Uygʻonish davrining dasturilamali

16:13 11 Noyabr 2020 Siyosat
382 0

“Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni yurtimizda taʼlim-tarbiya va ilm-fan taraqqiyotiga birlamchi eʼtibor qaratilayotganining yana bir tasdigʻi boʻldi.

Ushbu farmonga nafaqat mustaqillikkacha, balki undan keyingi davrda ham yetarlicha eʼtibor qaratilmagan sohalar, xususan, taʼlim-tarbiya, ilm-fan rivoji bilan bogʻliq masalalarni bartaraf etish hamda yigʻilib qolgan muammolar yechimiga xizmat qiladigan tarixiy hujjat deya taʼrif berilyapti.

Zotan, Farmonda alohida qayd etilganidek, bugun chindan ham “Milliy taʼlim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-maʼrifat egalari, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom insonlar etib tarbiyalash, taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda”.

Agar davlatimiz rahbarining 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirdagi maʼruzasida Oʻzbekistonda Uchinchi uygʻonish davrining mazmun-mohiyati ochib berilgan boʻlsa, jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama etilgan yangi Farmon UYGʻONISH gʻoyasini amalga oshirishning tom maʼnodagi dasturilamali boʻldi.

Farmonning tarixiyligi shundaki, unda birinchi marta taʼlim tizimiga jamiyatning har bir aʼzosi masʼul etib belgilanganidir. Bundan buyon oʻqituvchi maqomini oshirish, uning avvalgi obroʻ-eʼtiborini tiklash, taʼlim muassasalaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash hokimliklar zimmasidagi asosiy vazifa sifatida belgilab qoʻyilgan boʻlsa, Xalq taʼlimi vazirligining maktablar mazmuniga javob berishi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi. Boshqacha aytganda, bundan buyon mahalliy rahbarlar ishiga paxta, gʻallaga qarab emas, taʼlim-tarbiya uchun yaratilgan shart-sharoitga, ilmli-maʼnaviyatli yoshlarga qarab baho beriladigan boʻlyapti.

Avval ham taʼkidlanganimdek, farmon loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan kundan boshlab 1400 nafarga yaqin deputatlarimiz maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi vakillari bilan uchrashib, ularning fikrlarini, talab va takliflarini oʻrgandilar. Eng joʻyali takliflar umumlashtirilib, Prezident Administratsiyasiga taqdim etildi.

Masalan, umumtaʼlim maktablarida joriy qilingan “Tarbiya” darsligining milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan, ilmli-iymonli, fidoyi yosh avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini nazarda tutib, ushbu darsni matematika, geografiya yoki tarix fani oʻqituvchisi emas, balki psixologiya, pedagogika va fiziologiya bilan birga diniy hamda dunyoviy bilimlarga ega boʻlgan tarbiyachilar oʻtishi maqsadga muvofiq, degan taklifni berdik.

Maʼlum boʻlishicha, organizmi oʻsish jarayonida boʻlgan har qanday bola och qolgan paytda tajovuzkor va sabrsiz boʻlib ulgʻayadi. Bunday holatlarda bolalar nafaqat bilimga eʼtiborsiz, balki nihoyatda tor fikrli ham boʻlib qoladilar. Masalaning ana shunday nozik jihatlarini eʼtiborga olib, maktablarimizda xususiy sheriklik asosida oshxonalar tashkil etish, 1-5-sinf oʻquvchilarini yengil tushlik bilan taʼminlash masalasini dolzarb masalalardan biri sifatida ilgari surdik.

Farmonda bir qarashda unchalar eʼtibor tortmaydigan, ammo yangi avlod kelajagi bilan bogʻliq boʻlgan ogʻriqli masalalargacha qamrab olindi. Xususan, unda pedagog xodimlarga malaka toifalarini berish boʻyicha navbatdagi attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun yigʻim undirilmasligi, navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagina yigʻim undirilishi belgilandi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab esa olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida har oylik kompensatsiyasi toʻlanishi belgilandi. Shuningdek, tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumtaʼlim muassasalari direktorlarining mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantirilishi qayd etildi.

Farmonda Xalq taʼlimi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yiliga qadar oʻquvchilar bilimini baholash jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini taʼminlash maqsadida barcha umumtaʼlim muassasalarida “Elektron kundalik” dasturini joriy etish belgilandi.

