishi uchun 2021-yil mart oyida Qoʻqon shahar hokimligi tomonidan 4 million, aprel oyida esa Fargʻona viloyati hokimi tomonidan 4 million, jami 8 million soʻm naqd pul ajratilgan. Qoʻqon shahar “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan 2021-yil 23-aprel kuni plastik kartasiga bir million ikki yuz ming soʻm mablagʻ oʻtkazib berilgan.

Oila aʼzolari “Obod” MFYning “Ayollar daftari” va “Temir daftar” roʻyxatiga kiritilgan. Doimiy daromad manbaiga ega emas.

Barno Mamatisaqovaga tuzilgan dalolatnoma bilan tanishyapman-u, miyamda savollar gʻujgʻon aylanyapti:

Bu ayol va turmush oʻrtogʻi ishga layoqatsizmikan?

Uch farzandi hali yosh boʻlsa, ona bolalari tarbiyasidan orta olmasmikan?

Davlat tomonidan qayta-qayta berilgan tikuv mashinalarini sotib yuborishga, hokimiyat masʼullarining yana takror yordam qoʻlini choʻzaverishiga sabab nima ekan?

Nihoyat kelishilgan kun va soatda qahramonimiz Barno Mamatisoqova hamda turmush oʻrtogʻi, hassaga suyangan Izzat Jumaboyev bilan Qoʻqon shahar hokimligi binosida uchrashdik. Suhbat asnosida ikkisi aqlan ham, jismonan ham sogʻ ekanligi, Izzat Jumaboyev sentyabr oyidagi avtohalokat tufayli oyogʻi biroz lat yegani vajidan qoʻliga hassa tutgani oydinlashdi.

Ikki farzandi maktabda oʻqiydi, kenja qizi 6 yosh, aql-hushini tanigan, yoniga olib hunarga qiziqtirsa boʻlgudek, bir ishga unnasa eplagudek. Barno Mamatisaqova uy bekasi, turmush oʻrtogʻi haydovchilik qilib roʻzgʻor tebratgan. Avtohalokat sabab sentyabr oyidan qarzga botishgan, uchta tikuv mashinasini avtohalokatda zarar koʻrgan haqdor tomon uyidan olib chiqib ketgan emish.

Doimiy daromad manbaiga ega emasligi, kuni yordam puliga qolganiyu tegishli idoralarga qatnab umri oʻtayotganining sababi juda oddiy ekan aslida. Ishyoqmaslik va uchiga chiqqan boqimandalik.

Kasb desa, kasbga oʻqitib qoʻyishsa, uy desa uy berishsa, pul desa – mana tayyor. “Tilla baliq”qa tilagini aytib qoʻysa-yu, uyiga borgunicha muhayyo boʻlsa, kimga yoqmaydi!

“Hozir zamon oʻzgarib ketdi, uyda oʻtirib ham daromad topishning minglab yoʻllari bor. Pishiriq qilib, kiyim tikib, odamlarga nimadir oʻrgatib, hatto bola parvarishi haqida blog yurgizib ham pul topish mumkin. Onalik taʼtilidagi, qoʻlida oylik chaqalogʻi bilan ayollar tadbirkorlik qilyapti-yu, siz es-hushini tanigan farzandlaringiz bilan shu ishni qilolmaysizmi? Qoʻl bilan berganga qush toʻymaydi, bir umrlik, uzoq muddatlik biror ishning yoqasidan tutish kerak-ku!” degan savolimizga javoban “Olti yoshli qizimni tashlab koʻchaga chiqib ketolmayman, qayerda sotaman, tikuv mashinamni qaytarib berishsa, tikardim, mato olishga yordam berishsa, qarzimizni toʻlash uchun 10 million soʻm pul berishsa...” dedi ayol bir zumda koʻziga yosh olib.

Axir, bu kabi baliq soʻraganlarga qarmoq berishni kim, qachon boshlaydi? Murojaatni yopish, qulogʻimiz tinchishi, “yozuvchi”lardan tezroq qutulish uchungina soʻraganini muhayyo qilaverib, boqimandalikka oʻzimiz oʻrgatib qoʻymayapmizmi? Ishlamaysan, lekin tishlaysan, deganimi bu?!

Qoʻqon shahar hokimligi devonxona mudiri Nozimjon Nasimovning kuyunib gapirishicha bor: “Bularning bir jihatiga tan bermay ilojimiz yoʻq. Soʻraganini olmagunicha, kerak boʻlsa, shahar, viloyat hokimiyati binosiga yotib oladi, Vazirlar Mahkamasi, Prezident devonigacha borishdan erinmaydi. Qoʻqonda 259 ming aholi boʻlsa, shulardan ijtimoiy koʻmakka muhtoj aholi 9 ming nafarni tashkil qiladi. Baʼzan mana shunday “yozuvchilar”, “ustamonlar”ni deb chindan ham yordam, qoʻllab-quvvatlashga muhtojlarga yetib borishimiz qiyin kechadi. Kambagʻal mard boʻladi, deganlarichayam bor. Ular bir marta murojaat qilishi mumkin, boshqa kelmaydiyam, soʻramaydiyam-da...”

Paradoksning goʻzalligini, aqlga qorishiqligini qarangki, tekin pishloqqa yetguncha boʻlgan qatʼiyat, oxiriga yetmaguncha qoʻymaslik, ushlagan joyidan kesib olish xususiyatini biror kasb yo hunarga qoʻllasa, qanday boʻlardi! “Zoʻr tikuvchi boʻlmasam qoʻymayman!”, “Pishiriqlarimni hamma talashib oladigan boʻladi!” qabilida...

Yoʻq, axir, tekin pishloq turganda, joningni jabborga berishga na hojat?! Bitta yigʻlasang, bitta yozsang, bitta yugursang – kifoya!

Turmushidan ajragan, bir nafardan farzandlari bor opa-singil Yulduz va Nargiza Doʻsmatovalarning taqdiri Barnonikidan biroz farq qiladi. Yulduzning qaramogʻida nogiron onasi boʻlgan, Nargizaning qoʻlida esa nogiron qizi bor. Ammo oxir-oqibat, ularning tanlagan yoʻllari, hayot tarzi-bir. Ular bilan suhbatimiz hamma haqiqatlarga koʻzgu tutdi: qoʻlini sovuq suvga urgisi yoʻq, ishlamaslik uchun bahonasi yetarli, boqimandalik bilan kun koʻrishga ham sabablari tayyor. Boshqalardan, masʼullardan kutadiganlarining esa nihoyasi yoʻq: tikuv mashinasi bersa, matoga pul bersa, “pirashka”sotish uchun joy qilib bersa...

Umr – bir “marra”dan ikkinchisiga oʻtib olguncha! Xoʻsh, ustamonlik qachongacha? Bugun yurtimizning har bir hududida shu kabi boqimandalikni “kasb” qilib olayotgan toifa qanday shakllanyapti?

Bu haqiqatan ham ogʻriqli, juda ogʻriqli savol...

Sevara ALIJONOVA,

jurnalist, Fargʻona viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер