Turkiyadagi “Oʻzbeklar qoʻnalgʻasi” haqida eshitganmisiz? (Fotoreportaj)

16:50 01 Aprel 2021 Jamiyat
721 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Shu kunlarda Turkiya mamlakatida pandemiyani jilovlash uchun karantin choralari biroz kuchaytirildi. Barcha davlat va jamoat tashkilotlari, mehmonxona va restoranlar, savdo maskanlarida aholi qattiq tekshiruvdan oʻtmoqda. Savdo uylari kechki payt soat 20:00 dan soʻng yopiladi. Barcha yuziga niqob taqib yurishi shart. Siz kim boʻlishingiz qatʼiy nazar qoʻlingizda ahvolingizni tasdiqlovchi HES code kod boʻlishi kerak. Shundagina siz Turkiyada bemalol harakatlana olasiz.

Biz bir guruh oʻzbekistonlik jurnalistlar Turkiya mamlakatining Oʻzbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm boʻlimi “Xavfsiz turizm” loyihasi asosida safarimizni davom ettirmoqdamiz.

Safarimizning ikkinchi kuni ham taassurotlarga boy boʻldi. Loyiha tashabbuskorlari bizni Turkiyaning qadimiy, nasroniy va islom dini uygʻunlashgan majmuasiga — Ayo Sofiya masjidiga olib bordi.

Manbalarda keltirilishicha, Ayo Sofiyaga nasroniylar imperatori Yustinian tomonidan asos solingan boʻlib, u 537-yil 27-dekabrda ochilgan. Ibodatxona nasroniylar dunyosidagi eng yirik cherkovlarning biri hisoblanardi. Usmonlilar imperiyasi tomonidan Konstantinopol egallanishi va Vizantiya imperiyasining qulashidan keyin, 1453 cherkov masjidga aylantirildi, biroq 1934-yilda hozirgi Turkiyaning asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning dekretiga binoan bino muzeyga aylantirilib, YUNESKOning butun jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan edi.

Oʻtgan 2020-yil 10-iyulda Turkiya hukumati tomonidan Ayo Sofiya masjidga aylantirildi. Garchi ikki din — nasroniy va islom dinining bir nuqtada birlashmasi boʻlgan bu meʼmoriy va tarixiy majmua endilikda asosan islom dini uchun xizmat qilayotgan boʻlsada sayyohlar oqimini kamaytira olmadi. Balki barcha din vakillari inson qoʻli bilan yaratilgan, buyuk moʻjizaviy majmuani koʻrish uchun har lahza oshiqib kelmoqda.
Yana bir Istanbulda mashhur boʻlgan Sulton Ahmad masjidi ham joylashgan. “Sulton Ahmad” masjidi, baʼzi manbalarda “Havorang masjid” deb ham yuritiladi. Masjid Sulton Ahmad I tomonidan 1609-1616-yillar oraligʻida bunyod etilgan.

Bu yerda bir vaqtning oʻzida 10 ming kishi namoz oʻqishi mumkin. Gumbazining balandligi 43 metr, aylanasi 23,5 metr. Oltita minorasi mavjud boʻlib, ularning uzunligi 64 metrdan iborat.
Oʻzbeklarni turklar bilan bogʻlaydigan jihatlar koʻp. Bu tarixiy birlik bilan birga avlodlar oʻrtasida doimiy oʻrnatilgan munosabatda ham koʻrish mumkin. Uskudardagi «Oʻzbeklar tekkesi», yaʼni “Oʻzbeklar qoʻnalgʻasi” buning yaqqol misoli.

Qadimdan ota-bobolarimiz Istanbul orqali Hajga borishni boshlaganlar. Yoʻllarda qoʻnalgʻalarda toʻxtab koʻzlangan manzil sari odimlagan. Manbalarda keltirilishicha, 1752-53 yillarda Uskudarda oʻzbek ziyoratchilari uchun maxsus «Oʻzbeklar tekkesi» — “Oʻzbeklar qoʻnalgʻasi” qurilgan. Ayni paytda ham oʻzbeklarga xos boʻlgan xususiyatlarni saqlanib, shu kungacha yetib kelgan bu majmuada bugun turk millatning yangi avlodi taʼlim tarbiya olib kelmoqda.

Fotoga muhrlangan tasvirlarda oʻzbeklarning udumi, hayot va yashash tarzi katta bir mamlakatning kichik bir dahasida saqlanib turganidan koʻngling gʻururga toʻladi.

Turkiya boʻylab sayohatimiz davom etmoqda.

Najmiddin Abdulazizov, jurnalist,

Hasan Paydoyev("Xalq so'zi") olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?