Turkiya qirgʻoqlarida choʻkib ketgan 3500-yillik tarixga ega kemadan Oʻzbekistondan qazib olingan qalay topildi

03:19 01 Dekabr 2022 Jamiyat
675 0

Foto: Texas A&M University

Arxeologlar choʻkib ketgan Uluburun kemasida qalayning kelib chiqishini aniqlashdi. Bu haqda Sent-Luisdagi Vashington universiteti matbuot xizmati xabar berdi.

Uluburun kemasi — Finikiya savdo kemasi boʻlib, miloddan avvalgi XIV asrda Anadolu qirgʻogʻi yaqinida hozirgi Qosh shahrining janubi-sharqida choʻkib ketgan. U 1982-yilda topilgan va bu savdo hamda navigatsiya tarixidagi mutaxassislar uchun haqiqiy yutuq boʻlgan. Kema uzunligi 15 metrni tashkil etib, u 20 tonna yukni tashishga qodir boʻlgan.

Cent-Luisdagi Vashington universiteti ilmiy xodimi Maykl Frachetti va uning hamkasblari kema olib ketayotgan qalay qayerda qazib olinganini aniqlashga kirishgan. Buning uchun ular qalayning izotopik tarkibini tahlil qilishga qaror qilishadi. Yaʼni har bir metall konida turli xil izotoplarning oʻziga xos kombinatsiyasi mavjud boʻlib, bu orqali ruda qayerdan qazib olinganligini bilib olish mumkin. 

Soʻnggi ikki oʻn yillikda olimlar butun dunyo boʻylab qalay konlarining izotopik tarkibi, shuningdek, izotopik tarkibning shakllanishining tabiiy mexanizmlari haqida maʼlumot toʻplaganlar.

Maʼlum boʻlishicha, qalayning uchdan ikki qismi Turkiya hududida joylashgan Kestel konidan, uchdan bir qismi esa Oʻzbekistondagi Mushiston konida qazib olingan. Bu miloddan avvalgi XV asrda minglab kilometrlarga choʻzilgan rivojlangan savdo tarmogʻining mavjudligidan dalolat beradi.

“Qalay izlash oʻtmishda davlatlar uchun katta muammo edi. Mutaxassislar bronza davrining buyuk imperiyalari qalayning nisbiy kamligini hisobga olib, bronzaga boʻlgan katta talablarini qanday qondirgani bilan uzoq vaqtdan beri qiziqib kelishgan”, deya tushuntiradi tadqiqot mualliflari. Endi olimlarning bu masalaga javobi bor — xomashyoni uzoqdan olib kelish mumkin boʻlgan.

Qalay bronzaning asosiy tarkibiy qismi boʻlgan va undan uy-roʻzgʻor buyumlari, qurol-yarogʻ va himoya vositalari yasashda foydalanilgan. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер