Uychida 9-sinf oʻquvchisi besh yuzdan ortiq ovozli buyruqni bajara oladigan sunʼiy intellekt yaratdi

10:34 24 Oktyabr 2021 Jamiyat
118 0

Foto: Халқ сўзи

Namangan viloyati Uychi tumanidagi 16-umumtaʼlim maktabida tahsil olayotgan Abulaziz Nosirjonov uch yildan buyon ingliz tilini oʻrganib keladi. Fanlarni oʻzlashtirish barobarida axborot texnologiyalariga ham qiziqishi katta. Murakkab dasturlar, saytlar ustida ishlash, konstruktorlik – eng sevgan mashgʻuloti. Izlanuvchan yigitcha ayni yoʻnalishdagi intilishlari natijasida oʻziga hos ixtiro yaratib, “Oʻzbekiston uchun 100 loyiha” tanloviga taqdim etdi. Hindistonliklar bilan birgalikda ishlangan mazkur loyiha Windows operatsion tizimlariga oʻrnatiladigan sunʼiy intellekt boʻlib, u ovozli buyruqlarni bajarishga moslashtirilgan. Loyihani word, power point, excel, umuman, kompyuterda mavjud boʻlgan barcha dasturlarga kiritish mumkin.

Dastur yordamida, masalan, mashinaning eshiklarini ochish-yopish, dvigatelni yondirish va oʻchirish, oynalarni koʻtarish va tushirish, hatto avtomobil radiosiga musiqa buyurtma qilish imkoniyati mavjud. Aqlli uy dasturi ham xuddi shunday buyruqlar asosida boshqariladi. Uni qoʻllab, xonadondagi elektr uskunalarini oʻchirish-yoqishni ovozli buyruq bilan amalga oshirsa boʻladi.

Yosh ixtirochi yaratgan intellekt hozircha ingliz tilida berilgan buyruqlarga “quloq tutyapti”. Bu shundayligicha qolmaydi. Nosirjon yangilikni takomillashtirish ustida ish olib bormoqda. Bu harakati nihoyasiga yetishi bilan dastur oʻzbek tilida berilgan koʻrsatmani ham bajarishga kirishadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?