Turkiyada yuz bergan kuchli zilzila oqibatida qurbon boʻlganlar soni qariyb 3,5 ming kishiga yetdi

Foto: Reuters
Turkiya va Suriyada sodir boʻlgan 7,8 magnitudali zilzila oqibatida jami 5 ming nafarga yaqin odam halok boʻldi.
Shu yilning 6-fevral kuni erta tongda Turkiyaning janubi-sharqida, Suriya bilan chegaraga yaqin joyda sodir boʻlgan kuchli zilzila qurbonlari soni tez oʻsishda davom etmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Turkiyada halok boʻlganlar soni qariyb 3,5 ming kishiga yetgan, 20,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Suriyada qurbonlar soni 1,4 mingdan oshdi, 3,5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan mamlakatda bir haftalik motam eʼlon qildi.
Erdogʻan mamlakat nafaqat oʻz mintaqasida, balki dunyoda ham eng katta ofatlardan biriga duch kelganini aytdi.
“Ushbu zilzilalar shu kabi zilzilalar bilan solishtirganda juda katta hududda katta vayronagarchilikka olib keldi. Biz nafaqat respublika tarixidagi, jugʻrofiy oʻrnimizdagi, balki jahondagi eng katta ofatlardan biriga duch keldik”, dedi Erdogʻan.
Uning qayd etishicha, Turkiyada sodir boʻlgan ushbu yer silkinishlari umumiy aholisi 13 millionga yaqin boʻlgan 10 viloyatga taʼsir koʻrsatdi.
Shu oʻrinda, u hozirda mamlakatda qidiruv-qutqaruv ishlari jadal surʼatlar bilan davom etayotganini taʼkidladi.
Turkiyada yuz bergan zilzila oqibatida halok boʻlganlar orasida Oʻzbekiston fuqarosi borligi ham maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabariga koʻra, 7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlgan. Bundan tashqari, toʻrt nafar hamyurtimiz bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlogʻida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Kasbida bir yoʻla 5 ta yirik sanoat korxonasi barpo etilmoqda
- Ekologlar xulosasi: Yer maydonining 99 foizi xavfli zarralar bilan ifloslangan
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring