Uchinchi Renessans poydevori insonparvarlik va ilm-maʼrifat asosiga tiklanmoqda

01:08 03 Iyul 2021 Jamiyat
1328 0

Bugungi kunda koʻp millatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, ­Oʻzbekistonning yangi Uygʻonish davrini yaratish yoʻlida belini ­mahkam bogʻlab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yoʻlda ulkan ­orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qoʻshilayotgan yoshlarimiz — asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning
Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasidan 

Koʻhna moziy guvohki, dunyoni doimo gʻoyalar boshqargan. Gʻoyalar esa mudom bilim, tafakkur va aql kuchiga suyangan. Bugungi rivojlanish shiddati tez, ilm ufqlari kengayib borayotgan zamonda, qolaversa, axborot vositalari taraqqiy etgan davrda gʻoyalar uchun kurash ham birmuncha murakkabliklar hamda oʻtkir fasohatni talab qilishi tayin.

Ammo insoniyat oʻz tabiatiga koʻra, baribir bir ezgu gʻoyaga muhtojlik sezib yashaydi. Shu maʼnoda, bugun yangi Oʻzbekiston tarixi zarvaraqlariga bitilayotgan bir jumla — “Uchinchi Renessans” tagmatnida ana shunday ulugʻ bir ezgulikni, buyuk bir kuchni anglash mumkin.

Zero, renessans — uygʻonish demakdir. Yaʼni ilmiy uygʻonish, maʼrifatni anglash va shu asnoda asrlarga teng yillarni lahzalarda bosib oʻtmoq demakdir. Bu jarayonni boshlab berish, uning poydevorini qoʻyish esa kamdan-kam insonlarga nasib etgan. Buning uchun, avvalo, Alloh bergan inoyat, soʻngra millatni sevish, samimiy insonparvarlik tuygʻusi mujassam boʻlmogʻi darkor insonda.

Bugun biz ana shunday qutlugʻ bir davrda, dunyoga yangi Oʻzbekiston nomi bilan tanilayotgan muqaddas zaminda uchinchi Renessansga poydevor qoʻyiladigan zamonda yashamoqdamiz.

Barcha ezgu amal niyatga bogʻliq

Jaloliddin Rumiyning bir hikmati doimo ilhombaxshdir: “Goʻzal kunlar kelishini kutma, unga qarab bormogʻingni unutma”. Oʻzbekistondagi yangi Uygʻonish maʼrifati ham ayni shu tamo­yilga asoslanganini, ezgu niyatlar amalga oshayotganini anglash esa yana-da shijoat baxsh etadi.

Taraqqiyot ilmga asoslanadi. ­Shavkat Mirziyoyevning Prezident sifatidagi dastlabki uchrashuvlaridan biri ilm ahli, olimlar bilan boʻlgani ham bejiz emas edi.

Oʻshanda davlatimiz rahbarining aytgan soʻzlari hamon qulogʻimda jaranglab turibdi: “Ilm-fan bilan shugʻullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va ragʻbatga munosib”. Bu — qadr, bu — ilmga eʼtiborning yorqin namunasi edi.

Shular haqida soʻz yuritganda, yodimizga yaqin oʻtgan kunlar tushadi. Buni oʻtgan davrga tosh otishga yoʻymang, ammo tarixni parda bilan toʻsib boʻlmas. Istiqlolga erishilgandan keyin­ ilk yillari ilm va ilm ahli “unutilgani” hammamizning yodimizda. Garchi, oʻsha kezlarda matbuotda bu haqda bong urilgan, yozuvchilar asarlarida “Ippodrom”da sigaret sotayotgan olim obrazi paydo boʻlgan esa-da, negadir jamiyat buni “oʻtish davri hosilalari” deb bildi.

Ammo “bozor iqtisodiyoti”ga oʻtishning jabrini hamon tortmoqdamiz va uning asoratlari hali yana qancha davom etishini bilmaymiz. Eng yomoni, bir avlod ongiga “Oʻqib nima boʻlarding?!” degan mafkura singib qoldi. Aynan shunisi dahshatli aqida. Zotan, ilmga ragʻbatning yoʻqolishi jamiyatda yangi bir qatlamning — diplom uchun oʻqiydiganlarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Albatta, bu qisqa bir fursatning bergan “meva”lari edi.

Gap oʻzani shunga bormoqdaki, ilm qadrlanmagan zamonda taraqqiyot haqida soʻz yuritish mumkin emas. Bu, qanchalik balandparvoz soʻzlaru, jimjimador ohangda gapirmaylik, amal boʻlmasa, hammasi befoyda deganidir.

Mana oddiy misol, mintaqamiz hududida boʻlgan ikki Renessans davrida ham ilm nihoyatda qadrlangan edi. IX — XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan birinchi Sharq Uygʻonish davrida yuzlab buyuk allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ularning aqlu zakosi umumbashariyat taraqqiyotiga mislsiz hissa qoʻshgan. Bu esa oʻz navbatida, ilm­ga eʼtiborning samarasi edi. Oʻsha davr hukmron hokimiyati bunga sharoit yaratib bergandi.

XIV — XVI asrlardagi ikkinchi Sharq Uygʻonishi yoxud tarixda ­“Temuriylar Renessansi” deya nom olgan davrda ilm­ning qanchalik qadrlanganini, birgina misolda, “Temur tuzuklari”dagi ushbu jumlalarni keltirish orqali isbotlash mumkin. Unda shunday yozilgan: “Kimning aql-shijoatini sinov tarozisida tortib koʻrib, boshqalarnikidan ortiqroqligini bilsam, uni tarbiyamga olib, amirlik darajasiga koʻtarar edim. Soʻngra koʻrsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim”.

Aslida ham bilimli inson ilm­ning qadrini, olimning qadrini yaxshi biladi. Agar davlat rahbarining keyingi yillarda maʼrifat, taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish yoʻlida imzolagan qonun, Farmon va qarorlari, ilgari surayotgan ezgu tashabbuslarining magʻzini toʻla chaqib koʻrsak, Oʻzbekistonda yangi Maʼrifat Renessansiga mustahkam tamal toshi qoʻyilayotganini anglaysiz.

Ayniqsa, ilm ahliga qarati­layotgan eʼtibor va ragʻbatning bosqichma-­bosqich oshirib borilayotgani poy­devorning yana-da pishiq boʻlishiga ­ishoradir.

Jozibador gʻoya atrofida

Gʻoyalar haqida soʻz ketar ekan, ularning qanchalik yashashi jozibasiga bogʻliqligini taʼkidlamoq darkor. Shu maʼnoda, bugun mamlakat ertasini, millat istiqbolini ilmu maʼrifatda deb bilgan uchinchi Renessans gʻoyasi nihoyatda jozibali va eng toʻgʻri yoʻldir.

Albatta, oʻz boshidan oʻnlab istilolarni oʻtkazgan, sitamlar ostida uzoq yillar yashashga mahkum boʻlgan, soxta va balandparvoz gʻoyalarning «quli»ga aylantirilgan xalqimiz har doim oʻz kelajagini ayni shu maʼrifatda deb bilgan. Shu sabab ham bugungi kungacha “bolam oʻqisin” degan istak xalqning oʻyu fikrini band qilgani, ushbu orzu-umid yoʻlida jonini jabborga berishga tayyorligi ayni haqiqat.

Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyo­sati ana shu istakning roʻyobga chiqishiga toʻliq asoslarni yaratmoqda. Buni birgina misolda, oliy taʼlimga qamrovning bos­qichma-bosqich oshirib borilayotganida ham koʻrish mumkin. Muqoyasa uchun baʼzi misollarni keltirsak:­ keyingi uch yilda oliy ­taʼlim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetdi, qabul oʻrinlari 66 ming­tadan 181 mingtaga oshdi. Demak, har yili yuz mingdan ziyod yoshlar eng yorugʻ orzusi — oʻqish istagiga erishishiga ­zamin yaratilmoqda.

Nazarimda, bu siyosatning zamirida yurt oʻgʻil-qizlarining barchasini ilmli qilish, ularning dunyo bilan boʻylashishi uchun mustahkam poydevor qoʻyish istagi yonayotgandek. Aslida ham bu xalq shunga munosibdir. Chunki uning oʻtmishi, dunyoni oʻzgartirgan aqlu zakovati, oʻzining ilm ziyosi dunyo sharining narigi tarafini ham yoritgan ulugʻ ajdodlari bor.

Shavkat Mirziyoyevning ilmu maʼrifatga bagʻishlangan har bir yigʻilishini kuzatar ekanmiz, ayni shu jihatga alohida eʼtibor qaratishini koʻramiz. Bu oʻzlikka, millat va Vatanning shonli tarixiga hurmat, ertasiga ishonch tuygʻusining mustahkamligidir.

