“Urganch” xalqaro aeroporti “MDH davlatlarida eng yaxshi aeroport” tanlovi savrindori bo‘ldi

15:52 05 Iyun 2018 Jamiyat
1713 0
Foto: O'zbekiston havo yo'llari

O‘zbekistonning “Urganch” xalqaro aeroporti 2017 yildagi faoliyati natijalari bo‘yicha “MDH davlatlarida eng yaxshi aeroport” tanlovining “Aeroport rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqida MAK axborot xizmati xabar berdi.

“Aeroport” FA uyushmasi tomonidan har yili tashkil etiladigan mazkur nufuzli tanlovda Urganch shahri aeroporti 2012 yildan buyon ishtirok etib, o‘tgan davr davomida qator yo‘nalishlarda tengsiz deb topilgan. Xususan, 2012-2014-yillarda “Ishlab chiqarish rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun”, 2015 yilda “MDH davlatlarida eng yaxshi aeroport”, 2016 yilda “Shiddat bilan rivojlanayotgan aeroport” va “Turizm rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun” kabi sohalarda laureat bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilda “Urganch” xalqaro aeroportida 1567 qatnov va 282136 yo‘lovchi, shu jumladan 43848 nafar xorijiy sayyohga xizmat ko‘rsatildi, 16649 tonna yuk, 11,141 tonna pochta va 14,305 tonna pullik bagaj jo‘natildi.

Bu yilgi yoz mavsumida ham aeroport “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK samolyotlarida, jumladan, Parij, Milan, Rimdan amalga oshirilayotgan charter qatnovlarida Urganch shahriga tashrif buyurayotgan ko‘plab turistlarni qabul qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?