Urgutga ilm-fan natijalari joriy etiladi — vazir

10:47 27 Aprel 2021 Iqtisodiyot
366 0

Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, tadbirkorlar, nuroniylar va yoshlar qatnashgan uchrashuvda mamlakatimizning barcha hududidagi singari Samarqand viloyatida ham katta oʻzgarishlar boʻlayotgani, odamlarning dunyoqarashi oʻsib, faolligi oshayotganiga toʻxtalib: “Bugungi davr, shiddatkor zamon jonajon Vatanimiz taraqqiyoti, bunyodkor va tanti xalqimiz farovonligini oshirish uchun oldimizga muhim vazifalarni qoʻymoqda. Va bu har birimizdan, ayniqsa, ijro hokimiyati organlari rahbarlaridan yuksak masʼuliyat, fidoyilik talab qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan bugun Samarqand viloyatida ham koʻp oʻzgarishlar, yangilanishlar boʻlayotganini koʻryapmiz. Koʻplab yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, shahar va qishloqlar qiyofasi oʻzgarmoqda...” deb taʼkidladi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda tubdan yangilanish jarayonlari ulkan koʻlam va shitob bilan davom etmoqda. Xususan, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish ishlari jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.

Ilm-fanga eʼtibor sezilarli darajada ortdi, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish tizimi hamda koʻlami oʻzgardi. Uzoq yillar davomida innovatsiyalar va ilm-fan natijalarining real iqtisodiyot tarmoqlariga kirib bormasligi oqibatida yuzaga kelgan turgʻunlikni bartaraf etish maqsadida davlatimiz tomonidan yurtimizning barcha viloyatida innovatsion hududlarni tashkil etish boʻyicha koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Samarqand viloyatining Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirish ham mana shu xayrli saʼy-harakatlarning bir qismidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Samarqand viloyatining ilmiy-innovatsion salohiyatini oshirish, yangi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan kichik tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, hududdagi muammolarning ilmiy yechimini ishlab chiqish maqsadida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning ishlanmalarini tijoratlashtirishga tayyorlash hamda Urgut tumanini innovatsion hududga aylantirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi.

Veterinariyaning zamonaviy tizimi yaratiladi

Viloyatlar va tumanlarni innovatsion hududga aylantirishda, avvalo, ilm-fan natijalarini tez surʼatlarda joriy etish va shu orqali aholining ogʻirini yengillatish, yurtimizning qaysi hududida yashashidan qatʼi nazar, innovatsiyalardan bahramand boʻlishini taʼminlash maqsad qilingan. Bunda har bir hududning xususiyatidan kelib chiqish talab etiladi. Urgutning oʻziga xos xususiyati, bu uning qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashganidir.

Urgut tumani togʻ yonbagʻrida joylashgani sababli aholi qoʻy, echki boqish bilan shugʻullanadi — tumanda taxminan 110 ming bosh qoʻy va echki, 184 ming bosh qoramol mavjud. Aholining chorvachilik bilan markazlashmagan holda, yakka tartibda shugʻullanishi koʻp hollarda chorva mollarining turli kasalliklardan nobud boʻlishiga olib kelmoqda. Shuningdek, yakka tartibda yetishtirilgan chorva goʻshti va sutining sifatini nazorat qilish murakkab boʻlgani bois, oziq-ovqat xavfsizligi borasida ham bir qancha muammolar yuzaga kelmoqda.

Mana shu maqsadlarda Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchilari hayvon kasalliklari va oziq-ovqat xavfsizligi uchun imunnoferment hamda ekspress-test tizimlarini ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish, chorva hayvonlarida pasterellyoz, kolibakterioz va salmonellyoz kasalliklariga qarshi polivalent vaksinasini ishlab chiqarishga qaratilgan startap loyihalarni amalga oshiradi.

Hozirgi paytda Oʻzbekistonda qator ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish jarayoni davom etmoqda. Xususan, nafaqat milliy tadqiqotlarning jahon ilm-fani bilan integratsiyasi, balki mamlakatimizning veterinariya sohasidagi ilmiy yutuqlarini amalga joriy qilish masalasi ham nihoyatda dolzarbdir. Bu strategik masala ilmiy tadqiqot, ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-xoʻjalik tadbirlarini amalga oshirishni taqozo etadi. Anʼanaviy veterinariya nazorati bilan bir qatorda chorva hayvonlari va parrandalari yuqumli hamda boshqa kasalliklarning zamonaviy diagnostikasi va profilaktikasini joriy etish orqali veterinariyaning zamonaviy tizimi yaratiladi. Bu xorijiy davlatlardan kasalliklarning kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik, shu bilan birga, eksport salohiyatimizning sezilarli darajada ortishiga, chorva hamda parranda mahsuldorligining oshishiga xizmat qiladi.

Ushbu loyihaning ahamiyati shundan iboratki, chorva hayvonlarining turli kasalliklarga chalinishining oldini olish maqsadida qoʻllaniladigan bunday preparatlar dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagina ishlab chiqariladi. Jahonda bunday mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar koʻp emas, ahamiyatlisi shundaki, endilikda Urgut erkin iqtisodiy hududida ishlab chiqariladigan mazkur vaksina va test tizimi import oʻrnini bosib, yosh chorva mollarining nobud boʻlish darajasini 85 foizga kamaytiradi.

Urgut tumanida, shuningdek, tamaki yetishtirish keng yoʻlga qoʻyilgan. 2 ming gektar yerga ushbu oʻsimlik ekiladi. Samarqand davlat universiteti olimlarining tuproq xossalarini yaxshilash va oʻsimliklar hosildorligini oshirish uchun moʻlchalash agrotexnologiyasini ishlab chiqish amaliy, tajriba-konstruktorlik loyihasi esa yerga ishlov berishning eng samarali hamda zamonaviy usullarini joriy qilishga qaratilgan. Ushbu loyiha tuproq namligini saqlash, tuproq eroziyasi va qotib qolishining oldini olish, yozgi mavsumda uning ustki qismining qizib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, qishda yerning muzlashi, tuproq ustki qatlamining shamolda uchib ketishi hamda yuvilishidan himoya qilish, begona oʻtlarning kamayishi, sugʻorishni ozaytirish, tuproq unumdorligini oshirish, oʻgʻitlash ishlarini qisqartirish, organik moddalarni chiritib, oʻsimliklarning sifatli oziqlanishiga olib keladi, samaradorlikni, demakki, kishilar daromadini ham bir necha baravarga koʻpaytiradi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan loyihalar

Urgut tumanida 520 mingga yaqin aholi yashaydi. Bir tumanda shuncha aholining yashashi, albatta, yer tanqisligiga olib keladi. Bu esa yerdan yana-da unumli foydalanib, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish zaruratini taqozo etadi. Bu masalani hal qilishning samarali yoʻllaridan biri — maydonlarga takroriy ekinlarni ekishdir.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari tomonidan yaratilgan, takroriy ekinlar urugʻini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarishga joriy etish ushbu masalani samarali yechishga xizmat qiladi. Urgutda 28 ming gektar maydon ekin ekishga moʻljallangan boʻlsa, undan 8 ming gektariga takroriy ekinlar ekiladi. Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida yaratilgan takroriy ekinlar urugʻini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasini yaratish boʻyicha amaliy loyihasi qishloq xoʻjaligida asosiy ekindan soʻng, shu yilning oʻzida hosil beruvchi oʻsimliklarni ekishning sifatini oshirishga qaratilgan boʻlib, mazkur qurilmaning qoʻllanilishi suv sarfining 17,3 foiz tejalishiga va yonilgʻi sarfining 2,8-marta kamayishiga, mehnat unumdorligining esa 25 foiz oshishiga olib keladi. Takroriy ekinlar daladan unumli foydalanish, maydon birligida koʻproq hajmda mahsulot yetishtirishga imkon beradi.

Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan probiotiklar asosidagi chorvachilik uchun innovatsion ozuqa —“Inbiokom” biokonservanti ekologik toza va yuqori texnologiyalarga asoslangan boʻlib, chorvachilikdagi qator muammolarni hal qilishga yoʻl ochadi. Maʼlumki, chorva mollarini turli kasalliklardan himoya qilishda antibiotiklar qoʻllaniladi. Goʻsht, sut hamda tuxum ishlab chiqarilishida antibiotiklarning keng qoʻllanilishi patogen va shartli-patogen mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligini oshiradi. Mikroorganizmlarning antibiotikka chidamli shtammlari har 2-3 yilda paydo boʻladi. Ularga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarishga esa biotexnologiya sanoati qariyb 5 yil sarflaydi — bunga qancha pul va mablagʻ ketadi, ayrim hollarda shtammga qarshi kurash samarasiz boʻlishi ham kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda, qayta davolash ishlari ogʻir superinfeksiyalarning paydo boʻlishiga, allergik reaksiyalarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, antibiotiklar katta miqdorda qoʻllanilishi natijasida u inson isteʼmol qiladigan mahsulotlarda ham saqlanib qoladi va kishi salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi, bunda disbakterioz, allergik reaksiyalar paydo boʻladi, immunitet pasayadi, ikkilamchi infeksiyalarning faollashishini keltirib chiqaradi.

Xullas, hozirda antibiotiklarni qoʻllash va ular bilan davolashning zararlari isbotlangan faktdir. Shunday ekan, chorvani bakterial kasalliklardan himoya qilishning alternativ usuli — probiotiklardan keng foydalanishdir. Ularning qoʻllanilishi chorvachilikning rivojlanishiga zarar keltirmagan holda parrandachilik hamda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning sifat va son jihatidan ortishiga xizmat qiladi. Probiotiklar bakteriyalarning vegetativ hamda spora shaklidagi biomassasi boʻlib, maʼlum mikroorganizmlardan himoya qilish xususiyatiga ega boʻladi, chorva va parrandalarning oshqozon mikroflorasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yem mahsulotlari taqchilligi kuzatilayotgan hududda bunday preparatning qoʻllanilishi kishilar daromadining oshishiga, turmush tarzining yaxshilanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

2020-yil noyabr oyidagi “INNOWEEK — 2020» Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Turkiyaning “JFC Enerji Yatirim Sanayi ve Ticaret A.S.» kompaniyasi oʻrtasida imzolangan kelishuvga asosan, Urgut tumanida mazkur shirkat bilan hamkorlikda texnik kannabis oʻsimligi urugʻlarini qayta ishlash yoʻli bilan oziq-ovqat, kosmetika, toʻqimachilik, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Maʼlumki, texnik kannabis tez oʻsuvchi ekinlardan biri boʻlib, paxta bilan solishtirganda, 1 gektardan 4 barobar koʻp sellyuloza olinadi. Oʻsimlikni yetishtirishda qishloq xoʻjaligi kimyoviy preparatlari nisbatan kamroq ishlatiladi hamda suvni ancha kam talab qiladi. Tuproq tarkibini zaharli moddalardan tozalash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish imkonini beradi. Texnik kannabis 110 kun ichida 2-3 metrgacha oʻsadi va bir mavsumda bir necha bor hosil olish imkonini beradi.

Urgut tumanida texnik kannabis yetishtirish uchun 760 gektar yer maydoni ajratiladi. Kannabis urugʻlarini yetishtirish va seleksiya qilish yoʻnalishida ilmiy tadqiqot ishlarini oʻtkazish uchun laboratoriya hamda xom ashyoni qayta ishlash boʻyicha zavodlar tashkil etiladi. Zavodda bir yilda 400 tonna urugʻni qayta ishlab, 4 ming litr yogʻ, 7,5 ming tonna poyadan 1,5 ming tonna tola olinadi. Bu loyihaga hozirda 5 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinmoqda.

Yoʻl qurilishida tuproqni barqarorlashtirish texnologiyasining afzalligi nimada?

Hudud rivojlanishining asosiy omillaridan biri — uning infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iboratdir. Yoʻl qurilishida tuproqni barqarorlashtirish texnologiyasi — “Claycrete II” yordamida Urgut tumanidagi 216 ming kvadrat metr yoʻl yangi usulda taʼmirlanadi. “Claycrete II” — ilgʻor innovatsion yutuqlarga asoslangan, kimyoviy bezarar tuproq stabilizatori boʻlib, har turli mavsumiy sharoitlarda yoʻl qoplamalarining mustahkamligini taʼminlab beradi. Bu akril qoplama boʻlib, tuproq yoʻllari shibbalanganida toshdan ham qattiq, mustahkam qoplama hosil boʻladi.

