“Turon” va “Iqtidor”: tanlov gʻoliblari taqdirlandi

11:24 20 Iyun 2025 Jamiyat
137 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. “Turon” maktab teatri», “Iqtidor maktab ansambli” tanlovlarining respublika bosqichida Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan 28 ta jamoa ishtirok etdi.

Samarqand viloyat musiqali drama teatrida oʻtkazilgan “Turon” maktab teatri” tanlovining yakuniy bosqichida jamoalar “Bizning maktab” shartida oʻz maktabi yutuqlarini koʻrsatib berib, beshta savolga javob topgan boʻlsa, “Teatr — ibratxona” shartida turli sahna asarlaridan parcha namoyish qildi.

Samarqand shahridagi “Nurafshon” sanʼat saroyida “Iqtidor” maktab ansambli» tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi. Ushbu tanlovning tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 7-11-aprel kunlari 8 890 ta jamoa oʻrtasida, hududiy bosqichi 14-29-aprel kunlari 208 ta jamoa oʻrtasida tashkil etilgandi. Hal qiluvchi bosqichda 14 ta jamoa belgilangan shartlar asosida mahoratini koʻrsatdi.

Ikki tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi “Boqiy shahar” majmuasida boʻlib oʻtdi. Yakuniy natijalarga koʻra, Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 169-maktabning “Yangi Oʻzbekiston jadidlari” jamoasi “Turon” maktab teatri» tanlovining gʻolibi deb topildi. Turkiyaga taʼlim sayohatini amalga oshirish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

“Iqtidor maktab ansambli” tanlovida birinchi oʻrin Gʻijduvon tumanidagi 46-maktabning “Yosh havaskorlar” jamoasiga nasib etdi. Ular Ozarbayjonga taʼlim sayohatiga boradigan boʻldi. 2-3-oʻrinni qoʻlga kiritgan jamoalar ham tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tanlovlar davomida ishtirokchi-oʻquvchilar Samarqand shahridagi madaniy meros obyektlarini ziyorat qilish imkoniga ham ega boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?