Davlat rahbarining taʼlim sohasidagi islohotlarida yana bir muhim jihat borki, bu — biqiqlikdan chiqish, dunyo ilmini oʻrganib, olamga nazar tashlash istagidir. Bu oʻzlikni anglashdan soʻng, oʻzgalar dunyosi bilan oʻzni solishtirish deyiladi. Uzoqni oʻylab qilinayotgan bu ishlarga Yurtboshimiz tomonidan chet tillarni oʻrganish borasida qabul qilingan qarorni misol sifatida keltirish mumkin. Boisi qachonlardir dunyo bizdan oʻrgangan boʻlsa, bugun biz dunyodan oʻrganadigan jihatlar bisyor.

Binobarin, til bilish — faqatgina dunyoni bilish degani emas. Til bilish boshqa fanlarga yoʻl ochadi, dunyoga nazar solish imkoni kengayadi, deganidir. Shu nuqtayi nazardan, davlat ­rahbarining bu yoʻldagi tashabbuslarida uchinchi Renessans poydevorining yangi va mustahkam asoslarini koʻramiz, desak, ­mubolagʻa boʻlmas.

Tarixdan maʼlumki, ajdodlarimiz yaratgan har ikki Uygʻonish davrida dunyo ilmi bizga juda katta turtki boʻlgan. Jahon taraqqiyotining yuksalish tamo­yillarini belgilab bergan birinchi Renessans davrida Xorazm­da barpo etilgan Maʼmun aka­demiyasi oʻz bagʻriga daho mutafakkirlarni toʻplab, dunyoning eng ilgʻor ilmlarini oʻzlashtirgani, shu asnoda, bilimdan ungan bilimlar nafaqat oʻz mintaqasi, balki butun ahli jahon uchun namuna vazifasini oʻtagani ham ayni haqiqatdir.

Temuriylar yaratgan ilm maktablari ham ayni shu yoʻldan bordi. Bu davrda ham ilm oʻrganishni istovchilar butun ­dunyodan oqib kela boshladi.

Bugun dunyoga yangi Oʻzbekiston nomi bilan balqiyotgan uchinchi Renessans gʻoyasining jozibasi shundaki, u oʻz atrofiga davlatni ham, jamiyatni ham, butun ­xalqni ham birlashtira oladi. Bu gʻoyaning milliy gʻoya oʻlaroq keng quloch yozishi esa, nazarimizda, barchamizning uning mazmunini chuqurroq anglashimizga, teranroq mushohada yuritishimizga bogʻliq.

Shu asnoda davlatimiz rahbarining «Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib, uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz.

Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʻlgʻusi Renessansning toʻrt uzviy halqa­si, deb bilamiz. Bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʻqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.

Men ishonaman — hurmatli ota-onalar bu tashabbusni albatta qoʻllab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni boʻladilar. Va bu maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi eng mus­tahkam ustun boʻladi, desam, oʻylaymanki, sizlar toʻla qoʻllab-quvvatlaysizlar», degan daʼvatini qalb amriga aylantirolsak, oʻylaymanki, hayotbaxsh gʻoyaning cheksiz qudratini oʻz hayotimizda yorqin koʻra boshlaymiz.


Taraqqiyot formulasi

Har bir insonning oʻz hayot falsafasi va yoʻli boʻlganidek, har bir davlatning oʻz taraqqiyot strategiyasi boʻladi. Buni belgilashda esa faqat millat yetakchilarining salohiyati muhim aha­miyat kasb etadi.

Mana, masalan, Singapurni olaylik. Taʼbir joiz boʻlsa, “yoʻqdan bor boʻlgan” ushbu davlatni bugun dunyoning barcha joyi­da bilishadi, havas qilishadi. Holbuki, yarim asr muqaddam bu hudud mustaqillik eʼlon qilganida ­Malayziya federatsiyasi unga qarshilik ham koʻrsatmagan edi. Hatto bitta boshogʻriqdan qutulganiga xursand ham boʻlgan deyishadi. Bugun esa bu yerdagi yarqirab turgan shishavand ulkan binolarni koʻrib, yarim asr oldin faqat quruq joy boʻlganiga ishonmaysiz. Singapur bugun nafaqat iqtisodiyoti bilan, balki moʻjizaga boy maskanlari bilan dunyo sayyohlari xaritasining eng yorqin nuqtasiga aylandi.