Shu oʻrinda nima uchun shu yoʻllarga joʻn shagʻal tashlab qoʻyish mumkin emas, shuncha pul sarflash shartmi, degan savol ham tugʻilishi mumkin. Gap shundaki, Urgut togʻli hudud boʻlgani uchun u yerda yogʻingarchilik koʻp, sel kelish xavfi bor, yotqizilgan shagʻalni yogʻingarchilik bir yilda yuvib yuboradi. Ushbu qoplama mustahkamligidan tashqari, yoʻlning muzlashiga ham toʻsqinlik qiladi. Bundan tashqari, mazkur texnologiya asfalt yoʻl qurishdan 40 foiz arzon. Agar anʼanaviy qurilish ishlari amalga oshirilganida 1 smenada 250 kv. metr yoʻl qurilsa, bu texnologiyada 5 ming kv. metr yoʻl qurilishiga erishiladi. Yoʻl qurilish xarajatlari 1 kvadrat metri 120 ming soʻmdan 50 ming soʻmga qisqaradi, yoʻldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi. Bundan tashqari, yoʻl qurilishining ekologik xavfsizligi ham taʼminlanadi. Urgut tumanida qurilishi kerak boʻlgan 216 ming kv. metr yoʻlni anʼanaviy usulda asfalt yotqizib taʼmirlash uchun 73,8 milliard soʻm pul sarflanib, 600 kun davomida amalga oshirilsa, innovatsion texnologiya asosida 70 kunda yoʻl taʼmiri yakunlanib, 35,6 milliard soʻm miqdorida mablagʻ sarflanadi.

Tumanda bajariladigan innovatsion yangiliklardan yana biri — Isroilning sunʼiy yoʻldosh texnologiyalaridan keng foydalanib, 250 kilometr yer osti ichimlik quvurlaridagi nosozliklar va suvning sizib chiqishi holatlari aniqlanadi. Hududning yer osti suvlari xaritalari tuzilib, ichimlik quvurlaridagi nosozliklar yerning katta maydonlarini kavlamasdan bartaraf etiladi.

Urgut tumanida “Aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish ham shahar infratuzilmasi va aholi turmushiga ijobiy oʻzgarishlar olib keladi. Urgut shahriga oʻrnatiladigan “Aqlli bekat”lar shahar aholisi hamda mehmonlariga qulay sharoitlarda transport vositalaridan foydalanish imkonini beradi. Transport harakatini kuzatish va boshqa maʼlumotlar olishga sharoit yaratuvchi tablolar, bepul Wi-fi Hotspot internet tarmoqlari, bank toʻlov terminallari, qishki-yozgi konditsioner bilan jihozlangan kutish joylariga ega 10 ta “Aqlli bekat” quyosh panellari yordamida ishlaydi.

Shuningdek, tumandagi jamoat joylariga 220 ta intellektual kuzatish kamerasini oʻrnatish jamoat xavfsizligini taʼminlash, qidiruvda boʻlgan shaxslarni aniqlash imkonini beradi.

Yangiliklardan yana biri — mahalliy hokimiyat vakillari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda bepul internet hududi tashkil etilishi axborot texnologiyalari infratuzilmasining rivojlanishiga, hududni kompyuterlashtirish hamda raqamlashtirishni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Koʻzi ojizlar uchun qulayliklar

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida innovatsion ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan AR (Augmented reality) — toʻldirilgan reallik asosida marketing platformasi joriy etiladi. Bunda mazkur erkin iqtisodiy zona rezidentlariga toʻldirilgan reallikka asoslangan raqamli marketing boʻyicha treninglar tashkil etiladi hamda rezidentlarning faoliyati bosqichma-bosqich raqamli platformaga oʻtkaziladi. Bu “Urgut” EIZ rezidentlari mahsulotlarini ichki va tashqi bozorda reklama qilish imkoniyatini beradi, mahsulotlarning eksport jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi. Mazkur loyiha Islandiyaning “Uno ehf” tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilib, taʼlim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasi taʼminlanadi.

Mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda esa xorijiy analoglardan bir necha barobar arzonroq boʻlgan «Mobil avto muzlatkich», «Alkotester» hamda avtomobillar uchun “SOS” qurilmalari modellarini yaratishga qaratilgan startap loyihalari yoʻlga qoʻyiladi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida noanʼanaviy mahsulotlar — imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus uskunalar yaratishni yoʻlga qoʻyishni taklif etyapmiz. Bu — koʻzi ojizlar uchun innovatsion hassa, Brayl klaviaturasi va displeyi.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda respublikamizda 200 mingdan ziyod odamlarda u yoki bu darajadagi koʻz xastaliklari mavjud boʻlib, Urgut tumanida 160 nafar kishi Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati aʼzosidir. Imkoniyati cheklangan insonlar uchun maxsus qurilmalarning yaratilishi nafaqat tumandagi, balki respublikamizdagi koʻzi ojizlar uchun qulayliklar yaratadi.

