Ular hamisha eʼtiborda

18:11 03 Dekabr 2021 Jamiyat
303 0

Foto: "Xalq so'zi"

Xalqaro nogironlar kuni bu yil ham Namangan viloyatida esda qolarli tadbirlar bilan nishonlandi. Xususan, viloyat  markazining “Sharshara” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan bir guruh koʻzi ojiz fuqarolar oʻzlari yashayotgan ikki qavatli uyni mukammal taʼmirdan soʻng yangi qiyofa va munosib shart-sharoitlar yaratilgan holda qabul qilib oldilar. Binodagi  mavjud 36 ta xonadon keyingi  paytlarda nihoyatda taʼmirtalab boʻlib qolgan edi.  Xomiylar koʻmagida imoratning  kommunikatsiya tarmoqlari butunlay yangilandi. Tomi taʼmirlanib, energotejamkor isitish vositalari, akfa eshik va romlar oʻrnatildi, kirish yoʻlaklari pardozdan chiqarildi.Turarjoy hududida qurilgan bolalar maydonchasi va tandirxonalar yashovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

— Sizlar hamisha eʼtibor va eʼzozdasiz, — dedi xonadonlar taqdimotida soʻz olgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov. — Shinam turar joylar  saodatli kunlaringizga  xizmat qilsin.

Namangan shahrida kar-soqovlar jamiyati viloyat boʻlimi yangi ofisi ham  foydalanishga topshirildi. Bobur shoh koʻchasidagi maʼnan eskirgan bino oʻrnida qad rostlagan  zamonaviy  ofisda  eshitishi va gapirishida nuqsoni boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan. Bu yerda   maxsus kitoblar jamlangan kutubxona ham tashkil etildi.

Farhod MAMADALIYEV,  Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?