Uychi tumanida yangilangan maktab 1 ming 650 oʻquvchini bagʻriga oladi

13:31 31 Avgust 2022 Jamiyat
302 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyati Uychi tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida yangi oʻquv yilidan boshlab zamon talablari asosida oʻqish va oʻqitish imkoniyatlari yanada kengayadigan boʻldi. Bu yerda Investitsiya dasturi doirasida 9 milliard 456 million soʻm sarflanib, 420 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi bunyod etildi, mavjud 690 oʻrinli bino mukammal taʼmirdan chiqarildi. Taraqqiyot asriga xos, zamonaviy va muhtasham qiyofa kasb etgan maktabda endilikda 1 ming 650 nafar oʻgʻil-qiz tahsil oladi.

— Oʻquv xonalari yetishmagani bois mashgʻulotlarni ikki smenada tashkil etib kelayotgan edik, — deydi maktab direktori Akmaljon Abdullayev. — Bunday sharoitda laboratoriya ishi, toʻgaraklar faoliyati haqida gapirishga oʻrin ham qolmaydi. Endi yangi tiklangan uch qavatli binoning oʻzida 14 ta sinf xonasidan tashqari mehnat, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan maxsus sinfxonalar mavjud.

Yangilangan maktab binosi taqdimoti eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz tantanalariga ulanib ketdi. Tadbir ishtirokchilari muhtasham inshootni barpo etishda jonbozlik koʻrsatgan quruvchilarga alohida minnatdorlik bildirishdi.

Maʼlumot uchun, Namangan viloyatida 2022-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, 13 ta maktabda mukammal taʼmirlash, 14tasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 6 ta umumtaʼlim maskani yangidan qurilmoqda. Ayni maqsadlar uchun 213 milliard soʻm mablagʻ sarflash koʻzda tutilgan.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?