“Urgut” EIZda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan innovatsion hassa koʻzi ojiz insonlar va eshitishida nuqsoni boʻlgan shaxslarning jamiyatda ijtimoiy faollik koʻnikmalarini oshirishiga xizmat qiladi. Innovatsion hassaning qulayliklari — mijoz harakatlanayotganida 2 metr masofa oraligʻida mavjud toʻsiq hamda chuqurliklar toʻgʻrisida elektromagnit toʻlqinli signallar tarqatgan holda maʼlumot toʻplaydi va hassa egasini ovoz chiqarish yoki tebranish orqali ogohlantiradi. Ultratovush sensori 30 daraja burchakda toʻsiq hamda chuqurliklarni aniqlay oladi. Innovatsion hassa egasi uchun jamoat transporti vositalaridan foydalanishda ham ishonchli bufer vazifasini bajaradi.

Koʻrish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun maxsus klaviatura esa anʼanaviy Brayl alifbosidan foydalangan holda istalgan rusumdagi smartfonlarga USB interfeysi orqali ulanib, ulardan foydalanish imkonini beradi.

Telemeditsinaga asoslangan innovatsion klinika

Hozirgi kunda innovatsiyalar eng koʻp joriy etilayotgan sohalardan biri — tibbiyotdir. Tibbiyotimiz innovatsiyalarga muhtoj, aholi esa sifatli tibbiy xizmatlardan bahramand boʻlishi shart. Shu masalani hal etish borasida Urgut tumanida telemeditsinaga asoslangan innovatsion klinika tashkil etish maqsadga muvofiq, deb hisobladik. Mazkur klinika turli kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolashga moʻljallangan boʻlib, bemorlar tuman yoki viloyat markaziga qatnamasdan, hududning oʻzida malakali tibbiy yordam olish imkoniga ega boʻladi.

Klinikaning asosiy vazifasi chekka hududlarda joylashgan aholini mamlakatimiz markazidagi malakali shifokorlar va dunyoning istalgan nuqtasidagi tibbiyot muassasalaridagi mutaxassislar bilan real vaqt mobaynida bogʻlanib (onlayn), tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish, terapevtik davo maslahatlarini olish imkonini berishdir. Shifokor real vaqtda masofadan bemorning videotasvirini koʻribgina qolmay, maxsus telemeditsina uskunalari — ultratovush apparati yordamida uning ichki organlaridagi oʻzgarishlarni, dermatoskop bilan teri qoplamasini, otoskop orqali LOR kasalliklarini, stetoskop, tanometr, pulsoksimetr va EKGdan foydalanib, yurak-qon tomir kasalliklarini, oftalmoskopni qoʻllagan holda koʻz kasalliklarini aniqlab, bemorga tashxis qoʻyadi hamda terapevtik davo choralarini belgilaydi. Bundan tashqari, klinikaga massaj yotoqchasi va oyoq massaj uskunasi kabi zamonaviy yordamchi jihozlar ham oʻrnatiladi.

Bugungi kunda koʻplab kasalliklarning allergenlar bilan bogʻliqligi isbotlangan. Kasallikning oqibatini emas, sababini topib, davolash muhim sanaladi. Shu munosabat bilan tumanda molekulyar allergologiya sohasini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Urgutda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi filialining ochilishi Samarqand viloyatida eng koʻp tarqalgan allergiya qoʻzgʻatuvchilarini aniqlash boʻyicha doimiy monitoring tizimini yaratish imkonini beradi. Hozirda tumanga allergik gulchangi qopqoni oʻrnatildi. Gulchang qopqoni bilan ishlovchi mutaxassislarni tayyorlaganimizdan soʻng, viloyatda koʻp uchraydigan allergenlarning maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Mutaxassislar changlanish spektrini oʻrganish asosida eng keng tarqalgan allergen oʻsimliklarni aniqlaydi. Olingan tahlillar asosida nafas allergiyasi mavjud boʻlgan bemorlar profilaktikasi boʻyicha zarur choralar koʻriladi.

