Uy-joy sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ vakolatlari belgilanmoqda

19:09 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
101 0

Ayni kunlarda “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasida ikkinchi oʻqishga tayyorlanyapti.

Kodeks loyihasida binolarni turarjoy sifatida tasniflash, turarjoylar va noturarjoylar toifasiga oʻtkazish, uy-joy fondini hisobga olish va turarjoylarni fonddan chiqarish, davlat uy-joy nazorati, xususiy uy-joy fondining turarjoylaridan foydalanish hamda mulkdorlar huquqlarini himoya qilish masalalari oʻz aksini topmoqda.

Shuningdek, loyihaga uy-joy qurish, koʻp xonadonli uylarni qayta qurish va qayta rejalashtirish, fuqarolarni turar-joy bilan taʼminlash, kooperativ uylardan turar-joy olish va ulardan foydalanish boʻyicha aniq normalar kiritilmoqda. Xususan, turar joy mulkdorining huquq va majburiyatlari doirasi kengaytirilib, koʻp kvartirali uylardan foydalanish va saqlash bilan bogʻliq cheklovlar hamda uy-joy sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organning vakolatlari belgilanmoqda.

Kodeks loyihasiga uy-joy va kommunal xizmatlar haqini toʻlash, kommunal xizmat koʻrsatuvchi taʼminotchilar, koʻp xonadonli uylarni boshqarish organlari va koʻp xonadonli uylarning joy mulkdorlari oʻrtasida foydalanish uchun javobgarlik chegaralarini belgilash hamda umumiy mol-mulk, undan foydalanish va saqlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi moddalar kiritilmoqda.

— Taklif etilayotgan kodeks loyihasining qabul qilinishi bilan qonun hujjatlarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilinishi taʼminlanadi, ushbu sohadagi davlat nazorati mexanizmlari oʻrnatiladi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nuriddin Sultonov. — Davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtiriladi, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi masʼuliyati oshadi.

Kodeks loyihasini takomillashtirish jarayonlari davom etmoqda.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?