Uyida fohishaxona ochgan fuqaroga ozodlikni cheklash chorasi tayinlandi

16:48 22 Oktyabr 2021 Jamiyat
556 0

Illyustrativ foto

Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida oʻz uyida fohishaxona ochgan fuqaro Z.D.ga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi.

– Bugungi kunda halol yoʻl bilan daromad topishning koʻplab imkoniyatlari mavjud, – deydi Andijon viloyat sudi matbuot xizmati rahbari Nurillo Noʻmonov. – Qoʻlida kasb-hunari yoʻq inson ham bir bogʻ koʻkat sotib, daromad topsa boʻladi. Qolaversa, hukumatimiz tomonidan kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan islohotlar oʻzining ijobiy natijasini koʻrsata boshlagan bir paytda fohishalik bilan shugʻullanayotganlarni, bu illatga sharoit yaratib berayotganlarni umuman oqlab boʻlmaydi.

Maʼlum boʻlishicha, qoʻrgʻontepalik fuqaro shu yilning 17-mart kuni nafsini jilovlay olmagan toʻrt nafar shaxs xohishiga koʻra yetarli sharoit yaratib bergan.

– Opa bilan telefon orqali xonadonidan foydalanish uchun ruxsat soʻradik, – deydi guvoh F. Q. – Xizmat haqini 100 ming soʻmga kelishdik.

Yaxshiyamki, har ishda hushyor ichki ishlar xodimlari bor. Mahallada yuzaga kelgan nooʻrin xatti-harakatlardan xabar topgan osoyishtalik posbonlari voqea joyida hozir boʻldilar.

– Sudlanuvchiga nisbatan ozodlikni cheklash chorasi tayinlandi, – deydi sudya Ozodbek Neʼmatillayev. – Fuqaro maʼlum vaqt ichki ishlar xodimlari nazoratida boʻladi va ruxsatsiz yashash joyini oʻzgartirmaydi. Qolaversa, kechki 20:00 dan ertalabki 6:00 gacha yashash joyidan tashqariga chiqishi taʼqiqlanadi.

Inson qadr-qimmati hamma narsadan ustun! Biroq, ana shu qadriyatni bir lahza yoʻqqa chiqarishdan osoni yoʻq. Sudlanuvchi ham oʻziga qoʻllanilgan jazodan toʻgʻri xulosa chiqararmikan? Bu endi uning vijdoniga havola.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?