Urgutdagi ekofestival doirasida yuzdan ortiq yoshlar ishli boʻldi

15:16 06 Iyun 2022 Jamiyat
209 0

Foto: Illustrativ foto

Samarqand viloyatidagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida “Tabiat uchun birlashaylik!” shiori ostida ekofestival tadbirlari oʻtkazildi.

Festival doirasida media-tur, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi va madaniy dasturlar tashkil etilib, hududning 300 nafardan ortiq uyushmagan, kam taʼminlangan va “Yoshlar daftari”da turgan yigit-qizlar jalb qilindi.

Media-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda viloyat yoshlari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi qator korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish orqali energiya tejamkorlikka erishish, atrof-muhit, havo ifloslanishining oldini olish borasida qilinayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida esa yuzdan ortiq urgutlik yoshlar tuman korxona-tashkilotlaridagi vakant oʻrinlarda ish boshlash uchun ariza topshirdilar.

Madaniy dasturlar davomida soʻz olganlar bugun yurtimizdagi ekologik holat va uni asrab-avaylash borasida qilinayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga urgʻu berdilar. Shundan soʻng tabiat va atrof-muhit muhofazasi yoʻlida munosib xizmat qilib kelayotgan soha xodimlariga Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, “Toza hudud” DUK Urgut tuman boʻlimi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?