Shuningdek, hujjatda Xalq taʼlimi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 7-sinfdan boshlab oʻquvchilar oʻrtasida interaktiv soʻrovnomalar oʻtkazishi, bolalarning kasb-hunarga boʻlgan qiziqishlarini aniqlash va shu asosda maʼlumotlar bazasini yaratish, har oyda bir marta “Kasblar olamiga sayohat” mavzusida maxsus kurslar tashkil etish, 8-sinf oʻquvchilari uchun esa har chorakda kamida bir marta “Mening kelajakdagi kasbim” mavzusida seminar-treninglar oʻtkazib, oʻquvchilarni kasblarga yoʻnaltirish tadbirlarini oʻtkazish belgilab qoʻyildi.

Bundan buyon 9-sinf oʻquvchilarining kasbiy moyilligi boʻyicha oʻtkazilgan pedagogik-psixologik tashxislar natijalari asosida kelgusida aniq ishchi kasblar boʻyicha kasb-hunar maktablarida taʼlim olishi mumkin boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida kasbga yoʻnaltirish ishlari olib boriladi. Bunday tadbirlar va qatʼiy choralar birinchi marta belgilanayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Hech kimga sir emaski, yaqin 20 yil mobaynida oʻzbek tilining texnologik taraqqiyoti va ilm tili darajasiga koʻtarilishi uchun yetarlicha harakat qilmadik. Bu sohada Prezident tomonidan imzolangan «Oʻzbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonigina tub burilish yasadi, deyish mumkin. Shu maʼnoda, oʻzbek tilining ilm tili boʻlishi uchun koʻplab adabiyotlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish kerakligini chuqurroq anglab yetyapmiz. Bugun ilm bilan shugʻullanib, olimlikka daʼvo qilayotgan shaxslar shubhasiz, xorijiy tillardagi ilmiy adabiyotlardan keng foydalanyaptilar. Xususan, ulardan xorijning nufuzli jurnallarida maqolalar ham chiqarish talab etiladi. Bizningcha, ana shunday yosh olimlarimizga qoʻshimcha tarzda ilmiy daraja olishning asosiy shartlaridan biri sifatida oʻzi foydalangan bitta xorijiy tildagi adabiyotni oʻzbek tiliga tarjima qilish majburiyatini ham yuklash vaqti keldi. Bu bilan ular ilm-fanimiz rivojiga, ayniqsa, yosh olimlarning intellektual salohiyatlari oshishiga hissa qoʻsha boshlaydilar.

Tilimizga munosabat, taʼlim tizimidagi inqilobiy oʻzgarishlar, sohaga ajratilayotgan mablagʻlar miqdorining yildan-yilga oshirilayotgani, maktabgacha taʼlim tizimining esa tom maʼnoda tarbiya oʻchogʻiga aylanayotgani ham Oʻzbekistonda Uchinchi uygʻonish davri uchun zamin tayyorlanayotgani balandparvoz gaplar emasligidan dalolat beryapti.

Toʻgʻri, bu oson va tez egallanadigan marra emas. Ilm-fan, ayniqsa, taʼlim tizimida yoʻlimizga toʻgʻanoq boʻlayotgan muammolar koʻp hali. Ammo keyingi toʻrt yil har qanday muammoni hal etish, yakdillikda har qanday toʻsiqlarni yengib oʻtish mumkinligini koʻrsatdi. Xalqimiz qisqa fursatda iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda salmoqli natijalarga erishish mumkinligini ham isbotladi. Eng muhimi ana shu davrda uzoq va yaqin oʻtmishda yoʻl qoʻyilgan xatolardan xulosalar chiqarildi. Xususan, qoʻshnilarimiz bilan qardoshlik aloqalari tiklandi. Dini, tili, anʼana va urf-odatlarigacha egizak boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida kimlarningdir manfaati, xohishi va hatto aralashuvi bilan qanchadan-qancha ijtimoiy, iqtisodiy muammolar yechilmay qolayotgan edi. Faqat va faqat Oʻzbekiston Prezidentining siyosiy irodasi bilan 60 milliondan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mintaqada goʻyo uzoq vaqtdan beri qizdirilayotgan qozon ochib tashlangandek boʻldi. Chegaralardagi tuynuklar oʻrniga esa darvozalar ochildi.

