Ukraina oʻz hududlarini qaytarib olish huquqiga ega — AQSH Davlat kotibi

13:10 01 Oktyabr 2022 Dunyo
1516 0

Foto: Reuters

Kecha Kremlda Rossiya tarkibiga toʻrtta yangi hudud — Ukrainaning Donesk Xalq Respublikasi (DXR), Lugansk Xalq Respublikasi (LXR), shuningdek, Xerson va Zaporojye viloyatlarini qabul qilish toʻgʻrisidagi bitimlar imzolandi. 

Hujjatlarni Rossiya tomonidan prezident Vladimir Putin, DXR va LXR tomonidan ularning rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnik, Xerson va Zaporojye viloyatlaridan viloyat rahbarlari Vladimir Saldo va Yevgeniy Baliskiy imzoladi.

Rossiyaning bu harakati xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa Gʻarb davlatlarining keskin noroziligiga sabab boʻlmoqda.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Ukraina Rossiya tarkibiga kirgan hududlarni qaytarib olish huquqiga ega. 

Unga koʻra, “Katta yettilik” (G7) referendum natijalariga koʻra Ukraina viloyatlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritishni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar va shaxslarga nisbatan chora koʻrish niyatida.

“Shuningdek, biz G7ning barcha yetakchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan aniq ogohlantirish beramiz: biz Rossiyaning Ukraina hududi maqomini oʻzgartirishga boʻlgan noqonuniy urinishlariga siyosiy yoki iqtisodiy yordam koʻrsatgan har qanday shaxs, har qanday tashkilot yoki davlatni javobgarlikka tortamiz”, dedi u.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Lugansk va Donesk xalq respublikalari, shuningdek, Zaporojme va Xerson viloyatlarining Rossiyaga qoʻshilishini izohlar ekan, Qoʻshma Shtatlar Ukrainani sobiq chegaralari doirasida tan olishda davom etishini maʼlum qilgandi.

Ayni paytda Ukrainada Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarining “maxsus harbiy operatsiyasi” davom etmoqda. Uni Putin shu yilning 24-fevral kuni eʼlon qilgan edi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy qilgani, unga oʻnlab jismoniy va yuridik shaxslar kiritilgani xabar qilingandi. Bu haqda mamlakat AQSH Moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Yangi roʻyxatdan Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustinning oilasi, Markaziy bank rahbari Elvira Nabuillina, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari Dmitriy Medvedevning oilasi, Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkoning oʻgʻli, Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu joy oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?