“Uchqoʻrgʻon” va “Kengsay” chegara postlari faoliyati qayta tiklandi

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatining qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasi Jalolobod viloyati bilan chegaradosh qismidagi ushbu maskanlar bundan 13-yil avval turli sabablarga koʻra yopib qoʻyilgan edi. Tabiiyki, bu shu hududda istiqomat qilayotgan ikki qardosh xalq vakillari uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqardi. Birinchi navbatda bir-biriga qiz uzatib, oʻgʻil uylagan xonadonlar, aholi katta qismining bordi-keldisi qiyinlashgan boʻlsa, boshqa jihatdan avtomobil transporti orqali xalq xoʻjaligi yuklarini tashish imkoniyati cheklandi. Oʻzaro biznes aloqalari sustlashdi. Biroq qondosh xalqlarning birodarlik aloqalari toʻxtab qolgani yoʻq. Aksincha, oradan oʻtgan vaqt doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamladi. Turgan gapki, vaqti kelib yopilib qolgan yoʻllarda harakatni tiklash masalasi ham kun tartibiga qatʼiy qilib qoʻyildi. Xususan, Davlatimiz rahbarining Namanganga tashrifi chogʻidagi faollar bilan uchrashuvida Qirgʻiz tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqoʻrgʻon” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish masalasi alohida qayd etildi. Ayni jarayonda chegara posti yaqinida xitoylik hamkorlar bilan “Uchqoʻrgʻon—Kengsay” logistika markazini barpo etish vazifasi ham dolzarb etib belgilandi.
Uzoq kutilgan voqelik reallikka aylandi – “Uchqoʻrgʻon-avtoyoʻl” va Qirgʻiz Respublikasining “Kengsay-avtoyoʻl” oʻtkazish punktlari yana ikki Davlat fuqarolariga xizmat koʻrsata boshladi.
Shu munosabat bilan bugun chegarada katta shodiyona – bojxona maskanlarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirda Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari Boqit Toʻraboyev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Ochilboy Ramatov soʻzga chiqib, ushbu maskanlarning davlatlararo ahamiyati haqida toʻxtaldi. Tadbir tomonlar vakillarining samimiy uchrashuvi bilan boshlandi. Oʻzbek va qirgʻiz sanʼatkorlarining ikki xalq tilidagi qoʻshiqlari ijobiy oʻzgarishdan mamnun aholining raqslariga ulandi.
— Men chegara ortidagi Intimaq mahallasidan Uchqoʻrgʻonning “Yogʻdu” mahallasiga kelin boʻlib tushganman, — deydi Dilafruz Abdurazzoqova. — Tugʻishganlarim bilan emin-erkin koʻrishmaganimizga sakkiz yildan oʻtdi. Otam jiddiy xastalanib, shifoxonaga tushganda yuzma-yuz xabar ololmasdan chegarada yigʻlab turgan kunlarim ham boʻlgan. Orasi bir kilometrga yetib-yetmagan uylarimizga borib-kelish uchun 500 kilometrga yaqin aylanma yoʻllarni bosib oʻtardik. Xayriyat, hammasi ortda qoldi. Bugun yaqinlarimiz bilan diydorlashib, koʻngillar taskin topdi.
Aytish lozimki, Oʻzbekiston – Qirgʻiz Respublikalariga kirish-chiqishni 500 kilometrga qisqartiruvchi chegara postining qayta ishga tushirilishi nafaqat Namangan viloyati, balki Fargʻona vodiysi uchun ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda katta qulayliklar yaratadi. Hududlar iqtisodiyoti mustahkamlanib, logistika, xizmat koʻrsatish sohalari yanada ravnaq topadi. Maʼlumotlarga qaraganda, mazkur maskandan kuniga 500 tadan ortiq yukli hamda 300 dan ziyod yengil transport, 10000 nafarga yaqin aholi oʻtishi kutilmoqda. Birgina bu emas, mazkur yangilik nafaqat Oʻzbekiston balki, mintaqada sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirishi bilan alohida ahamiyatga ega. Chunki, aynan, ushbu post mamlakatimizga tashrif buyurgan turistlarning Qirgʻiziston hamda Xitoyga oʻtib qaytishlari va tranzit oʻtishlari uchun eng qisqa va qulay hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi necha foiz ekani ma’lum qilindi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Liverpul” yulduzi Diogo Jota avtohalokatda vafot etdi. U yaqindagina oila qurgandi
- “Anorbank” rahbari Parijda oʻgʻirlab ketildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring