Unutmang: mustaqillik – bu shunchaki rasmiy maqom emas, balki har bir yoshga oʻz taqdirini oʻzi belgilash imkonini beradigan buyuk neʼmat – Shavkat Mirziyoyev

14:43 30 Iyun 2025 Siyosat
163 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida yoshlarni kitob oʻqishga qiziqishini oshirishda tanlovlar muhim rol oʻynayotgani qayd etildi.

Birgina misol, Xorazmiy maktabining 8-sinf oʻquvchisi Dilbar Haydarova “Yosh kitobxon” tanlovida gʻolib boʻlib, ota-onasiga Prezident sovrini – avtomobil sovgʻa qildi.

“Dilbarxon qizim, sen oʻz misolingda inson chin dildan harakat qilsa, koʻp narsaga erisha olishini isbotlading, bu yoʻlda koʻpchilik uchun namuna boʻlding. Buning uchun katta rahmat senga! Rahmat seni katta qilgan ota-onangga!” dedi davlatimiz rahbari.

Yoshlarni aktyorlik, musiqa, kitobxonlikka qiziqishini oshirish uchun “Turon” teatri, “Iqtidor ansambli”, “Jadidlar izidan” kabi tanlovlar oʻtkazilib, ularda 400 mingga yaqin oʻquvchi ishtirok etdi.

Endi tanlovlarda gʻolib boʻlgan jamoalar chekka hududlardagi maktablarga muntazam borib, oʻz chiqishlari bilan tengdoshlarini madaniyat va sanʼatga qiziqtiradi. Buning uchun viloyat hokimlari bittadan avtobus olib beradi.

Respublika tanlovi gʻoliblariga madaniyat va sanʼat oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi.

“Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari bolalar va musiqa sanʼat maktablarida bepul oʻqitiladi.

“Yosh avlodni turli zararli taʼsirlardan asrash, ularga axborot makonida foydali, mazmunli maʼlumotlarni yetkazish va targʻib qilish doim eʼtiborimiz markazida boʻlishi zarur”, dedi Prezident.

Shu maqsadda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etilgani, markaz milliy madaniyat, sanʼat, adabiyot, tarix va maʼnaviy qadriyatlar asosida bolalarga moʻljallangan tarbiyaviy kontentlar yaratish uchun masʼul boʻlishi qayd etildi.

Joriy yildan boshlab mahallalarda oʻtkazilgan “Shijoat va gʻayrat” harbiy-sport musobaqalarida 244 ming yigit-qizlar ishtirok etdi, 1 milliondan ziyod yoshlar esa ularni katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Bu bellashuvlar vatanparvarlik, jasorat va jipslikni targʻib etadigan muhim harakatga aylandi.

“Mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini koʻz qorachigʻidek asrashda siz, aziz yoshlarimizga tayanamiz.

Unutmang: mustaqillik – bu shunchaki rasmiy maqom emas, balki har bir yoshga oʻz taqdirini oʻzi belgilash imkonini beradigan buyuk neʼmat”, dedi Prezidentimiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?