U biz bilan birga, yonimizda yashamoqda — Prezident Navroʻz umumxalq bayramida koronavirusni yodga oldi

17:17 21 Mart 2021 Siyosat
1021 0

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!

Qadrli doʻstlar!

Siz, azizlarni, sizlar orqali koʻp millatli xalqimizni sharqona yangi yil – Navroʻz bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, hurmatli aka-uka, munis opa-singillarimizga, navqiron yoshlarimiz, suyukli farzandlarimizga, xorijdagi vatandoshlarimizga – butun el-yurtimizga oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hammamiz orziqib va sogʻinib kutadigan yangilanish va yasharish ayyomi – Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navroʻz boʻlsin!

Hurmatli yurtdoshlar!

Oʻtgan yili pandemiya tufayli Navroʻz bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. Oʻshanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali koʻp toʻy-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda oʻtkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik.

Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz roʻyobga chiqmoqda. Goʻzal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, yana quvonchli kunlar boshlanmoqda.

Albatta, barchamiz yaxshi tushunamizki, butun dunyoda koronavirus balosi hali toʻla bartaraf etilgani yoʻq. Afsuski, u biz bilan birga, yonimizda yashamoqda.

Xalqimiz sogʻligʻini asrash yoʻlida qanday saʼy-harakatlar va katta amaliy ishlar qilganimiz barchangizga yaxshi maʼlum. Endi shuncha mehnatimiz, koʻrgan chora-tadbirlarimiz bekorga ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashni bir lahza ham toʻxtatmasligimiz lozim. Oʻzimiz va yaqinlarimizni himoya qilishimiz, beparvolik va begʻamlikka berilmasligimiz shart. Doimo hushyor va masʼuliyatli boʻlib yashashimiz, toʻplagan tajribamizga tayanib, albatta, ehtiyotkorlik bilan tizimli ish olib borishimiz zarur.

Shundagina mehnatkash xalqimiz bilan ezgu maqsadlarimiz va katta rejalarimizni yangi kuch, yangi gʻayrat bilan davom ettira olamiz.

Bugun sizlarning nurli chehrangizni koʻrib, xalqimiz ham xuddi goʻzal bahor faslidek kuch va qudratga toʻlib borayotganiga yana bir bor amin boʻldim.

Koʻklam nafasi yurtimiz uzra kezayotgan mana shunday tarovatli kunlarga sogʻ-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Aziz vatandoshlar!

Pandemiya boshlangan birinchi kunlarda men xalqimizga murojaat qilib, bu sinovdan yana-da kuchli va qudratli boʻlib chiqamiz, deb ishonch bildirgan edim.

Chindan ham, bizning kuchimiz – birlik va ahillikda; bizning qudratimiz – mehr-oqibat, oʻzaro koʻmak va saxovatda; bizning yutugʻimiz ertangi kunga boʻlgan yuksak ishonchimizda.

Bu adolatli haqiqatni boshimizdan kechirgan sinovli kunlar yana bir bor isbotladi.

Mana shu mashaqqatli davr bizning bir-birimizga naqadar bogʻliq va kerak ekanimizni yaqqol koʻrsatdi. Shuningdek, bir-birimizni asrab-avaylab, qadrlab yashashimiz hayotiy zarurat ekanini toʻla namoyon etdi. Biz faqat birgalikda, hamjihatlikda buyuk ishlarga qodir ekanimizni pandemiya sinovlari yana bir karra tasdiqlab berdi, desam, sizlar ham bu fikrga qoʻshilasizlar.

Albatta, koronavirus tufayli dunyoda koʻp narsa oʻzgarmoqda. Lekin xalqimizning ona tabiatga, muqaddas zaminga muhabbati, azaliy qadriyatlarga ehtirom va sadoqati aslo oʻzgargani yoʻq. Aksincha, bunday olijanob xislatlarimiz yana-da ziyoda boʻlmoqda, sayqal topmoqda.

Shu bois ham azaldan bahoriy uygʻonish va nafosat timsoli boʻlgan Navroʻzi olam biz uchun tobora ardoqli boʻlib bormoqda.

Bu yilgi Navroʻzning yana bir muhim jihati shundaki, u jonajon Vatanimiz mustaqilligining qutlugʻ 30 yillik bayrami tadbirlari oʻtadigan yilga toʻgʻri kelmoqda.

Navroʻz – chinakam xalq bayrami, milliy oʻzligimiz koʻzgusi, maʼnaviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir.

Ming yillar oldin ota-bobolarimiz bu ulugʻ ayyomni qanday pok niyat va yorugʻ umidlar bilan kutib olgan boʻlsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday baland kayfiyat bilan Navroʻzga peshvoz chiqmoqda.

