Unashtirilgan yigit va qizni IIBga olib borib pul talab qilgan ikki katta leytenant ishdan boʻshatildi

15:38 04 Iyun 2021 Jamiyat
5652 0

Qashqadaryo viloyat IIB xodimlar bilan bogʻliq videotasvir yuzasidan munosabat bildirdi.

"2021-yil 8-aprel kuni Koson tumanidagi “Doʻstlik” mahallasi hududida fuqaro Gʻ.A unashtirilgan qizi O.H bilan “Kobalt” rusumli avtomashinada oʻzaro suhbatlashib oʻtirganda, katta leytenant I.Fayzullayev hamkasbi katta leytenant F.Astanov bilan birga Gʻ.Ani avtomashinasini asossiz va hech qanday hujjatlarsiz jarima maydoniga kiritib, O.Hni yengil tabiatli ayol sifatida roʻyxatga olishni bildirib, dastlab tuman tibbiyot birlashmasidan tan jarohati bor yoki yoʻqligi haqida tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, soʻngra tuman IIBga olib borishgan.

Qashqadaryo viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan I.Fayzullayev va F.Astanovlar sodir qilgan mazkur salbiy holat aniqlanib, ulardan fuqarolar Gʻ.A.va uning unashtirilgan qizi O.Hni nima sabab tuman IIBga olib kelib, ushlab oʻtirganligi soʻralganda, ular tomonidan hech qanday asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmagan.

Holat yuzasidan masʼul xodimlar tomonidan katta leytenant I.Fayzullayev va katta leytenant F.Astanovlardan tushuntirish xati olib boʻlingandan soʻng, ular tomonidan holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirishga harakat qilinib, bildirgi yozishib roʻyxatdan oʻtkazishga erishishgan.

Masʼul xodimlar tomonidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi davomida I.Fayzullayev va F.Astanovlar fuqarolar Gʻ.A. va O.Hlarning mazkur mahallada yashashligi, ularning shaxsi va yashash manzili aniq boʻlishiga qaramasdan, 4 soat davomida ushlab oʻtirgan boʻlsa-da, ularga nisbatan hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan, fuqaro Gʻ.Adan 4.900.000 soʻm miqdorda pul olib kelishini talab qilib, uning yonida boʻlgan «Samsung» rusumli qoʻl telefoni va 200.000 soʻm pullarini olib, avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarishga ruxsat berganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Koson tumani IIB masʼul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, katta leytenant I.Fayzullayev va katta leytenant F.Astanovlar IIO safidan boʻshatilgan va ularning harakatiga qonuniy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Koson tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Shuni maʼlum qilamizki Ichki ishlar organlari tizimiga adashib kirib qolgan xodimlarni tizimdan tozalash ishlari tizimli tarzda davom ettirilmoqda" deyiladi IIB matbuot xizmati xabarida.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?