“Universiada — 2020” sport musobaqalari gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi, ularga “Prezident sovgʻasi” taqdim etildi

18:03 25 Mart 2021 Sport
2114 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-oktyabrdagi “Oʻquvchi va talaba yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 864-sonli qarori bilan “Universiada” sport oʻyinlarining respublika final bosqichini 2020-yilda 12ta sport turidan navbatma-navbat yurtimizning barcha hududlarida tashkil etish belgilangan edi.

Karantin cheklovlari munosabati bilan toʻxtatilgan barcha sport tadbirlari qatorida “Universiada-2020” sport musobaqalarining final bosqichi ham 2021-yilga kechiktirildi. Natijada ushbu sport musobaqasining respublika final bosqichi 2021-yilning yanvar-fevral oylarida oʻtkazildi.

“Universiada” sport musobaqalari talaba-yoshlar oʻrtasida sportning olimpiada va milliy turlarini rivojlantirish orqali yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, ularning irodasi, oʻz kuchi va imkoniyatiga boʻlgan ishonch, mardlik, vatanparvarlik, Ona yurtga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish kabi olijanob maqsadlarga qaratilgan.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishlarini tashkil etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5ta muhim tashabbusning ijrosini taʼminlash, talaba-yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishlarini oshirishni maqsad qilgan ushbu musobaqaning final bosqichi gʻoliblarini taqdirlash jarayoni bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etildi.

Tadbirni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov gʻolib ishtirokchilarni tabriklash bilan ochib berdi.

“Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yaratilayotgan keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar samarasi oʻlaroq yoshlarimiz har jihatdan barkamol boʻlib voyaga yetmoqda, «Universiada” musobaqalari yosh avlodni sogʻlom turmush tarzi tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning sportga boʻlgan qiziqishi, milliy gʻurur va iftixor tuygʻusini oshirish borasida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda», — dedi vazir oʻz nutqida.

Oʻtgan davr mobaynida ushbu musobaqalar yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylandi hamda ular uchun tajriba va mahorat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda. Bu sport oʻyinlarining aniq dastur asosida yurtimizning barcha hududlarida muntazam oʻtkazib kelinayotganligi talaba yoshlarda ham sportga boʻlgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.

“Universiada-2020” sport musobaqalarida umumjamoa hisobida 1-oʻrin Toshkent viloyati talaba yoshlariga nasib etdi. Toshkent viloyati nomidan gʻolibga atalgan sertifikatni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti jamoasi qabul qilib oldi. Keyingi oʻrinlarni mos ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Samarqand viloyati jamoalari egalladi. Gʻolib va sovrindorlar “Prezident sovgʻasi” bilan taqdirlanishdi.

“Universiada-2020” sport musobaqalari gʻoliblarini taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari Avazjan Karimov ham ishtirok etdi.

Sardor MULLAJONOV (“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?