Turkiyada oʻzini koʻp qavatli binodan tashlagan qiz odam savdosi qurboni boʻlgan

20:15 30 Noyabr 2021 Jamiyat
912 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning fevral oyi boshlarida Turkiya davlatida koʻp qavatli uylardan birining derazasidan oʻzini tashlab vafot etgan oʻzbek qiz haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylangan edi. Oʻshanda oʻz joniga suiqasd qilish bilan bogʻliq turli taxminlar, qotillik degan daʼvolar ilgari surilgandi.

Respublikamiz huquqni muhofaza qiluvchi idoralari olib borgan qator tergov-surishtiruv ishlari natijasida marhum qiz odam savdosi jinoyatining qurboni boʻlganligi, ushbu jinoyatni asli qashqadaryolik, Toshkent shahrida istiqomat qilib, yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi xolasi tomonidan amalga oshirilganligi fosh etildi.

Jinoyat ishi joriy yilning 23-sentyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudining S. Boltayev raisligidagi ochiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Sudda marhum (Buxoro viloyatidan) xolasi bilan 2020-yilning 25-oktyabr kuni savdo-sotiq uchun tovar olib kelish niyatida Turkiya mamlakatiga chiqib ketganligi, 7,5 ming AQSH dollari miqdoridagi kiyim-kechak mollari evaziga xolasi qizni garovga qoldirib kelganligi rad etib boʻlmas vajlar bilan oʻz tasdigʻini topdi.

Sud hayʼati, sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakili va guvohlarning koʻrsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini oʻrganib chiqib va ishda mavjud boʻlgan dalillarga baho berib, qizning xolasini Oʻzbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topdi va unga shu modda bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

— Jazoni tayinlashda sud hayʼati sudlanuvchining yolgʻiz ayol sifatida 5 nafar farzandi borligi, muqaddam sudlanmaganligi va qilmishidan pushaymonligi kabi omillarni inobatga oldi, — deydi sudga raislik qilgan S. Boltayev.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?