Bu ulkan evrilishlar bir inson — haqiqiy maʼnoda yetakchi Li Kuan Yu nomi bilan bogʻliq. U davlat hamda fuqaro oʻrtasida uzviylikni taʼminlash gʻoyasini amalga oshira oldi va dunyo iqtisodiyotiga “Singapur moʻjizasi” degan atamani olib kirdi.

Yoki aytaylik, Xitoy iqtiso­diyotida oʻziga xos inqilob yasagan Den Syaopin islohotlari esa bugun ushbu davlatni jahonning yetakchilari qatori olib chiqdi. Mayda ustaxonalar — kichik biznesni ragʻbatlantirishdan boshlangan islohotlar yirik kompaniyalar, korporatsiyalar darajasigacha koʻtarilib, jahon bozorini zabt etdi. Bugun dunyoning har bir mintaqasida — dasturxondagi taomdan tortib, maishiy texnikagacha Xitoy mahsulotlarini koʻrish mumkin.

Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarda jahon afkor ommasi dunyo siyosatida yangi bir toʻlqinni koʻrayotganini eʼtirof etishmoqda. Bu toʻlqinni harakatga keltirayotgan kuch esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan mamlakatning yangi taraqqiyot yoʻlidir.

Bu — biqiq iqtisodiyotdan shaffoflikka oʻtgan, dunyoga keng quloch ochgan, har bir qadamida odamlar manfaatini ustuvor qoʻygan oʻziga xos taraqqiyot yoʻlidir. Taʼbir joiz boʻlsa, uni beshta “I” — integratsiya, innovatsiya, inson kapitali, ishonch va iqtisodiy oʻsishga asoslangan taraqqiyot formulasi, deb atash mumkin.

Bugungi kunda ushbu tamoyillarni bir nuqtada birlashtirgan yangilanishlarga hayotimizning koʻplab jabhalarida guvoh boʻlyapmiz. Masalan, klasterlar faoliyati bunga yaqqol misoldir. ­Shavkat Mirziyoyev­ tashabbusi bilan milliy iqtisodiyotimizga tatbiq etilayotgan klasterlar faoliyatining samaralari xususida uzoq yozish mumkin. Ammo hozir uning birgina jihati, aynan ilm ahliga bergan afzalligini aytib oʻtmoqchimiz. Bu millat bolalari va ularning ustozlari ­paxta dalalaridan qaytarib olinishida muhim rol oʻynadi.

Axir, kechagi kungacha emasmidi, oʻqituvchiyu oʻquvchilar, olimlaru talabalar, hatto ixtirochilar ham yilning chorak qismini paxta dalalarida oʻtkazgani?! Bu vaqt ilm­ga sarf etilganida qanchadan-qancha kashfiyotlar boʻlishi mumkin edi-ku?! Ularning vaqti bilan birga yerga sochilgan qadri-chi?! Endi bu savollar faqat dilni ezadi, xolos. Afsuski, vaqtni orqaga qaytarib boʻlmaydi...

Ammo dilga taskin, ertangi kunga ishonch beradigan tuygʻu bor. Prezident Shavkat Mirziyoyevning hayotbaxsh gʻoyalari oʻlaroq yuzaga kelgan taraqqiyot formulasining birinchi hayotbaxsh yechimi — klasterlar faoliyati ilm ahlini egatlardan olib chiqdi, qadrini tikladi, millatning ertasi boʻlgan bolalarning qaddini koʻtardi.

Bu, uchinchi Renessans poydevori ­mustahkamlanayotganiga yana bir dalil aslida.

Zamonaviy dunyoga yuzlanish

Baʼzan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar davrasida “internet dunyoni buzyapti”, “yoshlar kitob oʻqimay, internetga shoʻngʻib ketmoqda” kabi yozgʻirishlarni kuzatamiz. Bu bir jihatdan toʻgʻri. Ammo vaqt shiddati va texnologiyalar rivojlanishi bilan hisoblashish tamaddunning ­asosiy mezoni boʻlib kelgan. Bugun jamiyatimizda faqat bir narsa — yoʻnaltirish tamoyili yetish­mayapti, xolos.

Bugun ilm egallashning uslublari oʻzgargan. Hozir anʼanaviy taʼlimdagidek, auditoriyalarda uzundan-uzoq maʼruzalarni esnab tinglash emas, shiddatkor texnologiyalarda oʻzlashtirish mumkin.

