“Urgut” EIZda qiymati 328 million dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirildi, 114,8 mlnlik mahsulot eksport qilindi

15:33 02 May 2023 Iqtisodiyot
568 0

Foto: «Xalq so‘zi»

2022 yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi sub’yektlari tomonidan qiymati 328 million dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirildi va 5587 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Ular tomonidan 4855 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 114,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Shuningdek, o‘tgan yili 28,7 million dollarlik 17 ta qo‘shimcha loyiha ishga tushirilishi natijasida ming nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi va byudjetga 629 milliard so‘m tushum ta’minlandi. Joriy yil boshidan buyon 77 ta loyiha ishga tushgan bo‘lsa, yil yakunigacha yana 58 ta korxona o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, “Urgut” EIZda 2023 yilda qo‘shimcha 228,1 million dollarlik (shundan 72,3 million dollar xorijiy investisiya) 12 ta loyiha ishga tushiriladi va mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining “Sazag‘on” massivi tarkibidagi korxonalar ham jadal rivojlanib bormoqda. Hududdagi “MIRANKUL CONSTRUCTION MATERIALS LTD” MCHJda shit korpuslari, metall shkaflar, qora metalldan yasaladigan boshqa turdagi turli xil mahsulotlar, kabel yo‘laklari, shamollatish tizimlari, binoning tashqi, poydevor va katta o‘lchamdagi yengil konstruksiyali soyabonlar hamda boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradi.

- 2018 yilda 10 nafar ishchi bilan metallga ishlov berishni yo‘lga qo‘yib, xorijdan import qilinadigan yuqoridagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshladik, - deydi korxona rahbari Nuriddin Hamroqulov. - Hozirda ishchilar soni 160 nafarga yetdi va 2022 yil yakuni bilan ishlab chiqarish hajmi 6 barobarga oshdi. Mahsulotimizning 70 foizi eksport qilinadi. Birgina o‘tgan yilda korxonamizda ishlab chiqarilgan 18 million dollarlik mahsulotni Yaponiya, BAA, Singapur kabi xorij bozorlariga sotdik.

Hududdagi yana bir yirik korxona - “TESPACK INVESTMEN” MCHJda zamonaviy maishiy texnika vositalari, alyuminiy radiatorlar ishlab chiqarilmoqda. 3,3 million dollar sarmoya yo‘naltirilgan korxonada 50 nafar ishchi bugungi kunda yiliga 330 ming dona alyuminiy radiator, 10 ming dona zamonaviy maishiy texnika ishlab chiqariladi.

Radiator mahsulotlarining bir qismi qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. O‘tgan 2022-yilda 100 ming dollarga yaqin mahsulot eksportga yo‘naltirildi.

- Joriy yilda yana bir yangi qo‘shimcha leniyani ishga tushirmoqchimiz. Buning natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi ikki borobardan ziyodga ortadi, - deydi korxona rahbari Jamol Tursunov. - Faoliyatimizning kengayishi kelgusida o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari sonining ortishiga va eksport hajmining ko‘payishiga xizmat qiladi.

“SCHELKOVO AGROHIM-O`ZBEKISTON” qo‘shma korxonasida esa o‘simliklarni begona o‘t va hasharotlardan kimyoviy himoyalash vositalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Qiymati 22 million dollarlik loyihani amalga oshirish deyarli to‘liqligicha xorijiy sarmoya asosida amalga oshiriladi. Joriy yilning ikkinchi yarmida ishga tushirilishi rejalashtirilgan korxonada yiliga 120 ming litr inseksid, fungisid, urug‘ dezinfektantlari, 60 ming litr rodensidlar, 58 ming litr defoltiant, 62 ming litr o‘simlikni o‘stiruvchi regulyator kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi va 200 nafar aholi ish o‘rniga ega bo‘ladi. Asosiysi, O‘rta Osiyoda yagona bu korxonaning 30 foiz mahsuloti ichki bozorga yo‘naltirilsa, 70 foiz mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер