Uysiz mushukni ovqatlantirgan oʻquvchi qizga noutbuk va boshqa sovgʻalar topshirildi

11:03 02 Dekabr 2020 Jamiyat
582 0

Futbol bilan xayrlashuv oʻyinida maydonni tark etayotgan afsonaviy Pele koʻz yoshlarini tiya olmay, birgina ibora, “bolalarni seving”, deya olgan edi. Haqiqatan ham bola qalbi begʻubor, gard yuqmagan oppoq varaq.

Shunday bolalardan biri Zarafshon shahridagi 4- umumtaʼlim maktabining 2-sinf oʻquvchisi Janerki Ernazarova Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati Dilnavoz Nosirovaning eʼtiborini tortib, uni harakatini tasvirga oladi.

Janerki maktab darvozasi yonida uysiz mushukchani oziqlantirayotgan edi.

Deputat tasvirni Facebook tarmogʻidagi oʻz sahifasiga joylashtirib, “Yaxshiyam bu dunyoda bolalar bor. Ularning pok va begʻubor qalbi ana shu dunyoni tutib turibdi. Zarafshon shahridagi maktabning birida shu sovuq havoda qizcha oʻtib ketolmay, sumkasidagi pishiriqni chiqarib mushukni ovqatlantirdi. Ayrimlar uchun bu oddiy holdek tuyilishi mumkin ammo meni juda taʼsirlantirdi” deb yozib qoʻydi.

Janerkining jonivorlarga mehribonligi Respublika Davlat ekologiya qoʻmitasi va viloyat Ekologiya boshqarmasi mutasaddilarini ham befarq qoldirmadi. Ular jajji qizaloq, ota-onasi hamda oʻqituvchilariga minnatdorchilik bildirish maqsadida Zarafshon shahar 4- maktabga kelib, ekologlarning esdalik sovgʻalari — noutbuk, oʻyinchoq, kitoblar jamlanmasi, shirinliklar, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi va tashakkurnomalarni tantanali ruhda topshirishdi. Albatta, sinfdosh va maktabdoshlarining Janerkiga havasi kelganligi tabiiy.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?