Uchrashguncha xayr, Buxoro! — Qadimiy shaharda Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali yakunlandi 

22:10 24 May 2022 Jamiyat
519 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Soʻnggi kunlarda Buxoro shahrida bayram shukuhi hukmron boʻldi. Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali respublika yosh ijrochilarining “Shashmaqom” festivaliga, shuningdek, sanʼatkor Fattohxon Mamadaliyevning yorqin xotirasiga bagʻishlangan konsert dasturiga ulanib ketdi. 24-may oqshomida esa ne-ne tarixiy voqealarning tilsiz guvohi boʻlgan qadimiy Ark qoʻrgʻoni oldidagi maydon minglab odamlarni oʻz bagʻriga chorladi. Bu yerda Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali yopilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

 Mazkur marosim haqida toʻxtalishdan avval davlatimiz rahbarining  2021-yil 29-aprelidagi tegishli qaroriga muvofiq oʻtkazilgan festival tadbirlari haqida qisqacha toʻxtalmoqchimiz. Dasturga muvofiq, dunyoning ellikdan ziyod davlatidan tashrif buyurgan hunarmandlar, sanʼatshunoslar, tarixchilar, ekspertlar va yuqori martabali mehmonlar hamda respublikamiz viloyatlaridan kelgan xalq amaliy sanʼati ustalari, folklor dastalari jamoalari uchun barcha shart – sharoitlar yaratildi. Ark qalʼasidan to Poyi Kalon majmuasiga qadar boʻlgan hududda hunarmandlarning koʻrgazma – savdo yarmarkalari tashkil etildi. Butunjahon Hunarmandlar kengashi (WCC) yigʻilishi,  «Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik, kashtadoʻzlik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy – amaliy konferensiya, “Kashtadoʻzlik, milliy qadriyat - moziyga nazar” nomli koʻrgazma, hunarmandlarning mahorat saboqlari, “Bukhara fashion days 2022» modalar namoyishi, zardoʻzlik majmuasining ochilishi, xalq sayillari - bularning barchasi festival qatnashchilari va sayyohlar uchun unutilmas lahzalarni hadya etdi.

Oʻz navbatida ishtirokchilarning taassurotlari bilan qiziqdik. Zero, ular qatorida Afrikadagi Mali davlatidan tortib okean orti - Braziliyadan tashrif buyurgan mehmonlarni ham uchratish mumkin edi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Buxoroga birinchi bor kelishim, — deydi vengriyalik zardoʻz Sofiya Totkurushi. — Festivalga taklif qilishganidan juda xursandman. Mahalliy zardoʻzlarning ish uslubi, mahsulotlari bilan tanishdim. Oʻzaro tajriba almashdik. Zardoʻzlik buyumlarimizda oʻxshash jihatlarni his etdim. Bu yerga kelganimga atigi toʻrt – besh kun boʻldi. Shunga qaramay, Buxoroni, uning mehmondoʻst odamlarini  yaxshi koʻrib qoldim.

— Zargarman, — deydi taylandlik Napapat Setbubra. — Zardoʻzlik, zargarlik, kashtadoʻzlik bu yerda juda rivojlangan ekan. Oʻzbekistonlik hunarmandlarga havasim keldi. Chunki ular uchun mavzu izlash muammo emas. Mana bu qadimiy obidalardagi naqshlarning oʻzi ular uchun tayyor mavzu. Aytmoqchi, qashqadaryolik Jonibek ismli hamkasbim bilan birga mahorat saboqlari oʻtadik. Imkoniyat tugʻilgudek boʻlsa, bu festivalga yana kelaman.

