Uchta hududda noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari savdodan olindi

18:21 02 Oktyabr 2024 Jamiyat
275 0

Foto: Prokuratura departamenti

Uchta hududda noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toʻraqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan YHXB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan I.A. oʻzining “Damas” rusumli avtomashinasida xorijda ishlab chiqarilgan 2 turdagi jami 4 080 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini Toshkent shahrida oʻtkazish maqsadida olib ketayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Nishon tumani boʻlimi tomonidan “Baynalminal” MFY hududidagi savdo doʻkonida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan S.R. 36 turdagi jami 3 982 quti tamaki va 3 turdagi 102 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini savdoga qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Nukus shahrida faoliyat yurituvchi “A.I.” MCHJga qarashli oziq-ovqat doʻkoni sotuvchisi A.S. tegishli hujjatlari boʻlmagan turli nomdagi jami 2 729 quti tamaki mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida sotuvga qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?