Urgutdagi tibbiyotga doir muammolardan yana biri — qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlar ekani ham eʼtiborni tortmay qolmaydi. Yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohdan tugʻilgan bolalarda juda koʻp nasliy kasalliklar uchrashi kuzatiladi, tumanda hatto kamyob genetik kasalliklar ham uchrab turishini aniqladik. Vazirligimiz huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi tomonidan tumanda diagnostik laboratoriya tashkil etyapmiz. Ushbu laboratoriyaning birinchi vazifasi boʻlajak er-xotinlarning gistologik mosligi, genetik kasalliklarga moyilligini aniqlashdir. Shuningdek, laboratoriyada shu kabi va boshqa tekshiruvlarning tahliliga asoslangan ilmiy ishlar amalga oshiriladi.

Biznes-akselerator imkoniyatlari

Urgut tumanida istiqomat qiluvchi jami 520 ming aholidan 100 ming nafaridan oshigʻi 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardir. Ulardan 4 ming nafari “yoshlar daftari”ga kiritilgan. 2 ming 160 nafari esa ishsiz hisoblanadi. Mana shu yoshlarda muhandislik koʻnikmalarini shakllantirish va innovatsion faoliyatga boʻlgan qiziqishini uygʻotish, ularni ish bilan taʼminlash, shuningdek, hududning ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida Urgut innovatsion biznes-akseleratori tashkil qilish ham rejalashtirildi. Bu maʼlum biznes gʻoyaga, balki dastlabki mijozlarga ega, biroq tadbirkorlik qilishga tajribasi hamda uquvi yetishmayotgan yigit-qizlar va yoshlar jamoalarini qoʻllab-quvvatlovchi maskan boʻlishi kutilmoqda.

Biznes-akselerator biznesni rivojlantirish uchun kerakli bilimlarni beradi va zaruriy aloqalarni oʻrnatishga koʻmaklashib, tadbirkorlikni boshlash uchun mablagʻ olish usullarini oʻrgatadi. Mentorlar hamda malakali mutaxassislar maslahatlari bilan yosh tadbirkorlar biznes-jarayonini tashkil etishdagi xatolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, minitexnologiyalardan foydalanish koʻnikmalariga ega boʻladi. Akselerator yoshlarni ishli qilish bilan bir qatorda tadbirkorlik hamda sanoatning rivojlanishiga hissa qoʻshadi.

AQSHning Massachusets texnologik universiteti, Arizona universiteti va Almati menejment universiteti bilan hamkorlikda “REAP” hududiy akselerator dasturi ustida ishlayapmiz. Ushbu dastur doirasida “Urgut” EIZda oʻqishlar tashkil etiladi. Bu kelajakda EIZning filiallarini tumanlarda ochish uchun zamin yaratadi. Qolaversa, Samarqand davlat universiteti filialining Urgutda tashkil qilinishi ham tumanning namunaviy innovatsion zona boʻlishi uchun yana bir afzallikdir.

Hudud iqtisodiyotida mavjud muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy ishlanmalarni joriy qilish, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tarmoq tashkilotlari bilan birgalikda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish forumi oʻtkaziladi. Mazkur tadbir texnologiya va ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha fikr hamda tajriba almashish maydoniga aylanadi.

Vazirligimiz jamoasi mamlakatda amalga oshirilayotgan va barcha sohani qamrab olgan, kishilarni yangi marralarga ilhomlantirayotgan yangilanish jarayonlari samaradorligining asosiy koʻrsatkichi boʻlmish xalq ishonchi, roziligi hamda xayrixohligi uchun zarur boʻlgan ishlarni amalga oshirishda kuch-gʻayratini ayamaydi, albatta. Zero, Prezidentimiz taʼkidlab oʻtganidek, “Qachonki xalqimizning dunyoqarashi oʻzgarib, bugungi islohotlarga ishonchi va xayrixohligi oshsa, davlatdan, rahbarlardan rozi boʻlsa, faoliyatimizga berilgan baho, olib borayotgan saʼy-harakatlarimiz natijasi shu boʻladi”.

Ibrohim ABDURAHMONOV,
innovatsion rivojlanish vaziri, akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?