USAIDning toʻliq missiyasi Oʻzbekistonda faoliyat boshlaydi

16:20 02 Oktyabr 2020 Dunyo
306 0

Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) 2019-2025-yillarda AQSHning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasini amalga oshirishda tutgan oʻrni toʻgʻrisida onlayn-brifingda ishtirok etdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

USAID maʼmuri vazifasini bajaruvchi Jon Barsa Amerikaning yetakchi “Heritage Foundation” tadqiqot markazi tomonidan oʻtkazilgan tadbirning ochilish marosimida Qoʻshma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgani, shu vaqtdan beri barqaror va obod Markaziy Osiyo mustaqil davlatlarining rivojlanishiga koʻmaklashayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, ushbu tamoyillar AQSHning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasida ham oʻzgarishsiz qoldi.

Eslatib oʻtamiz, AQSHning 2019-2025-yillarda Markaziy Osiyodagi strategiyasi AQSH davlat kotibi Mayk Pompeoning joriy yil fevral oyida Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida eʼlon qilingan edi.

Ushbu strategiyaning amalga oshishi sifatida USAID rahbari Oʻzbekiston va Tojikistonda ikkita toʻliq vakolatxona rasman ochilishini eʼlon qildi. Agentlik rahbari “yangi missiyalarni yaratish strategiyada belgilangan kengroq majburiyatlarni bajarish yoʻlidagi birinchi qadam” ekanini taʼkidladi.

“Missiyalar USAID faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻlib, Qoʻshma Shtatlar hukumatlar va mamlakatlar aholisi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va mazmunli aloqalarni oʻrnatish tarafdori ekanini namoyish etadi”,— dedi Jon Barsa.

USAID rahbari Oʻzbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilish haqida gapirar ekan, Xalq taʼlimi vazirligi bilan shartnoma imzolangani, ushbu shartnomaga muvofiq AQSH kelgusi besh yil ichida taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 50 million dollargacha grant ajratishini taʼkidladi.

Brifing davomida Oʻzbekiston elchisi USAID rahbariyatiga mamlakatda keng koʻlamli islohotlar jarayonini qoʻllab-quvvatlayotgani, shuningdek, pandemiya paytida texnik yordam koʻrsatgani uchun minnatdorlik bildirdi. Xususan, avgust oyi oxirida AQSH qariyb 2,5 million dollarlik 200 ta oʻpka sunʼiy shamollatish moslamasini taqdim etdi. Bundan tashqari, USAID Sardoba suv omborida roʻy bergan tabiiy ofat oqibatida zarar koʻrgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash uchun eng zarur narsalarni sotib olish uchun 100 ming dollar ajratdi.

Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida bayon etilgan tashabbus va vazifalar kontekstida Agentlik bilan oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Xususan, 2020-2030-yillarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasini samarali amalga oshirish sharoitida tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, ayniqsa yoshlar oʻrtasida taʼlim darajasi va sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

Savdo, infratuzilmani rivojlantirish, energetika, suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, Orol dengizi mintaqasini innovatsion va texnologik rivojlantirish sohasidagi mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro aloqalarning muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?