Uy-joy qurilishidagi muammolar sabab 24,4 mlrd soʻm mablagʻ isteʼmolchilarga qaytarib berildi

15:16 08 Aprel 2026 Jamiyat
162 0

Illyustrativ foto

Koʻp kvartirali uy-joy qurilishi borasidagi murojaatlar oʻrganilib, 24,4 mlrd soʻm isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Bu haqida Raqobat qoʻmitasi maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, qoʻmitaga koʻp kvartirali uy-joylarni qurilishi bilan bogʻliq muammolar boʻyicha 2025-yil va 2026-yil yanvar fevral oylarida jami 2 057 ta murojaat kelib tushgan. Xususan, oʻtgan 2025-yil davomida 1 700 dan ortiq murojaat yuborilgan.

Mazkur murojaatlar oʻrganilib, ularda quyidagi muammolar aniqlangan:

  • 708 tasida (33,8 foiz) quruvchi korxonalar tomonidan koʻp qavatli uyda qurilish ishlari sifatsiz oʻtkazilgan;
  • 693 tasida (33,1 foiz) uy joylar shartnomada belgilangan muddatida topshirilmagan;
  • 278 tasida (13,5 foiz) koʻrsatilmagan xizmat uchun haq olingan;
  • 27 tasida (1,3 foiz) qurilish bilan bogʻliq boshqa masalalarga taalluqlidir.

Shuningdek, joriy yilning yanvar fevral oylarida koʻp kvartirali xonadonlarni xarid qilish borasida 350 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularda ham fuqarolar yuqoridagidek holatlarga duch kelganliklarini bildirgan.

Masalan, Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro Sh.F. Toshkent shahrida qurilayotgan koʻp qavatli uydan xonadon xarid qilish maqsadida shartnoma tuzgan va unga koʻra jami 1,4 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ toʻlagan. Ammo “S. R.” MCHJ (Quruvchi) xonadonni belgilangan muddatda topshirmagan. Bundan tashqari, qurilish sifatsiz bajarilgan.

Isteʼmolchining Raqobat qoʻmitasiga qilgan mazkur murojaati atroflicha oʻrganib chiqilib, natijada fuqaroga xonadon uchun toʻlangan mablagʻlari toʻliq qaytarib berilishi taʼminlangan.

Maʼlum qilinishicha, Raqobat qoʻmitasi tomonidan 2025-yil va 2026-yilning yanvar fevral oylarida jami murojaatlarning 1 529 tasi yoki 74,3 foizi ijobiy hal etilishi natijasida qariyb 24,4 mlrd soʻm isteʼmolchi foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?