Yangi Oʻzbekistonda yangicha qarash va yondashuvlar asosida muqaddas dinimizga boʻlgan munosabat, uning hayotimizdagi beqiyos oʻrnini baholash mezoni ham oʻzgardi. Tilga boʻlgan munosabatda yuzaki qarashlardan voz kecha boshladik. Inson huquqi va manfaati oliy qadriyat ekani haqidagi tamoyillar faqat qogʻozlarda aks etishiga chek qoʻyildi. Jamiyatda soʻz va matbuot erkinligi kafolatlandi. Urf-odat va anʼanalar hamda unutilayotgan qadriyatlarga faqat madaniy meros sifatida emas, balki taraqqiyotimizning maʼnaviy ustunlari sifatida qaray boshladik.

Bugungi hayotimiz aynan ana shu jihatlari bilan ham bizni tarix va mangulik bilan uygʻunlashgan jarayonlar ishtirokchisiga aylantiryapti, desak xato boʻlmaydi. Shuning uchun ham tub oʻzgarishlarning taraqqiyot jarayonlari bilan chambarchas bogʻliq ekanini qancha tez va chuqur anglasak, har tomonlama rivojlangan davlatni farzandlarimizga meros qoldirish masʼuliyatini shuncha tez anglay boshlaymiz.

Sir emaski, dunyoning sanoqli xalqlarigina sivilizatsiya hodisasiga guvoh boʻlganlar. Oʻzbek xalqi esa dunyo tan olgan ikki Renessans hodisasini boshdan kechirgan. Ayrim manbalarda Movarounnahr – Turon – Turkiston – Oʻzbekiston uch marta sivilizatsiya hodisasini boshdan kechirgani taʼkidlanadi. Tahlilchilar dunyoviy dinlardan biri boʻlgan Zardushtiylik dinining dunyoga kelishini va Osiyo, Afrika mamlakatlari hududida uzoq yillar insoniyatni maʼrifatga daʼvat etganini ham sivilizatsiyaviy hodisa deb atashadi. Darhaqiqat, Zardushtiylik bundan 3 ming yil muqaddam qadimiy Xorazmda dunyoga keldi. Koʻpxudolilik sharoiti vujudga kelgan bir paytda aynan Zardushtiylik yakkaxudolik gʻoyasini ilgari surdi. Turli urugʻlar, qabilalar oʻrtasidagi jangu jadallarga, xilma-xil qarashlarga chek qoʻyib, ular eʼtiqodini birlashtirdi va yagona Allohga sigʻinish orqali ilk jamoatchilik turmush tarzini vujudga keltirdi. Giyohlarni bosma, suvga tupurma, hasharotlar va qushlarga ozor berma, olovga gustohlik qilma qabilidagi oddiy axloq meʼyorlaridan tortib, olam va odam, olam va tabiat oʻrtasidagi munosabatlargacha boʻlgan umuminsoniy qadriyatlarga bogʻliq gʻoyalarni ilgari surdi.

Aslini olganda bu ilk davlatchilikning boshlanishi, yaʼni oʻsha davr uchun ilk sivilizatsiyaviy hodisa boʻlgan. Shu oʻrinda Zardushtiylik dinining mazmun-mohiyatini chuqur anglagan xalq tomonidan chin maʼrifat dini boʻlgan Islomni qabul qilish jarayoni oson kechganini ham alohida taʼkidlash joiz.

Yana bir faxrlanadigan jihatimiz – Xorazmiyning oʻnlik raqamini, xususan, nol raqamini yaratgani bugunga kelib, insoniyat aqlu idrokini hayratda qoldirayotgan kibernetika, kosmonavtika va kompyuter tizimiga asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Bugun oddiy telefonning birgina murvatini bosib, Yer sharining xohlagan nuqtasi bilan bogʻlana olamiz. Ana shu aqlga sigʻmas moʻjiza zamirida esa al-Xorazmiy kashf etgan Algoritm mujassamdir.

Yana bir buyuk alloma — Abu Rayhon Beruniy esa qoʻlbola asbob-uskunasi bilan Yer sharining dumaloq ekanini isbot qilgan. Yaʼni, u yerning aylanasi va radiusi uzunligining aniq hisob-kitobini chiqargan. Yer shari xaritasini tuzib, globusni yaratgan. Biz oʻtirgan yerning narigi tarafida quruqlik borligini isbot qilib, Yer oʻz oʻqi va quyosh atrofida aylanishi nazariya­sini yaratgan.

