Urologiya markazi: 33 yoshli bemorda kaminvaziv usulda oʻta murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimi rivojlangani sari sohada amalga oshirilayotgan yuqori texnologik murakkab operatsiyalar soni ortib bormoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan samarali foydalanib, bemor tanasiga tigʻ tekkizmasdan yoki yeichik kesmalar orqali bajariladigan operatsiyalar, jarrohlikning kaminvaziv usullari amaliyotda keng qoʻllanilyapti.
Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida oʻtkazilayotgan ana shunday noyob operatsiyalar qanchadan qancha ogʻir bemorlar salomatligini tiklashga xizmat qilayotir.
Yaqinda markazga Fargʻona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi 33 yoshli N. Saidahmedova murojaat qilgan. Uni bir necha yildan buyon ikki tomonlama bel sohasidagi ogʻriqlar qiynab kelayotgan edi.
Urolog Asqar Rahimboyevning aytishicha, tekshiruvlardan soʻng bemorga peshob yoʻllari rivojlanishining anomaliyasi, yaʼni taqasimon buyrak, ikki tomonlama peshob nayining torayishi kabi ogʻir tashxislar qoʻyilgan.
Bunday tashxis boʻyicha bemorda laparoskopik sistotomiya, ureteropelvil segment laparoskopik plastika kabi oʻta murakkab amaliyotlarni bajarish lozim, deb topilgan. Bemorning nisbatan yoshligi inobatga olinib, uning buyragini saqlab qolish maqsadida ushbu jarrohlik operatsiyalari oʻtkazilgan.
Amaliyot vaqtida maxsus uskunalar yordamida peshob naylarining toraygan qismi plastika qilindi. Operatsiya vaqtida va undan soʻng hech qanday asoratlar kuzatilmagan.
Kaminvaziv jarrohlik amaliyoti bajarilgani uchun bemor ilk kundanoq harakatlanib, toʻrt kundan soʻng uyiga javob berilgan.
— Avvallari bu turdagi operatsiyalar ochiq usulda bajarilar edi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtorov. — Baʼzida esa bemorning buyragini olib tashlash hollari ham kuzatilgan. Natijada ular keyingi umri davomida maʼlum cheklovlar bilan yashashga majbur boʻlgan.
Hozir esa markazimizda bunday oʻta murakkab buyrak anomaliyalari ham kaminvaziv usullar yordamida samarali davolanmoqda. Yaʼni kasallangan aʼzoni saqlab qolgan holda davolash imkoniyati mavjud.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
- Maktablarda til va kasb oʻrgatishni rivojlantirish choralari belgilandi
- “Vatan — bamisoli quyoshga oʻxshash...”
- Burkina-Fasoda oʻgʻirlab ketilgan ayollar ozod qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring