Ularning maqsadlari yovuz va jinoiydir — Lobbizm nima?

20:50 08 Iyun 2022 Dunyo
623 0

Illyustrativ foto

Avvalo lobbizmning oʻziga taʼrif berib oʻtsak: Lobbi, lobbizm – davlat idoralari, qonunchilik, ijroiya, sud hokimiyatining mintaqalar iqtisodiyoti ayrim tarmoq va sohalarini, korxonalar va ijtimoiy guruhlarni obyektiv zarurat taqozosi bilan emas, balki maʼlum bir manfaatlarni koʻzlab, baʼzan mansabdor shaxslarni sotib olish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan faoliyat.

Lobbistlar hokimiyat vakillari qiyofasida oʻz himoyasidagilarga katta foyda beradigan davlat buyurtmasi, kredit, yordam, imtiyoz va litsenziyalar olishda, iqtisodiy va tijorat faoliyatida, yangi korxonalar ochish va ularni roʻyxatdan oʻtkazishda, raqobatchilarni sindirishda qulay sharoit yaratishga koʻmaklashadi.

Demak, lobbizm, oʻz navbatida, qonun ijodkorligi niqobi ostida qabul qilinadigan qonunlar hisoblanadi. Bundan koʻrinadiki, lobbistik faoliyat davlatdagi ijtimoiy adolat tamoyiliga taʼsir qilib, qonunning qonuniy ravishda korrupsiyaga yoki muayyan shaxslarning manfaatiga xizmat qilishiga olib keladi.

Shu oʻrinda Oʻzbekistonda lobbizmga yoʻl qoʻyilmasligini aytish zarur. Bizda qonun ijodkorligi jarayoni Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslangan va keng jamoatchilikni jalb etgan holda amalga oshiriladi. Lekin shuni ham aytish kerakki, bu  holat koʻpgina davlatlarda qonuniy hisoblanadi.

Demokratik jihatdan rivojlangan AQSH bunga yorqin misol boʻla oladi. Lobbizm asosan qonun ijodkorligi jarayonida maʼlum qatlam yoki iqtisodiy oligarxlar manfaatini koʻzlab parlament aʼzolarining ovozlarini sotib olish orqali yoxud ularga bosim oʻtkazish yoʻllari bilan qonunlar yoki siyosiy qarorlar qabul qilishga taʼsir etishga intilgan vaqtda yuzga chiqadi. AQSHlik professori M. Olson lobbizmning salbiy holatini shunday ifodalagan: “Ularning maqsadlari yovuz, jinoiydir. Chunki lobbistlar oʻz manfaati uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilishga qodir. Lobbistlar tor manfaatli kishilarga xizmat qiladi va jamiyat farovonligi haqida umuman qaygʻurishmaydi”.

Barak Obamaning AQSH prezidentligiga saylangandagi «Maʼmuriyatimda lobbichilarga oʻrin yoʻq», deb aytgan soʻzi ham  lobbizm yomon illat ekanidan dalolat berib turibdi.

Ammo tan olish kerakki, Amerikada siyosatning qaysi yoʻnalishda ketishi toʻligʻicha lobbichilar nazoratida. Yaʼni Amerikada sizni eshitishlarini xohlasangiz, albatta, lobbist yollashingizga toʻgʻri keladi. Demak, inson huquqlari hamma narsadan ustun, deb jar solinuvchi Amerikada ham bu illat mavjud.

Xavfli tomoni shundaki, lobbistlarning aksariyati oʻz sohasini yaxshi biladigan huquqshunoslardir. Aslida, huquqshunoslar insonlar manfaatini himoyalashi va adolatni taʼminlashi lozim, oligarxlar manfaati uchun xalq manfaatlariga ziyon yetkazmasligi kerak. Lobbichilar odatda xalq manfaati uchun kurashayotganini roʻkach qilsada, amalda muayyan va tor doira uchun xizmat qilayotgan boʻladi. 

Bu haqda bejiz batafsil toʻxtalayotganimiz yoʻq. Lobbistik harakatlar koʻpincha mamlakat taraqqiyotiga hal beradi, jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga jiddiy futur yetkazadi. Shu maʼnoda, bugun biz bu xavfdan ogoh boʻlishimiz kerak. Negaki, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, saytlar yoki blogerlar yordamida lobbistik gʻoyalarni xalq ongiga singdirishga urinishlar kuzatilmoqda.

Malikadiana ISROFILOVA, OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?