Uy-joylarga xizmat koʻrsatishda yangicha tajribalar qoʻllaniladi

13:06 01 Iyun 2021 Iqtisodiyot
359 0

Yangi Oʻzbekiston koʻz oʻngimizda katta qurilishlar, yangilanishlar, bunyodkorliklar maydoniga aylandi. Yurtimizning qay bir goʻshasiga bormang, shahar va qishloqlarda aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilayotganiga guvoh boʻlasiz. Xususan, soʻnggi uch yilda 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, koʻp kvartirali uy-joylar soni 2 barobar oshgani ham fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.

Natijada koʻp yillardan buyon ijarama-ijara yashab, uy-joy olish niyatida yurgan minglab odamlarning orzu-istaklari roʻyobga chiqdi. Ochigʻini aytganda, agar bu ezgu ishlar Prezidentimiz boshchiligida oʻz vaqtida boshlanmaganida edi, bugun bunday natijalarga erishib boʻlmas edi.

Albatta, bu juda katta yutuq. Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Yangi uylar, zamonaviy massivlar koʻpayishi ortidan ularga xizmat koʻrsatishning dolzarbligi ham ortib bormoqda. Chunki bu boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovlarda koʻp qavatli uylarda yashovchi 35 foiz aholi koʻrsatilayotgan xizmatlardan norozi ekani, 65 foizi shirkatlar ishini amalda sezmayotganini aytgan.

Joriy yil 28-may kuni Prezidentimiz raisligida koʻp qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilib, mavjud muammolar yechimi yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgani boisi ham shunda.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida mablagʻlarni samarasiz ishlatish, byudjet mablagʻlarini talon-taroj qilish holatlari koʻp uchramoqda. Jumladan, oxirgi 2 yilda sohadagi yuzga yaqin mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan. Shu bois, koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilinib, viloyat markazlari, shuningdek, Nukus, Chirchiq va Angren shaharlarida ayrim mavzelarni tajriba tariqasida malakali boshqaruv-servis kompaniyalariga berish zarurligi taʼkidlandi.

Albatta, shuning oʻzi bilan masala hal etilmaydi. Endilikda ushbu kompaniyalar faoliyatini reyting asosida baholash joriy qilinib, xizmat koʻrsatishi yaxshi boʻlganlariga obyekt soni koʻpaytirib beriladi. Barcha boshqaruv-servis kompaniyalarida 24 soat ishlaydigan buyurtma berish markazlari tashkil etiladi. Bu esa raqobat asosida sifatni oshirishga yoʻl ochadi.

Sir emaski, koʻp hollarda shirkatlardagi qarzdorlik xizmatlar narxidagi nomutanosiblik tufayli kelib chiqadi. Bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun endi uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va meʼyorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlashi joriy etiladi. Bunda hududiy kommunal xizmat boshqarmasi tarif parametrlarini bandma-band asoslab, qiladigan ishlari va koʻrsatadigan xizmatlari boʻyicha rejalarini taqdimot qiladi.

Yana bir eʼtiborga molik jihati shuki, bundan buyon ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni saqlashga majburiy toʻlovlar uchun subsidiya ajratiladi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga shu yil 1-oktyabrdan boshlab majburiy toʻlovlarni billing tizimida amalga oshirish boʻyicha yagona elektron platformani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, yangi qurilgan koʻp kvartirali 3 mingta uyga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilmagani bois, ular uchun boshqaruv kompaniyalari tashkil qilish zarur. Insonning yashash sharoiti yaxshi, tayinli ish joyi, daromad manbai boʻlmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik boʻlmaydi. Shu nuqtayi nazardan, qurilishda korrupsiya omillarini yoʻq qilib, xalqning puli nazoratini kuchaytirish masala yechimiga qaratilgan eng toʻgʻri yoʻldir.

Yigʻilishda Osiyo taraqqiyot bankining 50 million dollar krediti hisobidan aholi zich, uy-joyga talab yuqori boʻlgan tumanlarda kamida 3 mingta xonadonli koʻp qavatli uylar qurilishi qayd etildi. Bu ayni vaqtda ijarada yashab, “vatanli” boʻlishni niyat qilib yurgan koʻplab fuqarolarning koʻnglini togʻday koʻtarib yubordi. Bunda hududlarni obod qilish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish ham muhim oʻrin tutadi. Xususan, joriy yilda 7 ming 794 ta qishloq va mahalladagi sharoitlarni yaxshilash uchun 18 trillion soʻm yoʻnaltirilgani, aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, ichki yoʻllar qurish va taʼmirlashga yana 300 million dollar ajratilgani aytib oʻtildi.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari boshchiligida ushbu yoʻnalishdagi muammolarning samarali yechimini topish, aholini arzon va sifatli uy-joy bilan taʼminlashga katta mablagʻlar ajratilyapti. Endilikda mana shu mablagʻlarning toʻgʻri va maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatilishi lozim. Nazorat kuchli joyda esa rivojlanish, yuksalish boʻladi, odamlar hayotdan rozi yashaydi.

Abdulla Roʻzmetov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?