Turkiyalik tadbirkorlar Fargʻonada Ekoshahar qurilishida ishtirok etadi

09:58 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
249 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, ayni kunlarda Fargʻona viloyati markazi – Fargʻona shahriga yondosh hududda 300 gektar maydonda 40 ming aholi istiqomat qilishiga moʻljallangan Ekoshahar bunyod etilmoqda.

Loyihaga koʻra, hududda meʼmoriy yechimga ega koʻp qavatli uylar, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, taʼlim va tibbiyot muassasalari, kichik sanoat zonasi tashkil etilyapti. Hozirda ushbu hududda kanal qazilib, manzarali daraxtlar alleyalari barpo etish hamda koʻp qavatli uylar qurilishi jadallik bilan olib borilayotir.

Quvonarlisi, Ekoshahar qurilishida mamlakatimiz tadbirkorlari qatori xorijlik investorlar ham faol ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Shu kunlarda Fargʻonaga tashrif buyurgan Turkiyaning Vatanım İnşaat kompaniyasi rahbari Ahmet Tunjay Sariaslan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan shu xususda suhbatlashdi. Uchrashuvda Vatanım İnşaat kompaniyasi tomonidan Ekoshahar hududida Turkiya arxitekturasi boʻyicha ishlangan koʻp qavatli turar-joylar loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Samimiy muloqotda Turkiyada ham mana shunday loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan Ahmet Tunjay Sariaslan va uning kompaniyasi Ekoshaharda 2 ta 25 qavatli bino qurishni rejalashtirayotganini, loyiha bilan joyida tanishgach, hamkorlik chora-tadbirlari belgilanishiga ishonch bildirdi.

Taʼkidlash joizki, Vatanım İnşaat Ekoshahar qurilishida ishtirok etadigan navbatdagi turk shirkatidir. Shu yil aprel oyida Turkiyaning “BTC Yapı A.Ş” kompaniyaci Fargʻonada oʻz filialini ochgan boʻlib, hozirda 18-25 qavatli binolar qurilishi loyihasini amalga oshirishga kirishgan. Shuningdek, Toshkent shahrida Oʻzbekistondagi eng baland bino boʻlishi kutilayotgan Nest One loyihasini hammuassislikda amalga oshirayotgan Özgüven Mimarlık ve İnşaat kompaniyasi ham Ekoshahar loyihasida ishtirok etishi boʻyicha hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?