Urganch “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi faoliyati tugatiladi

10:58 07 Aprel 2021 Jamiyat
570 0

2021-yilda litsey oʻquvchilarining taʼlim jarayoni tugaganidan soʻng, Urganch “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi faoliyati toʻxtatiladi. Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi, mayor Timur Narziyev “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 22-maydagi “Harbiy akademik litseylar faoliyatini tashkil etish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida harbiy kasbga yoʻnaltirilgan litsey bazasida 450 oʻrinli Harbiy yuridik yoʻnalishdagi Urganch akademik litseyi tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmonining 9-bandida respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga “Temurbeklar maktabi” nomi berilgach, ushbu muassasa Urganch “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi deya nomlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi «Oʻsmirlarni harbiy - vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmatlari uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori talablariga koʻra Mudofaa vazirligi harbiy-yuridik yoʻnalishdagi Urganch akademik litseyi faoliyatini toʻxtatish hamda uning binolari (inshootlari) va unga tutash hududlari 2019/2020 oʻquv yilida oʻqishga kirgan oʻquvchilar amaldagi oʻquv dasturi boʻyicha oʻqishni yakunlagandan soʻng oʻrnatilgan tartibda Xorazm hokimligiga topshirish belgilangan.

Yuqoridagi qarorga asosan, 2021-yilda litsey oʻquvchilarining taʼlim jarayoni tugaganidan soʻng, Urganch “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi faoliyati toʻxtatiladi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?