Yam-yashil dalalar va gullagan bogʻlarda, maydon va xiyobonlarda, qishloq va ovullarda, mahalla va koʻchalarda Navroʻzning dilbar taronalari – Yangi kun navolari yangramoqda. Qir-adirlarda mard oʻgʻlonlarimiz koʻpkari chopib, kurash tushmoqda. Keksayu yosh yurtdoshlarimiz sumalak toʻla qozonlar atrofida oʻyin-kulgular qilib, bahor neʼmatlari va bayram quvonchini oʻzaro baham koʻrmoqdalar.

Shunday shukuhli va betakror damlarda barchamiz tinch va osoyishta hayot hamda xotirjamlik qadrini yana-da teranroq his etmoqdamiz.

Bugungi murodbaxsh va fayzli kunlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz ulkan niyat va rejalar bilan qadrdon dalasi sari yoʻl olmoqda.

Fursatdan foydalanib, azmu shijoatli bobodehqonlarimizni yangi mehnat mavsumi bilan samimiy qutlaymiz. Ushbu qutlugʻ bayram kunlarida joriy yilda ham dalalarda hosillarimiz moʻl va barakali, rizqu nasibamiz yana-da ziyoda boʻlsin, deb barchamiz duolar qilamiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Navroʻzning oʻlmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi Oʻzbekiston gʻoyasi bilan gʻoyat uygʻun va hamohangdir.

Butun olam, yeru koʻk uygʻonayotgan bu ajib faslda yurtimizdagi yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans orzusi qalblarimizga beqiyos kuch va ishonch olib kirmoqda.

Xalqimizning fidokorona mehnati, qatʼiy siyosiy irodamiz bilan biz keng koʻlamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini taʼminlashga xizmat qiladigan, tanlagan toʻgʻri yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz.

Ayni shu maqsadda mamlakatimizda oʻnlab zamonaviy korxonalar, sanoat hududlari va klasterlar, “IT-park” va texnoparklar, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, koʻrkam bogʻcha va maktablar, oliy oʻquv yurtlari, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora chiroy ochib, jonajon diyorimiz yana-da obod va goʻzal boʻlib bormoqda.

Zero, Navroʻzi olamning mazmun-mohiyatida insonni ulugʻlash, uning qadri, izzat-hurmatini joyiga qoʻyish kabi ezgu fazilatlar mujassamdir.

Yurtimizda aholining barcha qatlamlari, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini hal etish, ularni bilim va kasb-hunarga oʻrgatish, ish oʻrinlari, daromad manbai, turar-joylar bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy yordam va koʻmakka muhtoj, koʻngli yarim insonlarga chinakam eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish doimiy faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Bu boradagi ishlarimiz “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da mazmun va sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Mana shunday amaliy harakatlarimiz kelgusida yana-da kengayib, “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan olijanob maqsadimizga albatta yetamiz.

Hurmatli doʻstlar!

Navroʻz – inson va tabiatni asrab-avaylashga, tinchlik, doʻstu birodarlik va hamkorlik kabi umumbashariy qadriyatlarni eʼzozlashga chorlaydigan ulugʻ bayramdir.

Ushbu qutlugʻ ayyomda turli nizo va adovatlar, gina-arazlar unutiladi, xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va ahillik tamoyillari yana-da kuchayadi.

Ana shunday beqiyos fazilatlari tufayli Navroʻz nafaqat mamlakatimiz, balki butun Sharq olamida zamonlar osha bezavol yashab kelmoqda. Shuning uchun ham Navroʻz yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarini bir oiladek birlashtiradigan goʻzal bayramga aylandi.

Sizlarga maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 21-mart – Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilinib, u YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan. Ushbu sananing jahon miqyosida keng nishonlanishi uning xalqaro nufuzi va ahamiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Mana shu nurafshon ayyomda uzoq-yaqin barcha davlatlarning xalqlariga, xorijiy doʻst va hamkorlarimizga ezgu tabrik va salomlarimizni yoʻllab, ularga tinchlik va ravnaq tilaymiz.

Qadrli otaxon va onaxonlar!

Muhtarama opa-singillar!

Hurmatli aka-ukalar!

Aziz farzandlarim – navqiron yoshlarimiz!

Qadimiy va goʻzal bayramimiz – Navroʻzi olam bilan barchangizni yana bir bor chin dildan tabriklayman.

Sharqona Yangi yilimiz har bir xonadonga, jonajon Oʻzbekistonimizga tinchlik-xotirjamlik, sogʻlik-omonlik, baxtu saodat hamda fayzu baraka olib kelsin!

Ilohim, jamiki ulugʻvor maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimiz roʻyobga chiqsin!

Vatanimiz yana-da obod, xalqimiz hayoti hamisha farovon boʻlsin!

Azizlarim, Navroʻzi olam barchamizga, butun xalqimizga qutlugʻ va muborak boʻlsin!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?