Uchquduqdan 200 kilometr olisdagi karyer ishchilari uchun 100 oʻrinli yotoqxona barpo etildi

17:30 28 Fevral 2024 Jamiyat
187 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Adjibugut” karyeri Uchquduq shahridan qariyb 200 kilometr olisda, Qizilqumning shimoliy kengliklarida joylashgan.

Yaqin-yaqinlargacha konning 100 nafardan ortiq ishchi-xodimi unga “Dovgiztov”dan, yaʼni 60 kilometr yoʻl bosib, qatnab ishlardi. Albatta, bu ortiqcha xarajatlardan tashqari, maishiy va ijtimoiy noqulayliklar ham tugʻdirib, ayniqsa qishning qirovli kunlarida kelib ketish oʻziga uch-toʻrt soat vaqt sarflanardi.

— Mazkur tashvishlarni bartaraf etish maqsadida, kombinatimiz maʼmuriyati, kasaba uyushmasi Kengashi va Shimoliy kon boshqarmasi karyer hududida 100 oʻrinli yotoqxona qurishga qaror qildi, — deydi Shimoliy kon boshqarmasi matbuot xizmati mutaxassisi Laylo Karimova. — Shu asosda biyday choʻl bagʻrida zamonaviy koʻrinishga ega vaxtali maskan barpo etilib, yengil konstruksiyali materiallar ishlatilganligi sabab qisqa fursatlarda foydalanishga topshirildi. Boshqarmamizning taʼmirlash-mexanika sexi, taʼmirlash-qurilish uchastkasi, “Dovgistov” koni va boshqa boʻlinmalarida tayyorlangan ushbu maskan qurilishida choʻl iqlimiga mos — yozda salqin, qishda issiq saqlovchi materiallardan foydalanilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Maskanda konchilar yashashi, hordiq chiqarishi va boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Yashash xonalari shinam, keng va yorugʻ. Har biri zaruriy mebel jihozlari, televizor, muzlatgich, issiq va sovuq suv, isitish va sovutish tizimi bilan taʼminlangan.

Shuningdek, maskanda maxsus yechinish va kiyinish, yuvinish, kiyimlarni quritish xonalari, oshxona, zal, yozgi ayvon, kutubxona, maʼnaviyat burchagi, madaniy dam olish hududi mavjud. Kunu-tun konchilarning sogʻligʻidan boxabar boʻlib turish maqsadida tibbiyot boʻlimi xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Maskan atrofi esa obodonlashtirilib, manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekildi.

“Adjibugut” karyeri bugungi kunda kombinatning istiqbolli ishlab chiqarish maydonlaridan biri hisoblanib, ayni paytda undan qazib olinayotgan sulfidli oltin maʼdanlari hududdagi zamonaviy sanoat majmuasi boʻlgan 3-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib beriladi. Uning quvvatini yanada kengaytirish maqsadida, ikkinchi bosqichdagi ishlar ham boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?