— Buxoro kutganimdan ham goʻzal shahar ekan, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, Mali davlatidan kelgan zargar Muhammad Al-Mavlud. — Zargarlikka bagʻishlangan festivallar dunyoda kam oʻtkaziladi. Shu boisdan ham men mamlakatingiz rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etilgan bu anjumanni madaniyat va sanʼat bayrami deya yuksak qadrlayman. U juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Darvoqe, Buxoroning boy oʻtmishidan xabardorman. Uning madaniyat va maʼrifat poytaxti, degan taʼrifga munosibligini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Nasib qilsa, bu gal shahringizga oilam aʼzolari bilan kelaman. Binobarin, olis yoʻlga otlanar ekanman, “Uchrashguncha xayr, Buxoro!” deb qolaman.

Bu iliq fikrlar har ikki yilda bir bor oʻtkazilishi koʻzda tutilgan xalqaro festival barchaning koʻnglidan joy olib ulgurgani nishonasi, albatta. Samarqandlik taniqli zardoʻz Shavkatjon Zohidovning quyidagi mulohazalari ham fikrimizni tasdiqlaydi.

— Men dunyoning koʻplab davlatlarida oʻtkazilgan festival va koʻrgazmalarda qatnashganman, — deydi Sh. Zohidov. — Ammo Buxorodagi  kabi tabiiy, fayzli, doʻstona ruhda oʻtgan festivalni koʻrgan emasman.Shunday ajoyib anjumanni tashkil etib, biz, hunarmandlar mehnatini qadrlayotgan, hunar ahliga hurmat – ehtirom koʻrsatayotgan davlatimizga, xalqimizga rahmat deyman. Biz bu ishonchni halol mehnatimiz bilan oqlaymiz.

— Agar igna bilan zar ip yuragida ishtiyoqi boʻlgan kishi qoʻliga tushsa, moʻjizaviy asarlar dunyoga keladi, — deya suhbatga qoʻshiladi Buxoro tumanidagi Chorbakr qishlogʻida yashovchi Habiba Bahronova. — 50 yildan buyon qoʻl mehnati bilan shugʻullanaman. Davlatimiz, Prezidentimizning oʻzi bizga xayrixoh, gʻamxoʻr. Shunday ekan, bu hunar etagidan mahkam tutishingiz kerak, deb kelinim Shoiraxonning qulogʻiga quydim. Baraka topsin, ishga jiddiy kirishdi. Oilaviy korxona ochdik. Oʻn kishini ish bilan taʼminladik. Festivalda munosib ishtirok etdik. Eng yaxshi yutuqlarimiz hali oldinda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Hunarmandlar bilan suhbatimiz oxiriga yetar-yetmas Ark qoʻrgʻoni oldidagi shibirgʻa sirgʻani eslatuvchi sahnada karnay-surnay sadosi yangrab, barcha-barchani xalqaro festivalning yakun topgani munosabati bilan oʻtkaziladigan tantanali marosimga chorladi. Bu tadbir ham hayajonli lahzalarga boy boʻldi. Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti Saad-al Kaddumi  tomonidan Buxoro shahriga “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi berilgani haqidagi sertifikat topshirildi. Bu koʻhna kentning xalq amaliy sanʼati ustalariga xorijiy festivallar va koʻrgazmalarda qatnashish, oʻz mahsulotlarini sotish, faoliyatlarini kengaytirish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Marosimdagi yana bir diqqatga lahzalardan biri  koʻrik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari koʻrgazmasi va mahorat darslarining 12 nominatsiya boʻyicha baholangani boʻldi. Yetti kishidan iborat tarkibdagi xalqaro hayʼat aʼzolari xulosasiga koʻra, eng yaxshi deb topilgan zargarlik, zardoʻzlik tashkilotlari, zargar va zardoʻz, har ikkala yoʻnalish maktablari ustasi, sulola davomchisi va boshqa nominatsiyalar gʻoliblariga maxsus diplom va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.

Taniqli sanʼatkorlar, estrada va zamonaviy qoʻshiqlar ijrochilari ishtirokidagi gala-konsert ilk bor oʻtkazilgan ushbu xalqaro festivalga bayramona ruh bagʻishladi.

Tantanali marosimda Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov va Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B. Sayfullayev soʻzga chiqdi.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?