Xalqimiz tarixidagi ikkinchi sivilizatsiya hodisasi bu – XIV-XVIII asrlardagi sohibqiron Amir Temur va temuriylar nomi bilan bogʻliq. Tarixning guvohlik berishicha, ushbu davrda davlatchilik, davlat boshqaruvi, fan, madaniyat, adabiyot va sanʼat, ijtimoiy hayot darajasi misli koʻrilmagan darajada rivojlangan. Birgina Sohibqironning davlat boshqaruvi dunyo davlatchiligining etaloni maqomini olgan. Ulugʻ arab olimi Ibn Xaldun jahon davlatchiligi haqida shunday deydi: «Temur davri bashariyat tarixi inkishofining eng yuksak nuqtasidir. Dunyo yaratilganidan beri bunday bir davlat qurilmagandir. Bobil va Eron hukmdorlari va Iskandar bu buyuk turk hukmdoriga nisbatan koʻlaga boʻlib qoladi. Zero, davlat asabiya ruhi ustiga quriladi va uning ahamiyati ham shu milliy asabiyaning qudrati darajasida boʻladi. Asabiya xususida esa dunyoda hech bir millat turklarga teng kelolmaydi».

Demak, bugun biz qurayotgan huquqiy-demokratik davlat, qonun ustuvorligi, erkin fuqarolik jamiyatining ildizlari asli Amir Temur saltanatiga borib taqaladi. Davlatimiz rahbarining jamiyatda adolatning hamisha ustuvor boʻlishi, qonun oldida barchaning tengligini taʼminlash, shu asosda jamiyatda ijtimoiy adolatning barqaror boʻlishi borasidagi daʼvat hamda chaqiriqlari ham yangi Oʻzbekistonda Amir Temur davlatchiligi tajribalari qayta tiklanayotganidan dalolat bermoqda.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham fenomen sifatida shakliyu mazmuni, zohiriyu botini mukammal boʻlgan, oʻzini gʻoyatda ulkan madaniyat egasi va tarbiya sohibi sifatida namoyon qila olgan noyob shaxs edi. Davlat boshqaruvida adolat tamoyillarini izchillik bilan qaror toptirgan Bobur Hindistonda bir necha katta-kichik davlatlar oʻrtasidagi qonli toʻqnashuvlarga chek qoʻyib, barqaror turmush tarzi va izchil taraqqiyot uchun sharoit yaratdi. Bu insoniyat tarixidagi oʻziga xos buyuk hodisa edi.

Bir soʻz bilan aytganda, sivilizatsiyaviy hodisalar har qanday xalqning oʻzligini anglashidan boshlanadi. Qachonki millat tarixiy taraqqiyoti davomida oʻz qadriyatlarini rivojlantirish yoʻlidan izchil borsa, Renessans hodisasi yuz beradi.

Yangi Oʻzbekiston esa aynan ana shu yoʻldan bormoqda. Qadriyatlar tiklanyapti, ilm-fanga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti, ustoz soʻzi, murabbiy soʻzi, maktab soʻzining ogʻizda boru aslida allaqachon yoʻqotilgan maʼnosi, mohiyati kelajak bilan bogʻliq ekani ongimizga singdirilyapti. Mana toʻrt yildirki, maʼnaviyatsiz, tarbiya va zamonaviy taʼlimsiz bir qadam ham oldinga yurib boʻlmasligi taʼkidlanyapti.

Shuni ham qayd etish joizki, Oʻzbekiston uzoq davom etadigan va nihoyatda murakkab jarayonga jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiyani rivojlantirish orqali kirib bormoqda. Buni 29-oktyabr kuni imzolangan, ilm-fan sohasida yangi sahifa ochadigan “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni misolida ham koʻrish mumkin. Bu esa jamiyatdagi barcha oʻzgarishlar muallifi hisoblangan inson uchun fikr va ijod erkinligi, qulay mehnat va turmush sharoiti yaratish borasida tizimli ishlar olib borilayotganidan dalolatdir.

Tarixdan maʼlumki, niyati ulugʻ boʻlgan har qanday xalqning orzu istaklari doimo ushalgan.

Zero, ezgu niyatlar haqida gap borganida Imom Buxoriy hazratlarining «Al-Jomeʼ as-Sahih» asari “Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi” degan hadis bilan boshlanganini bugun yana bir bor eslash oʻrinlidek tuyuladi.

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?