Urgutlik fermer takroriy ekindan 1 milliard soʻmdan ortiq daromad olishni rejalashtirgan

16:39 11 Avgust 2022 Jamiyat
324 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand viloyati tumanlarida ayni kunlarda gʻalladan boʻshagan 82 ming gektardan ortiq maydonda takroriy ekinlar parvarish qilinmoqda. Shundan 3 ming 815 gektarida sabzavot, 10 ming 45 gektarida kartoshka, 32 ming 391 gektarda dukkakli ekinlar urugʻi qadalgan boʻlib, ulardan yuqori hosil olish maqsadida agrotexnik tadbirlarga jiddiy eʼtibor qaratilayotir.

Xususan, Urgut tumanidagi “Qorabuloq gʻallazori” fermer xoʻjaligi tomonidan gʻalladan boʻshagan 21 gektar yer maydonning 3 gektariga kartoshka, 18 gektargda loviya ekilgan.

— Joriy yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan boshoqli don ekinlarining shartnomadan ortigʻini erkin sotish tartibi joriy etilgach, koʻrgan foydamizga yangi avtomashina xarid qildik, — deydi “Qorabuloq gʻallazori” fermer xoʻjaligi rahbari Baxtiyor Sotipov. — Bundan tashqari bu yilgi takroriy ekinlardan 1 milliard soʻmdan ortiq daromad olishni moʻljallab turibmiz. Hosil choʻgʻi ham shunga yarasha.

Tumandagi yana bir “Kenagas” fermer xoʻjaligi tomonidan esa 20 gektar gʻalladan boʻshagan maydonda bodring, karam, kartoshka va chorva mollari uchun ozuqa ekinlari parvarishlanyapti. Fermer xoʻjaligi rahbari ushbu takroriy ekinlardan 500 million soʻmdan ortiq daromad qilishni koʻzlamoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?