Uch oy muddatda “100 ta ilgʻor yetakchilar” dasturi ishlab chiqildi

16:34 04 Avgust 2022 Siyosat
439 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz hayoti uchun gʻoyat muhim masala - davlat xizmatini isloh qilish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Tuman yoki shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi:

— unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi;

— ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;

— ushbu yoshlar kamida bir oy vazirlik va hokimliklarda ish oʻrganib, malaka oshiradi;

— xorijiy mutaxassislar bilan birga, ularning shaxsiy fazilatlari, psixologik holati tahlil qilinib, rahbarlik koʻnikmalari shakllantiriladi.

“Yaʼni, kompetensiyasiga qarab, bilim va koʻnikma yetmaganlarni oʻqitamiz, tajriba yetishmasa oʻrgatamiz”, dedi Prezident.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar Salohiyatli kadrlar rezervi uchun hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan 1 ming nafar nomzodni tanlab, takliflar kiritish topshirildi.

“Kuni kecha yarim yil yakuni boʻyicha yaxshi natija koʻrsatgan 65 nafar hokim yordamchisi va 40 nafar yoshlar yetakchilarini Salohiyatli kadrlar rezerviga oʻzim tanlab oldim”, dedi Prezident.

Uch oy muddatda “100 ta ilgʻor yetakchilar” dasturini boshlash vazifasi qoʻyildi. Dastur doirasida davlat xizmatchilari, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan har ikki yilda 100 nafar salohiyatli yosh kadrlar tanlab olinadi.

Ular uchun alohida oʻquv dasturlari ishlab chiqilib, xorijda stajirovka oʻtash tizimi joriy etiladi. Oʻqitish yakuni bilan ushbu kadrlar davlat tizimidagi nufuzli lavozimlarga nomzod boʻladi.

Bunday dastur Birlashgan Arab Amirliklarida ijobiy natijalarini koʻrsatgani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?