Usmon Nosir — NamMTI talabalari talqinida

15:53 20 Aprel 2022 Jamiyat
339 0

Foto: Халқ сўзи

Joylarda otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligi bilan bogʻliq madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda. Namangan farzandi boʻlgan bu yorqin isteʼdod sohibining murakkab hayotini oʻrganish, sheʼrlarini yod olish, ijodini keng targʻib etish borasida Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabalari ezgu tashabbusga qoʻl urishdi. Gap shundaki, garchand texnologik yoʻnalishlarda taʼlim olsalarda sanʼatga, badiiy adabiyotga befarq boʻlmagan bir guruh talabalar Nodira Rashidovaning “Usmon Nosir” asarini yangi talqinda sahnalashtirdilar.

Kecha Namangan viloyati Madaniyat markazida keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari, mahallalardagi yoshlar va talabalar ishtirokida spektaklning tantanali taqdimoti tashkil etildi.

— Biz ushbu sahna asarini bundan bir yil avval Talabalar teatr studiyalari oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun tanlab olgan edik, — deydi institutning Yoshlar masalalari, maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha birinchi prorektori Maʼrufjon Qayumov. — Talabalarimiz asar ustida ancha mehnat qildi. Mana, bugun ana shu mehnat mahsulini keng omma eʼtiboriga havola etyapmiz. Premyera bilan cheklanib qolmay, spektaklni barcha tumanlarning chekka hududlaridagi mahalla yoshlari uchun ham namoyish qilishni rejalashtirganmiz.

Sahna asari namoyish etilar ekan, har bir obraz, tanlangan liboslar va yaratilgan dekoratsiyalar oʻsha davr qiyofasini toʻla aks ettira olgani bilan eʼtiborni tortadi. 24-25 yoshli Usmonning ogʻir davrdagi hayotiy kechinmalarini olib chiqish oson emas, albatta. Biroq bunday masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan havaskor aktyor, institutning birinchi bosqich talabasi Ilhomjon Toʻraxonov butun harakatni shoirning hayotiga qaratib, uning nutqidan xarakterigacha chuqur oʻrganishga urindi.

— Biz har kuni darsdan soʻng ushbu sahna asari ustida ishladik va bugun uddalaganimizdan xursandmiz, — deydi bosh rol ijrochisi I.Toʻraxonov.

Gulduros qarsaklar, taʼsirli nigohlar, ayrim sahnalar ijrosi chogʻidagi kutilmagan koʻz yoshlari... Bularning barchasi ijodiy salohiyatini namoyish eta olgan talabalarning izlanish va intilishlariga berilgan xolis baho boʻldi, desak mubolagʻa emas.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?