Pedagogik faoliyatimdan bilamanki, bugungi ilm dasturlari eskirib bormoqda. Istiqlolimizga oʻttiz yil toʻlayotgan boʻlsada, hamon darsliklarimiz mazmun-mundarijasi oʻzgarmadi. Holbuki, shu davr ichida, hatto aniq fanlar sohasida ham olamshumul oʻzgarishlar boʻlib ketdi.

Shu nuqtayi nazardan, Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning ilmu fan sohasiga bagʻishlangan har bir yigʻilishida, odamlar bilan muloqoti jarayonida sezamanki, soha tamomila islohotga muhtoj. Xususan, ­darsliklar masalasida ham.

Ha, zamonaviy taʼlim bugungi kunning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi kerak. Oʻqitish uslublarini oʻzgartirish, kerak boʻlsa, yangilash lozim. Bizning anʼanaviy uslubimiz, asosan, nazariy bilimga asoslanib qolgandek. Nazarimda, uni ijodiy izlanishlar bilan uygʻunlashtirish fursati yetmoqda. Boisi biz uchinchi Renessans sahifalarini patqalamu dovotlarda emas, bilʼaks, kompyuterlarda, IT va DT-texnologiyalarida yozishimiz kerak.

Davlatimiz rahbari ayni shu jihatni eʼtiborga olib, innovatsion texnologiyalarni rivoj­lantirish borasida qator hujjatlarni imzolayotgani, dasturlarni tasdiqlayotgani zamirida ana shunday hayotbaxsh qarashlar mavjudligini koʻrishimiz mumkin.

Albatta, buni tarixni unutish, uni bir chekkaga tashlab qoʻyish, deb tushunmaslik kerak. Zotan, ajdodlar qoldirgan bebaho merosda hali oʻrganishimiz lozim boʻlgan, biz hali ochib koʻrmagan sahifalar bisyordir.

Ayni vaqtda Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan no­dir qoʻlyozmalardan yetarli darajada foydalana olmayot­ganimizni taassuf bilan yodga olish mumkin. Qarangki, bu masala ham davlatimiz rahbarining eʼtiborida ekan:

“Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-maʼnaviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu oʻlmas meros hamisha yonimizda boʻlib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bagʻishlashi lozim. Avvalambor, milliy taʼlim tizimini ana shunday ruh bilan sugʻorishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu maʼnaviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur”.

Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murab­biylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻz­lagan nut­qida ana shunday daʼvat bor edi.

Bugun yangi Oʻzbekiston tarixiga yozilayotgan zarhal harflar xorijlik olimlar nigohidan ham chetda emas. Yaqinda AQSHning Nyu-York shtatida yashaydigan olim, biologiya fanlari doktori, professor, akademik ­Efroim Gurman bilan ayni shu mavzuda suhbatlashib qoldik.

Olim shunday dedi: “Prezident Shavkat ­Mirziyoyev dunyo davlatlari rahbarlari orasida birinchi boʻlib «Xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi kerak”, ­degan ulugʻ maqsad, ezgu vazifani ilgari surdi va buning yechimini ham topib berdi. Ayniqsa, uning uchinchi Renessans gʻoyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi, bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm ­bilan boshqarish mumkin boʻlgan zamonda shunday gʻoyalargina ­qudratli kuch kasb eta oladi».

Bugun globallashayotgan zamonda makon tushunchasi torayib bormoqda. Dunyoning narigi burchagida axborotni lahza oʻtmay bu nuqtasida koʻrish mumkin. Ammo shunisi muhimki, Vatan va uning istiqboli haqida qarashlar hech qachon toraygan emas.

Prezidentimizning mamlakatimiz kelajagini taʼlim va ilmu fanda koʻrayotgani, uchinchi Re­nessans gʻoyasi milliy gʻoya darajasiga koʻtarilgani, zamonaviy dunyoga yuzlanish hamda dunyo bilan tenglashmoq istagida ana shu Vatan va millat tuygʻusining yana bir jilvalanishini koʻrish mumkin.

Bu tuygʻu xalqimizning qonida joʻsh urib turgan maʼrifatga tashnalik va oʻsha olis oʻtmishdagi buyuk Uygʻonish nasimlarining sogʻinchi bilan mushtarakdir. Shunday ekan, dunyo sahniga yana yangi tamaddun bilan boʻylamoqqa bu xalq ming bora haqlidir.

Uchinchi Renessans poydevorining mustahkam asosi boʻlib xizmat qiluvchi bugungi buyuk gʻoyalarda ana shunday ulugʻ maqsadlar mujassamdir.

Bakriddin ZARIPOV,
Samarqand davlat universiteti professori, akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?